Jahon banki joriy yil davomida O‘zbekistonda YaIM o‘sishi prognozini 4,8 foizga saqlab qoldi. Shu raqamlar joriy yilning mart oyi oxirida prognoz qilingan edi.
O‘zbekiston iqtisodiyoti 2021 va 2022 yillarda mos ravishda 4,8% va 5,5% ga o‘sadi. Bu haqda Jahon bankining «Jahon iqtisodiy istiqbollari» hisobotining iyun oyidagi sonida aytiladi.
Umuman olganda, Markaziy Osiyo bo‘yicha iqtisodiy o‘sish sur’atlari 2021 yilda 3,7 foizga va 2022 yilda 4,3 foizgacha tiklanishi kutilmoqda. Bu xomashyo narxlarining biroz ko‘tarilishi, yirik neft ishlab chiqaruvchi mamlakatlarda ishlab chiqarish hajmidagi cheklovlarning yumshatilishi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning ko‘payishi yordam beradi.
Jahon bankining taxminlariga ko‘ra, 2021 yilda global iqtisodiy o‘sish 5,6% ni tashkil etadi — bu 80 yil ichida turg‘unlik davridan tiklanishning eng tez sur’ati hisoblanib, bu asosan bir nechta yirik mamlakatlarda iqtisodiy faollikning jadal tiklanishi bilan bog‘liq. Biroq, ko‘plab shakllanayotgan bozor va rivojlanayotgan mamlakatlar COVID-19 pandemiyasi va uning oqibatlari bilan kurashishda davom etmoqda.
Iqtisodiy tiklanishiga qaramay, joriy yilning oxiriga kelib dunyo ishlab chiqarish hajmi pandemiyadan oldingi prognozlarga qaraganda taxminan 2 foizga past bo‘ladi. Shakllanayotgan bozor va rivojlanayotgan iqtisodiyotga ega mamlakatlarning qariyb uchdan ikki qismi 2022 yilga kelib jon boshiga daromadning pasayishini qoplay olmaydi.
«Ko‘plab shakllanayotgan bozor va rivojlanayotgan mamlakatlarda jon boshiga daromad darajasi pandemiya boshlanishidan oldin erishilgan darajadan past bo‘lib qoladi. Ushbu daromadning pasayishi sog‘liqni saqlash, ta’lim va turmush darajasidagi yo‘qotishlarni kuchaytirishi kutilmoqda», – deya ta’kidladi Jahon banki guruhi Prezidenti Devid Malpass. – «Pandemiya kambag‘allikni kamaytirishdagi yutuqlarni yo‘qqa chiqardi va vaksinalar yetishmovchiligi bo‘lgan past daromadli mamlakatlarda beqarorlikning kuchayishiga va boshqa uzoq muddatli muammolarning yanada chuqurlashishiga olib keldi».
Jahon banki prognozlariga ko‘ra, AQSh iqtisodiy o‘sishi bu yil 6,8 foizni tashkil etadi, bu katta miqdordagi moliyaviy yordam va karantin cheklovlarining yumshatilishi natijasida yuzaga keladi. Boshqa iqtisodiy rivojlangan mamlakatlardagi o‘sish ham keskin bo‘lmasa-da, tezlashmoqda. Shakllanayotgan bozor va rivojlanayotgan mamlakatlar orasida bu yil Xitoy iqtisodiyotida 8,5 foizga o‘sish kutilmoqda.
Izoh qoldirish