Jahon matbuoti sharhi

Jahon matbuoti sharhi

Yuanning mustahkamlanishi Xitoy eksportchilari foydasini kamaytirmoqda (Reuters)

Yil boshidan buyon yuanning AQSh dollariga nisbatan 5 foizga, yevroga nisbatan esa 9 foizga mustahkamlanganiga qaramay, Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari Xitoy valyutasi hali ham sezilarli darajada past baholangan deb hisoblamoqda. XVJ baholashicha, yuanning real samarali almashuv kursi muvozanat darajasidan 17,3-25,3 foizga past.

Yuanning mustahkamlanishi Xitoy eksportchilarining rentabelligini pasaytirmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, Xitoy kompaniyalari har 100 dollar tushumdan o‘rtacha 4,9 dollar sof foyda oladi. Xorijiy raqobatchilarda esa bu ko‘rsatkich 8,9 dollarni tashkil etadi. Fransiyaning Natixis moliyaviy guruhi baholashicha, quyosh va shamol energetikasi, elektromobillar, akkumulyatorlar hamda yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarishda rentabellik atigi 2 foizni tashkil etgan.

Xitoy Xalq banki yuanning mustahkamlanishini cheklash choralarini ko‘rmoqda. Goldman Sachs prognozlariga ko‘ra, yuanning yanada qimmatlashishi Xitoy eksportining raqobatbardoshligini pasaytirishi va sanoat sohasida bandlikka salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Ispaniya qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish hisobiga 26 mlrd dollar tejadi (IEA)

Xalqaro energetika agentligi (IEA) ma’lumotlariga ko‘ra, Ispaniya 2011-2024 yillarda quyosh va shamol energetikasini rivojlantirish hisobiga tabiiy gaz importi xarajatlarini 26 mlrd dollarga qisqartirdi.

So‘nggi 10 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarining o‘rnatilgan quvvati 2 barobardan ziyodga oshib, 119 GVtga yetdi. Issiqxona gazlari chiqindilari esa 20 foizga kamaydi. Qayta tiklanuvchi energetikaning rivojlanishi elektr energiyasining ulgurji narxlarini pasaytirdi va mamlakatning jahon bozoridagi yoqilg‘i narxlari o‘zgarishiga bog‘liqligini kamaytirdi.

IEA Ispaniyaga sanoat korxonalari va aholining elektr energiyasidan foydalanishini rag‘batlantirish maqsadida elektr energiyasiga soliqlarni kamaytirish, energiyani saqlash quvvatlarini kengaytirish hamda amaldagi yadro reaktorlaridan foydalanish muddatini uzaytirish imkoniyatini ko‘rib chiqishni tavsiya etmoqda. Ispaniya 2035 yilgacha mamlakatdagi barcha beshta atom elektr stansiyasini yopishni rejalashtirgan.

Xitoy xorijda faoliyat yuritayotgan kompaniyalarga nisbatan korrupsiyaga qarshi talablarni kuchaytirmoqda (Xinhua)

Xitoy transchegaraviy korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi yangi qonunni qabul qildi. Qonun xorijda faoliyat yuritayotgan Xitoy kompaniyalari ustidan nazoratni kuchaytirish va korrupsiyaga oid jinoyatlarni tergov qilishda xalqaro hamkorlikni kengaytirishni nazarda tutadi.

Qonunga muvofiq, kompaniyalar korrupsiya xavfi darajasidan kelib chiqib, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘linmalarini tashkil etishi va mas’ul xodimlarni tayinlashi shart. Shuningdek, xorijdagi qidiruvda bo‘lgan shaxslarni aniqlash, noqonuniy ravishda chet elga olib chiqilgan aktivlarni qaytarish va tijorat sirlarini himoya qilish choralari belgilangan.

2025 yilda Xitoyda transchegaraviy korrupsiyaga oid 505 ta ish tergov qilingan, xorijdan qidiruvda bo‘lgan 963 nafar shaxs qaytarilgan. 2025 yil yakuniga ko‘ra, Xitoy investorlari 190 ta mamlakatda 50 mingdan ortiq korxona tashkil etgan.

Mikrosxemalarni ilg‘or yig‘ish texnologiyalariga investitsiyalar 2026 yilda 28 mlrd dollarga yetadi (Reuters)

Sun’iy intellekt protsessorlariga talabning ortishi mikrosxemalarni ilg‘or yig‘ish texnologiyalariga investitsiyalarni oshirmoqda. Ushbu texnologiya asosida protsessorlar va xotira chiplari yagona yuqori unumdor modulga jamlanadi. Bu ma’lumotlarni qayta ishlash tezligini va hisoblash samaradorligini oshiradi.

Prognozlarga ko‘ra, 2026 yilda ushbu sohaga kapital qo‘yilmalar 28 mlrd dollarni tashkil etadi. Ilg‘or yig‘ish texnologiyalaridan olinadigan daromad ilk bor mikrosxemalarni an’anaviy yig‘ish segmenti daromadidan oshishi kutilmoqda.

Bozorda Tayvanning TSMC kompaniyasi yetakchilik qilmoqda. Nvidia Tayvanning SPIL kompaniyasi ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirishga investitsiya kiritmoqda. Powertech Technology Singapurda yangi ishlab chiqarish korxonasini tashkil etish uchun 400 mln dollar sarmoya yo‘naltirmoqda. Korxonani 2028 yilda ishga tushirish rejalashtirilgan. AMD esa Tayvanning yarimo‘tkazgichlar sanoatiga, jumladan, mikrosxemalarni ilg‘or yig‘ish texnologiyalariga 10 mlrd dollar investitsiya kiritishini e’lon qildi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar