Milliy hunarmandchiligimiz – tadbirkorlik qilish uchun ulkan imkoniyatlar manbai

Milliy hunarmandchiligimiz – tadbirkorlik qilish uchun ulkan imkoniyatlar manbai

Tadbirkorning tashrif qog‘ozi

O‘zbek milliy liboslari, ayollar sumkalari va qo‘g‘irchoqlari bilan ko‘pchilikka tanilgan va o‘ziga xos maktab yaratgan tadbirkor Sadoqat Mirzayeva Farg‘ona tumanining go‘zal Vodil qishlog‘ida tug‘ilgan. Otasi Alisher Mirzayev va onasi Saodatxon Ahmedovalarning kasbi shifokor bo‘lgan. Onasi Saodatxon opa uzoq yillar tuman hokimligi xotin-qizlar qo‘mitasi raisi vazifasida ham faoliyat ko‘rsatgan.

Sadoqat Mirzayeva mehnat faoliyatini 2002 yilda Farg‘ona tumani bolalar poliklinikasida hamshira sifatida boshlagan. Farg‘ona davlat universitetida bakalavriat va magistraturada tahsil olgan. 2013-2022 yillarda Farg‘ona tumani 20-o‘rta ta’lim maktabi texnologiya fani o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan.

2013 yildan milliy hunarmandchilik bilan shug‘ullana boshlagan. 2021 yilda “ART HOUSE SADOSH” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga asos solgan. Asosan bolalar uchun ekologik toza, zamonaviy hamda milliy uslubdagi qo‘g‘irchoq va o‘yinchoqlar tayyorlab keladi.

Katta o‘g‘li Samandar korxonada onasi bilan huquqshunos bo‘lib ishlaydi. Yana bir o‘g‘li Hasanboy British Management University’da, qizi Zuhraxon esa Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutida o‘qimoqda.

Sadoqat Mirzayeva Farg‘ona tuman Kengashi deputati sifatida ham faoliyat ko‘rsatadi. “Tashabbus”, “Yilning eng yaxshi tadbirkor ayoli”, “Yil ayoli” nominatsiyalari bo‘yicha nafaqat Farg‘ona tumani, balki viloyatda ham g‘oliblikka erishgan.

2023 yilda “Shuhrat” medali hamda “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan. Markaziy Osiyo hunarmand ayollari raqamli katalogidan joy olgan. Xuddi shu yil O‘zbekiston Respublikasi xalq amaliy san’ati ustalarining milliy katalogiga ham kiritilgan.

Oldin Farg‘ona tumani bolalar poliklinikasida hamshira, o‘rta maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlagansiz. Qanday qilib hunarmandchilikka o‘tib ketgansiz? Buning sababi nimada?

– Men bolaligimdan tikish-to‘qishga qiziqardim. Shu qiziqishim sabab 9-sinfda o‘qib yurganimda onam meni o‘sha davrdagi mashhur o‘quv markazlaridan biriga bergandilar. Eng kichkina o‘quvchi bo‘lganim uchun markaz rahbari, “qizingiz juda yosh, o‘zlashtirishi qiyin bo‘ladi. Hozir yozgi ta’tilda har kuni kelaversin, kun bo‘yi shu yerda yurib, ko‘rib, barcha mashg‘ulotlarda qatnashib ko‘proq hunar o‘rganadi”, degandi.

Shunday qilib, menda nafaqat birgina yo‘nalish, balki boshqa yo‘nalishlarni ham o‘rganish imkoni bo‘lgan. Shuning uchun tikish, bichish, to‘qish, gullar yasash, biser tikishni yaxshi bilaman. O‘sha vaqtlarda yosh bo‘lishimga qaramay dugonalarimga, qo‘ni-qo‘shni, yaqinlarimga liboslar, kelinlarning sepiga burmali yostiqlar va turli bezaklar tikib berardim. O‘sha o‘quv markazi men uchun boshlang‘ich baza bo‘ldi va hozirda katta korxona rahbari darajasiga erishishimga katta yordam bergan, deb hisoblayman. Shu hunarim sabab ko‘plab davlatlarda xalqaro ko‘rgazma va forumlarda ishtirok etib kelmoqdaman.

Hozirgi kasbimni topgunimga qadar boshqa sohalarda ham ishlab ko‘rdim. Lekin bolalikda o‘rgangan kasbim hamisha o‘ziga chorlayverardi.

O‘rta maktabga biologiya fani o‘qituvchisi bo‘lib ishga kirdim. Maktablarda avvallari mehnat darsi bo‘lardi, hozir u texnologiya faniga o‘zgartirilgan. Men maktabga ishga kirgan yillari o‘sha fandan o‘qituvchi yetishmagan va shu sabab vaqtincha bu fanni men o‘qitadigan bo‘lganman. Lekin vaqtincha deyilgan holat ko‘p yillarga cho‘zilib ketdi. Albatta, biologiya fani o‘qituvchisining texnologiyadan dars berishi ko‘pchilikda savoluyg‘otgan. Shu sabab ikkinchi mutaxassisligim bo‘yicha texnologiya fani o‘qituvchisi bo‘lish uchun ham o‘qidim. O‘n yilcha 20-maktabda ishladim.

Darsimizda qo‘g‘irchoq yasash mavzusi bor edi. O‘quvchilarimga yangi texnologiyada qo‘g‘irchoq tikishni o‘rgatish maqsadida, ijtimoiy tarmoqlar orqali oddiy ip va ilgak (kryuchok)da to‘qiladigan o‘yinchoqlarni ko‘rib qolganman. Rasmiga qarab, avval, o‘zim to‘qib ko‘rganman. Juda chiroyli chiqqan.

Uni ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarimga joyladim. Bu suratlar odamlarning qiziqishini uyg‘otib, birdaniga buyurtmalar berila boshlangan.

O‘quvchilarimga yangilik o‘rgatish, shunchaki qiziqish bilan boshlangan ish katta biznesga aylanib ketgan. Shundan so‘ng menga ishchilar, shogirdlar kerak bo‘la boshladi. Atrofimdan to‘quvchilikdan xabari bor ayollarni topib, ular bilan ishlay boshladim va shogirdlar tayyorlashga kirishdim.

Shu tariqa milliy hunarmandchilik sohasiga kirib keldim. Bu ishdan asosiy maqsadim, milliy qadriyatlarimizga aylanib borayotgan hunarmandchilikni saqlab qolish va kelgusi avlodlarga yetkazish, shuningdek, ishsiz xotin-qizlarga hunar o‘rgatib, ish bilan ta’minlab, jamiyatda o‘z o‘rnini topishlariga ko‘maklashishdan iborat.

Biznesingiz rivojiga mamlakatimizda yaratilgan imtiyozlar, qo‘llab-quvvatlash va sharoitlar yordam berdimi? Shu haqida gapirib bersangiz.

– Prezidentimizning tadbirkorlikni rivojlantirish borasida olib borayotgan odilona siyosati mamlakatimiz xotin-qizlariga hunarmandchilikni boshlash va uni rivojlantirishga juda katta imkoniyatlar yaratib berdi. Davlatimiz rahbari tomonidan hunarmandchilikni rivojlantirish, uni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash borasida qabul qilingan qator farmon, qaror va chora-tadbirlar, jumladan, u kishining an’anaga aylangan har yilgi tadbirkorlar bilan uchrashuvlariga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish vaqtida biz uchun juda katta imtiyoz va qo‘llab-quvvatlash vositalari ishga tushirilmoqda.

Bu borada, ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”, “Aholini hunarmandchilikka jalb qilish va hunarmandchilik faoliyatini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlari, “Hunarmandchilik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari sohani rivojlantirish uchun juda katta ahamiyatga ega bo‘ldi.

Mazkur hujjatlarda hunarmandchilik sohasini rivojlantirish va uni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash uchun ulkan chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Natijada, bugun o‘zbek hunarmandi soha bilan shug‘ullanish uchun juda katta imkoniyatlarga ega bo‘ldi. Masalan, hunarmandchilikka o‘qitish, joy bilan ta’minlash, imtiyozli kredit olish kabi masalalarda qulay sharoitlar yaratib berildi.

Buni o‘z misolimda tushuntirib bermoqchiman. 2016 yilda hunarmandlar uyushmasiga a’zo bo‘ldim. 2021 yilda Farg‘ona tumani hokimligi ko‘magida menga Shohimardonobod mahallasida joylashgan bo‘sh bino berildi. U yerda birinchi nodavlat o‘quv markazimni ochib, “ayollar daftari”dagi hamda nogironligi bo‘lgan ayollarni o‘qitib, ish bilan ta’minlashni boshladim.

Hozirgi kunda birgina Farg‘ona tumanidagi xotin-qizlarga ish beribgina qolmasdan qo‘shni viloyatlarga, Parkent tumanida, Andijonning Oltinko‘l tumanida hamda Marg‘ilon shahrida bir necha ayollarni ish bilan ta’minlab kelmoqdaman. Markazimizda xotin-qizlar 3 oy davomida turli kasb-hunarlarga o‘qitiladi. Keyin esa ishlashni istagan va iste’dodli o‘quvchilarimizni kasanachi yo doimiy ishchi qilib olib qolamiz.

Prezidentimiz, “Qaysiki oilada ayol bilimli, ilmli, hunarli va eng asosiysi baxtli bo‘lsa, ana shu jamiyat ravnaq topadi”, deganlar. Shu so‘zlardan ilhomlanib, men ham qaysidir ma’noda ayollarni baxtli bo‘lishiga hissamni qo‘shishni niyat qilganman.

Tadbirkorligimning rivojlanish davri pandemiya vaqtiga to‘g‘ri kelib qoldi. Shuning uchun mahsulotlarimni onlayn tarzda sotishni boshlaganman. Bu ishning “plyus” tomonlari ko‘p bo‘lgan. Masalan, uyda o‘tirib qolgan ko‘plab ayol-qizlar hunarimni o‘rgatishimni so‘rab, murojaat etishardi. Shunda o‘g‘lim videoga olardi, men turli master-klasslar tayyorlab, viloyatlardagi yuzlab qizlarga yuborardim. Pandemiyadan chiqqan paytim mahsulotlarimga talab ko‘payib ketganda o‘sha qizlar bilan hamkorlikda ishlay boshladim.

– Biznesingizning hozirgi holati haqida axborot bering. Qanday mahsulotlar ishlab chiqarasiz? Ularni qayerlarda sotasiz? Qanday loyihalarni amalga oshirdingiz, ular mintaqaga va iste’molchilarga nima berdi?

– Mening “ART HOUSE SADOSH” korxonamda asosan ekologik yumshoq o‘yinchoqlar, ayollar uchun milliy va zamonaviy turdagi ekologik sumkalar hamda o‘zbek milliy matolari: atlas, adras va a’lo baxmaldan milliy liboslar va esdalik buyumlari ishlab chiqariladi.

Har bir ota-ona farzandining bolaligi yorqin va baxtli bo‘lishi uchun ularni o‘yinchoqlar bilan xursand qilishga intiladi. Men qaysi davlatda, qaysi ko‘rgazmada ishtirok etmay, u yerda hech kim quruq qo‘l bilan ketganini ko‘rmaganman. Hech bo‘lmaganda, bittagina farzandi uchun o‘yinchoq olardi. Boshqa mahsulot ishlab chiqaradiganlardan ko‘ra mening o‘yinchoqlarim xaridorgir bo‘lardi. Shuning uchun ham o‘yinchoq savdosi yaxshi biznes, deb o‘ylayman. Shuningdek, milliy sumkalarimiz, milliy liboslarimiz ham xaridorgir. Sumkalarimizni xaridor talabiga ko‘ra, charm va turli matolardan tikamiz. Aksariyati a’lo baxmal, ya’ni yuz foiz ipakli bo‘ladi. Hozirda dunyoning ko‘plab davlatlariga eksport qilyapmiz, shuningdek, mashhur brendlar buyurtmasiga asosan ham tikib beramiz.

Biz ishlab chiqarayotgan mahsulotlarga talab juda katta. Shu bois ishlab chiqarish hajmimiz tobora oshib bormoqda. Masalan, 2022 yilda 2 mlrd. so‘mlik mahsulot sotgan bo‘lsak, 2023 yilda bu raqam 3 mlrd. so‘mga, 2024 yilda esa 4 mlrd. so‘mga yetdi. 2025 yilda bu ko‘rsatkich 6 mlrd. so‘mdan oshdi.

Bolajonlar shodligi va ularning quvonchi bo‘lgan qo‘g‘irchoqlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratamiz. Bizning qo‘g‘irchoq va o‘yinchoqlarimiz ekologik toza va yumshoq materiallardan yasaladi. Shuning uchun ularga xorijiy davlatlarda ham talab katta. 2023 yil KIA motors kompaniyasiga yil davomida KIA brendi bilan 1,5 mlrd. so‘mlik yumshoq o‘yinchoqlar yetkazib berdik.

Moskva shahriga yiliga 10000-20000 dollarlik ayollar sumkasi, Qozon va Sankt-Peterburg shaharlariga ham yiliga 40000-50000 dollarlik milliy liboslar va ayollar sumkalari eksport qilyapmiz.

2023 yil mart oyida AQSh davlatining USAID agentligi tomonidan milliy hunarmandchilikni rivojlantirish yo‘nalishida 20.000 AQSh dollari qiymatidagi grant loyihasi g‘olibi bo‘ldim. Bu grant mening yanada rivojlanishimga va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishimga imkoniyat berdi.

Mahsulotlarimiz O‘zbekistonning turli viloyatlariga sotiladi. Juda ko‘plab maktabgacha ta’lim muassasalarini, turistik markazlarni milliy liboslar, qo‘g‘irchoq va o‘yinchoqlar bilan ta’minlab kelmoqdamiz. Shuningdek, Hindiston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Rossiyaning bir necha viloyatlariga buyurtma asosida o‘z mahsulotlarimizni tayyorlab yetkazib bermoqdamiz va xalqaro onlayn platformalar orqali qo‘g‘irchoq va o‘yinchoqlar turli davlatlarga sotilmoqda.

Siz nechta yangi ish o‘rni yaratdingiz? Jumladan, jamoangizda qancha odam ishlaydi va daromad darajasi qanday? Ularga boshqa yordamlar ham ko‘rsatasizmi?

– Ayni paytda korxonada 40 nafar xotin-qiz doimiy va 100 nafar ayol kasanachilik asosida ishlab kelmoqda. Ulardan 13 nafari imkoniyati cheklangan shaxslar toifasiga kiradi.

Bundan tashqari, 500 dan ortiq ishsiz xotin-qizni milliy qo‘g‘irchoq yasash, tikuvchilik, to‘quvchilik, kashtado‘zlik va milliy liboslar tikish kasblariga o‘qitdim hamda ularni mustaqil ish boshlab o‘zlarini bandligini ta’minlashga erishdim.

Hunarmandchilik orqali joylarda aholini tadbirkorlikka jalb qilish, bu orqali yangi ish o‘rinlarini yaratish, ishsiz xotin-qizlarimizni munosib ish bilan ta’minlash, o‘z mehnati bilan daromad topish istagida bo‘lgan fuqarolarga amaliy yordam ko‘rsatishda ham qator ishlarni amalga oshirmoqdaman.

Korxonada xodimlar bajargan ishlarining miqdori va sifatiga qarab, 2 mln. so‘mdan 7 mln. so‘mgacha maosh olishadi.

Biznesingizning ijtimoiy ahamiyati haqida gapirib bersangiz. Ehtiyojmand oilalarni ham qo‘llab-quvvatlaysizmi?

– Tadbirkorligimning ijtimoiy ahamiyati juda katta. Avvalo, u milliy hunarmandchiligimiz asosiga qurilgan, ya’ni milliy qadriyatlarimiz, an’analarimiz, matolarimiz bilan bog‘liq bo‘lganligi uchun ularni ishlatish va saqlab qolishga xizmat qiladi. Milliy libos tikish, qo‘g‘irchoq yoki o‘yinchoq yasashning ko‘pchilikning esidan chiqib ketgan qadimiy usullaridan birini xalqimiz ichida kimdir avaylab-asrab saqlab kelayotgan holatlar uchrab turadi. Biz bunday ayollar bilan darhol uchrashamiz va uning hunarini ko‘pchilikka yetkazish uchun birgalikda harakat qilamiz.

Milliy hunarmandchiligimiz namunalarini xorijiy davlatlarda namoyish etamiz. Shu yo‘l bilan boshqa xalqlarni qadimiy an’analarimiz bilan tanishtiramiz.

Jumladan, 2016-2025 yillar davomida Marg‘ilon shahrida o‘tkazib kelinadigan xalqaro “ATLAS BAYRAMI” festivali, 2019 yildan boshlab Qo‘qon shahrida o‘tkazib kelinayotgan xalqaro hunarmandlar festivali, 2022-2025 yillar davomida Buxoro shahrida tashkil etilgan “INTERNATIONAL GOLD EMBROIDERY ART FESTIVAL” xalqaro festivali, 2022 yil oktyabr oyida Turkiyaning “CRAFT FEIR ISTANBUL” xalqaro festivali, 2022-2025 Toshkent shahrida o‘tkazilgan “CRAFT FEIR UZBEKISTAN” kabi xalqaro festivallarda qatnashib kelaman.

Hunarmandchilik bo‘yicha xorijda o‘tkaziladigan festivallar va ko‘riklarda ham qatnashaman. Jumladan, har yili yanvar-fevral oyida Hindistonning Lakxnau shahrida o‘tkaziladigan “SANATKADA MAHINDRA” an’anaviy hunarmandchilik festivalida hamda Xariyana shtati Faridabad shahridagi “SURAJKAND INTERNATIONAL GRAFTS MELA” festivallarida ishtirok etib, milliy qadriyatlarimizga aylanib borayotgan o‘zbek hunarmandchiligini boshqa xalqlarga ham namoyish qilib kelmoqdaman.

Farg‘ona tumanidagi Shohimardonobod mahallasi guzarida tashkil etilgan hunarmandlar markazida xotin-qizlarga hunar o‘rgatishni yo‘lga qo‘yganman. Bu yerda yiliga yuzlab xotin-qizlar kasb o‘rganishmoqda. Bugun O‘zbekistonning barcha viloyatlarida yuzlab shogirdim bor.

Kam ta’minlangan, “Ayollar daftari”da ro‘yxatga olingan va nogironligi bor xotin-qizlarga hunar o‘rgatib, 100 dan ziyod ayolni ish bilan ta’minladim. Bundan tashqari, xotin-qizlar faollari tomonidan markazimizga yuborilayotgan barcha ayollarni bepul kasb-hunarga o‘qitamiz.

Men “Shohimardonobod”, “Toshqo‘rg‘on Aziz”, Yuksalish, Novkent MFY hududlaridagi kam ta’minlangan, nogironligi bo‘lgan va yolg‘iz fuqarolardan Mustaqillik, Yangi yil, Navro‘z, Hayit bayramlarida oziq-ovqat mahsulotlari hamda sovg‘alar bilan borib, xabar olaman.

Qo‘qon jahon hunarmandchiligining yirik markazlaridan biri hisoblanadi. Unda 2019 yildan beri xalqaro hunarmandchilik festivali o‘tkazib kelinmoqda. Jumladan, 2025 yilning 21-23 sentyabr kunlari Xalqaro hunarmandchilik festivalining uchinchisi o‘tkazildi. Siz mazkur anjumanning ahamiyatini qanday baholaysiz va unda qay darajada ishtirok etyapsiz?

– Prezidentimizning tashabbuslari 2018 yil 1 noyabrda imzolangan “Xalqaro hunarmandchilik festivalini o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori bilan jahon hunarmandchiligining yirik markazlaridan biri bo‘lgan Qo‘qon shahrida 2019 yildan boshlab har ikki yilda Xalqaro hunarmandchilik festivali va uning doirasida “Hunarmandchilik va xalq amaliy san’atini rivojlantirish istiqbollari” mavzuidagi ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazib kelinmoqda.

Mazkur festival xalqimizning qadimiy tarixi va madaniy hayotini har tomonlama keng yoritish, nomoddiy madaniy merosimiz bo‘lgan ko‘p qirrali o‘zbek milliy hunarmandchiligini keng namoyish qilish, uning noyob namunalarini targ‘ib etish, shuningdek, ushbu yo‘nalishda o‘zaro tajriba almashish orqali turli xalqlar o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik rishtalarini yanada mustahkamlash, madaniy-gumanitar aloqalarni xalqaro miqyosda kuchaytirish, avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan kasbiy an’analar va hunarmandchilik maktablarini saqlash hamda qayta tiklash maqsadida o‘tkazilmoqda.

2019 yili 10-15 sentyabr kunlari YuNESKO shafeligida o‘tkazilgan birinchi Xalqaro hunarmandchilik festivalida Jahon hunarmandlar tashkiloti tomonidan Qo‘qon shahriga “Jahon hunarmandlari shahri” maqomi berildi.

Keyinroq Xalqaro hunarmandchilik festivali bilan birgalikda Rishtonda Xalqaro kulolchilik forumini o‘tkazishga qaror qilindi. Jumladan, 2025 yil 19-21 sentyabr kunlari Rishtonda ikkinchi Xalqaro kulolchilik forumi o‘tkazildi.

Qo‘qonda festival, Rishtonda forum o‘tkazilishi mamlakatimiz va jahon hunarmandchiligi va kulolchiligi taraqqiyoti uchun ulkan ahamiyatga ega voqea hisoblanadi. Unda bu soha rivojlangan jahonning 70 dan ortiq davlatidan yuzlab taniqli mutaxassis tashrif buyuradi.

Ular o‘zaro muloqot qilishadi, tajriba almashishadi, bir-birlarining yutuqlari bilan tanishishadi. Mahoratli hunarmand-ustalar va mashhur kulollar ishtirokida ilmiy-amaliy mashg‘ulotlar, “master-klass”, ya’ni mahorat darslari o‘tkaziladi. Yosh hunarmand va kulollar uchun ijodiy uchrashuvlar tashkil etiladi.

Men Qo‘qon hunarmandlar festivalida faol ishtirok etib kelyapman. Festivalda o‘zimiz tayyorlagan milliy hunarmandchilik mahsulotlarini namoyish etamiz. Ushbu festivalga dunyoning ko‘plab davlatlaridan hunarmandlar tashrif buyurishadi. Mazkur anjumanda nafaqat o‘z mahsulotimizni sotish va namoyish qilish bilan shug‘ullanamiz, balki o‘zga davlatlardan kelgan hunarmandlar bilan tajriba ham almashamiz.

Yuqorida xorij davlatlarida ham festival va ko‘rgazmalarda qatnashishingiz haqida aytdingiz. Ulardan olgan taassurotlaringiz va qanday natijalarga erishganligingiz haqida ham gapirib bersangiz.

– Bu savolingizga javobni Hindistonda qatnashgan ko‘rgazmam misolida hikoya qilib bersam, ko‘pchilik uchun tushunarliroq bo‘ladi, deb o‘ylayman. Hindistoning Lakxnau shahrida Sandakada Maxindra milliy hunarmandchilik ko‘rgazmasi bo‘lib, ushbu ko‘rgazma faqat hind hunarmandlari uchun tashkil etilgan.

Mazkur ko‘rgazma tashkilotchilari 2023 yil o‘tkazilgan navbatdagi hunarmandchilik ko‘rgazmasiga o‘zbek hunarmandlarini taklif etishdi. Bunga sabab hind xalqining o‘zbek milliy hunarmandchilik mahsulotlariga katta qiziqishi sabab bo‘lgan. Ushbu ko‘rgazmada bir nechta o‘zbek hunarmandlari qatnashdik va milliy brendlarimizni namoyish etdik.

O‘zbek hunarmandlarining milliy hunarmandchilik mahsulotlari hind xalqida juda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Bilamizki, Hindiston hunarmandchilik sanoati bilan dunyoga mashhur. Sayyohlar Hindistonning shovqinli va gavjum bozorlarida o‘zlarini yo‘qotishlari odatiy hol. Dehli, Bangalor, Lakxnau, Jaypur, Kashmir va shunga o‘xshash boshqa shaharlar bozorlari hunarmandchilik mahsulotlari bilan to‘lib toshgan.

Men u yerga olib borgan milliy qadriyatlarimizga asoslangan sehrli qo‘g‘irchoqlar barcha ishtirokchilar hayratiga sabab bo‘ldi. Shu hunarim sabab Hindistonda juda ko‘p do‘stlar orttirdim.

Masalan, 2022 yilda u yerda tanishib do‘stlashgan dugonalarimdan biri Madxu Jain – hindistonlik mashhur dizayner ayol. U ko‘plab taniqli hind san’atkorlariga va mashhur insonlarga liboslar yaratadi. Katta podiumlarda milliy liboslar kolleksiyasini namoyish etib keladi. Madxu Jain bilan tanishib, suhbatlashib, undan a’lo baxmaldan tikilgan milliy sumkalarga buyurtma oldim va bir necha yillardan buyon unga sumkalar tayyorlab yetkazib beryapman. Demak, shu orqali bizning milliy brendlarimiz Hindistonning mashhur insonlari qo‘liga ham yetib boryapti.

Hindistonning Xariyana shtatida har yili bo‘lib o‘tadigan Surajkund Crafts Mela xalqaro festivalida ham bir necha yildan beri faol ishtirok etib kelaman.

2024 yilda esa Hindistonning Xariyana shtati Krukshetra shahrida “Gita Maxotsav” xalqaro madaniyat va san’at festivalida o‘zbekistonlik 26 ta hunarmand o‘z mahsulotlarimiz bilan ishtirok etdik. Ushbu festivalda O‘zbekiston birinchi marta ishtirok etgani sababli Krukshetra xalqi hunarmandlarni iliq munosabat va katta qiziqish bilan qarshi oldilar.

Hindistonda do‘stlashgan qator nufuzli hunarmandlar Qo‘qon festivalida faol ishtirok etishmoqda.

Kyelgusida qanday loyihalarni ishlab chiqyapsiz yoki rejalashtiryapsiz?

– Mamlakatimizda hunarmandchilikni rivojlantirish bo‘yicha davlat tomonidan o‘ta qulay sharoitlar yaratib berilmoqda. Festival va forumga kelgan hamkasblarimiz ham bu haqida juda yaxshi ijobiy fikrlar bildirishmoqda.

Ana shunday sharoitda men ham hunarmandchilikni yanada rivojlantirish uchun qator rejalar tuzganman.

Shu bois o‘z korxonamda, “Rahbar ayollar maktabi” va internet orqali onlayn tarzda hunarmandchilik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan xotin-qizlarga berayotgan yordamim miqyosini yanada kengaytirishni reja qilyapman. Chunki “Rahbar ayollar maktabi”da ko‘zlari chaqnab turgan lider ayollarni ko‘rib, juda xursand bo‘laman. Prezidentimiz tashabbuslari bilan shunday maktab ochilganki, u yerda kelgusida yetuk boshqaruvchi bo‘ladigan ayollar tarbiyalanyapti.

O‘zbek milliy liboslari o‘zining betakror go‘zalligi, rang-barangligi va xalq hunarmandchiligining yuksak mahorati uyg‘unligi bilan ajralib turadi. Barqut matosidan tayyorlangan nafis kiyimlar milliy an’analar va zamonaviy uslubni mukammal birlashtirgan.

Mehr va did bilan yaratilayotgan hunarmandchilik mahsulotlari bois qadriyatlarimiz qayta tug‘ildi. O‘tmish va zamonaviylik uyg‘unlashib boy madaniy merosimizning takrorlanmas brendlari yaratildi. Milliy kiyimlarimiz, qo‘g‘irchoq va o‘yinchoqlarimiz yana xalqimiz qalbidan joy oldi.

Hozirgi kunda Farg‘ona tumanining Shohimardon qishlog‘ida uy mehmonxonasi quryapman. Mehmonxonani ishga tushirish rejasi 2026 yil may oyiga mo‘ljallangan. Mehmonxona ichida hunarmandlar markazi tashkil qilib, qishloqdagi ishsiz ayollarga hunar o‘rgatib, ularni ish bilan ta’minlashni ham o‘z oldimga maqsad qilib qo‘yganman.

Shunday ekan, ishlab chiqarish quvvatlarimni yanada kengaytirish ustida ishlayapman. O‘ylaymanki, Xudo xohlasa, bu niyatimga, albatta, yetaman.

Yana bir yo‘nalish, xorijga mahsulot eksportini yanada ko‘paytirish deb hisoblayman. Mamlakatimizda milliy hunarmandchilikni rivojlantirish uchun yaratib berilayotgan qulay shart-sharoitlar tufayli chekka bir qishloqdan chiqqan men kabi bir tadbirkorning mahsulotlari bugun dunyo brendlari bilan yonma-yon turibdi. Natijada biz bilan hamkorlik qilishga ishtiyoqmand xorijlik hamkasblarimiz soni tobora oshib bormoqda. Jumladan, Afg‘oniston hamda Iroqda savdo uylari ochish bo‘yicha tegishli kelishuvlarni hal qilyapmiz.

2025 yildan Farg‘ona viloyati savdo-sanoat palatasida xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligi bo‘yicha o‘rinbosar lavozimida ish boshladim. Bu lavozimda ishlashimdan maqsad xotin-qizlar tadbirkorligini yanada rivojlantirish, ayollar va yoshlarni hunarmandchilikka, tadbirkorlikka keng jalb qilish orqali ular o‘rtasida ishsizlikni kamaytirish jarayoniga hissa qo‘shish hisoblanadi.

Milliy hunarmandchiligimiz o‘ta qadimiy, u o‘z qadriyatlari va an’analariga ega soha hisoblanadi. Bu sohada tadbirkorlik qilish insonga juda katta imkoniyatlar beradi. Ayniqsa, bizning yurtimizdagiday qulay shart-sharoitlar mavjud bo‘lsa, ayollarimiz qo‘rqmasdan, dadillik bilan milliy hunarmandchilik sohasida tadbirkorlikni boshlashlari lozim, deb o‘ylayman.

Odil Olimjonov,

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

"Iqtisodiy sharh" jurnali 12/2025

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar