O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘rtinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumidagi nutqi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘rtinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumidagi nutqi

Hurmatli forum ishtirokchilari!

Xonimlar va janoblar!

Aziz mehmonlar!

Avvalo, sizlarni – hamkor davlatlarimizning yuqori martabali vakillari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, biznes olamining yirik namoyandalarini to‘rtinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida chin qalbimdan samimiy qutlayman.

Tadbirimizda qatnashayotgan Bolgariya Prezidenti Rumen Radev Janobi Oliylari, Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitso Janobi Oliylari, Qozog‘iston Bosh vaziri Oljas Bektenov Janobi Oliylari, Qirg‘iziston Hukumati raisi Adilbek Kasimaliyev Janobi Oliylari, Tojikiston Bosh vaziri Qohir Rasulzoda Janobi Oliylari, Ozarbayjon Bosh vaziri Ali Asadov Janobi Oliylari, Rossiya Federatsiyasi Hukumati raisi o‘rinbosari Aleksandr Novak Janoblari, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari Nokerguli Ataguliyev Janoblarini ko‘rib turganimdan g‘oyat xursandman.

Shuningdek, Rossiya, Xitoy, Amerika Qo‘shma Shtatlari, arab davlatlari hamda Yevropa, Osiyo va Afrika mintaqalaridan kelgan nufuzli delegatsiyalarni ham chin dildan qutlayman.

Biz bilan yaqindan hamkorlik qilayotgan moliyaviy institutlar rahbarlari – Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso xonim va Yangi taraqqiyot banki prezidenti Dilma Rusef xonimga alohida minnatdorlik izhor etaman.

Bugungi forumda 7,5 mingdan ortiq delegat, jumladan, 100 ga yaqin davlatdan salkam 3 ming nafar xorijiy mehmon ishtirok etmoqda. Biz buni, avvalambor, mamlakatimizga bo‘lgan hurmat, o‘zaro ishonch va yaqin hamkorlikning chinakam ifodasi sifatida qabul qilamiz.

O‘zbekiston zaminiga xush kelibsiz, qadrli do‘stlar!

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Bugungi dunyo katta sinovlarni boshidan kechirmoqda. Global xavfsizlik va barqaror rivojlanishga jiddiy tahdidlar tobora kuchaymoqda, geosiyosiy jarayonlar ko‘z o‘ngimizda shiddat bilan o‘zgarmoqda.

Jahonda qurollanish poygasi yana avj olmoqda. Yirik mamlakatlarning harbiy xarajatlari 2010 yilga nisbatan bir yarim barobar ortib, 2,5 trillion dollarga yetdi. Iqtisodiy inqiroz asoratlari, moliyaviy resurslar taqchilligi tufayli jahon yalpi ichki mahsulotining o‘sish sur’atlari esa ketma-ket uch yil davomida pasaymoqda.

Ming afsuski, xalqaro huquq normalari va diplomatiya kuchi zaiflashmoqda. Eng achinarlisi, insoniyat uchun eng dolzarb muammolar – oziq-ovqat xavfsizligi, kambag‘allik, iqlim o‘zgarishlari kabi masalalarga e’tibor kamaymoqda. Dunyoda tinchlik, adolat va inson qadriga bo‘lgan umumiy ishonchni tiklash har qachongidan ham muhim.

Biz Ukraina bilan bog‘liq vaziyatni faqat diplomatik yo‘llar bilan hal etish zarur, deb hisoblaymiz va Istanbulda bo‘lib o‘tayotgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarni olqishlaymiz.

Shu bilan birga, ko‘pdan buyon cho‘zilayotgan G‘azo fojiasiga e’tiboringizni qaratmoqchiman. XXI asrda ko‘z o‘ngimizda ko‘plab begunoh insonlarning nobud bo‘layotganini hech nima bilan oqlab bo‘lmaydi. Bu muammoning yagona yechimi – nizoni xalqaro huquq me’yorlari va qabul qilingan rezolyusiyalar asosida adolatli hal qilishdir. Falastin xalqi o‘z mustaqil davlatiga ega bo‘lishga haqlidir.

Global kun tartibidagi yana bir masala – bu qo‘shni Afg‘onistonning tinch va barqaror rivojlanishiga ko‘maklashishdan iborat. Bu davlatning amaldagi hukumati bilan xalqaro maydonda konstruktiv muloqot olib borish, uning yakkalanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik har qachongidan ham muhim. Zero, mazkur mamlakatdagi osoyishtalik va iqtisodiy rivojlanish yon-atrofdagi barcha mintaqalarning uzoq muddatli taraqqiyoti uchun zarur omildir.

Men hozir ta’kidlab o‘tgan muammolar bo‘yicha barcha sherik davlatlarimizni ochiq va keng ko‘lamli xalqaro hamkorlikka chaqiramiz. Chunki, forumning asosiy mavzusi bo‘lgan investitsiyalar – faqat iqtisodiy taraqqiyotning emas, balki tinchlik va barqarorlikning kafolatidir!

Keling, birgalikda shunday investitsiya muhitini yarataylikki, u daromad keltirish bilan birga, inson qadrini ulug‘laydigan, uning hayotiy manfaatlarini ta’minlaydigan va jamiyat ravnaqiga xizmat qiladigan mustahkam poydevorga aylansin!

Aziz mehmonlar!

Hozirgi qiyin sharoitda biz O‘zbekistonda iqtisodiy barqarorlikni saqlab qolishga asosiy e’tibor qaratyapmiz.

Yalpi ichki mahsulotimiz sakkiz yilda 2 barobar ko‘paydi. 2030 yilga borib, bu ko‘rsatkichni 200 milliard dollarga yetkazishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘ydik.

O‘tgan yili investitsiya hajmi 35 milliard dollarga, eksportimiz 27 milliard dollarga yetgani – to‘rt yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan Toshkent xalqaro investitsiya forumining ham amaliy natijasidir.

Yangi O‘zbekistondagi islohotlar samarasi xalqaro reytinglarda ham o‘zining munosib aksini topmoqda. “Iqtisodiy erkinlik indeksi”dagi o‘rnimiz so‘nggi besh yilda 48 pog‘onaga yuqori ko‘tarildi. Garvardning “Iqtisodiyot murakkabligi indeksi”dagi o‘rnimiz 28 pog‘onaga yaxshilandi. O‘tgan oyda nufuzli “S&P” agentligi O‘zbekistonning suveren reytingi prognozini “barqaror”dan “ijobiy”ga oshirdi.

Bugun dunyo iqtisodiyoti yangi davr va o‘zgarishlar ostonasida turganini barchamiz yaxshi tushunamiz. Bu esa barqaror rivojlanish yo‘lidan borayotgan davlatlarni quyidagi to‘rtta yo‘nalishda hamkorlikda ishlashga undamoqda.

Birinchidan, “yashil” iqtisodiyot modeliga o‘tish.

Biz iqtisodiyotimizni barqaror energiya resurslari bilan ta’minlash uchun aynan “yashil” energetikani rivojlantirishga qattiq bel bog‘laganmiz.

O‘tgan qisqa davrda bu sohaga qariyb 6 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya kirib keldi. Elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 59 milliarddan 82 milliard kilovatt-soatga yetdi. Keyingi besh yilda bu ko‘rsatkich 120 milliard kilovatt-soatdan oshib, “yashil” energiya ulushi 54 foizga yetadi.

Shuningdek, elektr tarmoqlarini yangilashga ham 4 milliard dollar jalb qilamiz.

Bu borada joriy yilda Samarqandda, kelgusi yildan yana 8 ta hududda elektr tarmoqlarini xususiy sheriklikka beramiz.

Bundan tashqari, ilk bor “yashil” sertifikat va uglerod birliklari savdosini boshladik. Shu yil global uglerod bozorlariga qo‘shilib, “Yashil O‘zbekiston” iqlim investitsiyalari platformasini yaratamiz.

Ikkinchidan, raqamli texnologiya va sun’iy intellekt iqtisodiyotning “drayveri”ga aylanmoqda.

Mamlakatimizda shu yilning o‘zida IT eksporti 1 milliard dollarga yetadi. 2030 yilga borib, bu ko‘rsatkichni 5 karra oshirish uchun salohiyatimiz ham, imkoniyatimiz ham yetarli.

Bu ishlarimiz xalqaro darajada e’tirof etilib, Sun’iy intellektga tayyorlik bo‘yicha xalqaro indeksda bir yilda 17 pog‘onaga ko‘tarildik.

Kelgusi yil “Bulutli texnologiyalar” milliy platformasi ishga tushadi. Yaqin besh yilda xususiy investorlar bilan birga quvvati 500 megavattdan ziyod 20 ta “data markaz” barpo etamiz.

Shuningdek, boy tariximiz, azaliy qadriyatlarimiz hamda yangi kreativ g‘oyalarni mujassam etgan sun’iy intellektning milliy modelini ishlab chiqamiz. Bu tizim samaradorligini ta’minlash uchun “Bir million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasini boshladik.

Ishonchim komil, sizlar bilan birgalikda O‘zbekistonni nufuzli IT va Fintech xabiga aylantiramiz.

Uchinchidan, bugungi sharoitda moliyaviy tizim va texnologiyalar keskin o‘zgarmoqda.

Biz yaqinda Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Jahon banki bilan birga O‘zbekiston moliya sektorini ilk bor kompleks baholashdan o‘tkazdik. Ular bank, moliya, sug‘urta, kapital bozoridagi islohotlarimizni to‘liq qo‘llab-quvvatladi.

Bu sohalarni keyingi rivojlanish bosqichiga olib chiqish maqsadida O‘zbekistonda Moliyaviy barqarorlik kengashi tashkil etiladi, Markaziy bankda kiberxavfsizlik va moliyaviy texnologiyalar platformalari ishga tushiriladi.

Sug‘urta tizimida ham katta islohotlarni boshladik. Milliy qayta sug‘urtalash kompaniyasi va Global qayta sug‘urtalash raqamli platformasi tashkil etildi.

Startaplar uchun muqobil moliyaviy instrument – venchurlar bizda tez rivojlanib boryapti. Misol uchun, o‘tgan yili 2 ta startap kompaniyamizning qiymati ilk bor 1 milliard dollardan oshdi. Bunday kompaniyalarni albatta ko‘paytiramiz.

Shu bois “Muqobil investitsiya jamg‘armalari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Kelgusi besh yilda venchur va boshqa muqobil sarmoyalar hajmini 1 milliard dollarga olib chiqamiz.

Yana bir yo‘nalish. “To‘rtinchi sanoat inqilobi” “texnologik minerallar”ga talabni bir necha karra ko‘paytirmoqda.

O‘zbekistonda volfram, molibden, magniy, litiy, grafit, vanadiy, titan va boshqa minerallarning katta zaxirasi aniqlangan. Umuman, yer osti boyliklarimizning salohiyati 3 trillion dollarga baholanmoqda.

Mintaqamizning minerallardan yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish “xabi”ga aylanishi uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Bu borada Toshkent va Samarqand viloyatlarida “Kelajak metallari texnoparki”ni bunyod etmoqdamiz.

Shu o‘rinda bir tashabbusni ilgari surmoqchiman: bu sohada geologiya-qidiruv ishlaridan boshlab, tayyor mahsulot zanjirini yo‘lga qo‘ygan investorlarga o‘n yil davomida renta solig‘i qaytarib beriladi.

Ishonchim komil, sizlar bilan uzoq muddatli samarali aloqalarimiz aytib o‘tilgan barcha yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli biznes hamkorlikka aylanadi.

Hurmatli investorlar!

Biz “Yangi O‘zbekiston – investitsiyalar uchun katta imkoniyatlar mamlakati” degan tamoyilni amaliy natijalarga aylantirish maqsadida barcha choralarni ko‘ryapmiz.

Eng avvalo, bir narsaga e’tiboringizni qaratmoqchiman: global ishlab chiqarish zanjirlarida har bir davlat uchun teng sharoitni ta’minlaydigan ishonchli qoidalar bo‘lishi shart va zarur.

Hech shubhasiz, bu borada Jahon savdo tashkilotining alohida o‘rni bor. Shu bois, kelgusi yilda ushbu Tashkilotning a’zosiga aylanish bo‘yicha oldimizga maqsad qo‘yganmiz va bu borada hamkorlarimiz bilan faol ishlayapmiz. Buning uchun o‘nlab qonun, yuzlab standartlarni xalqaro talablarga moslashtirdik va bu ishlarni shu yil to‘liq yakuniga yetkazamiz.

Ikkinchidan, mamlakatimizda xorijiy sarmoyadorlarga yanada qulay muhit yaratish uchun mahalliy kompaniyalar bilan bir xil sharoitlarni kafolatlovchi “milliy rejim” joriy qilinadi, davlat organlari bilan munosabatga kirishishda “yagona darcha” tamoyili tatbiq etilishi belgilandi, investitsiya faoliyatini ortiqcha tekshiruvlardan kafolatli himoyalash tizimi yaratiladi.

Bular orqali 2030 yilga borib, O‘zbekistonning kredit reytingini “investitsion” darajaga olib chiqishni maqsad qilib qo‘yganmiz.

Uchinchidan, biz davlat kompaniyalarini xususiylashtirishda ularni yurtimiz farovonligiga xizmat qiluvchi yirik aktivlarga aylantirish yo‘lini tanlaganmiz.

Shu bois, 18 ta yirik kompaniya va banklardagi qariyb 2 milliard dollarlik davlat ulushini o‘zida birlashtirgan “Milliy investitsiya jamg‘armasi” tashkil etildi. Jamg‘arma boshqaruviga nufuzli “Franklin Templeton” kompaniyasi jalb qilindi. Kelgusi yilning o‘zida jamg‘armaning aksiyalar paketi xalqaro IPO ga chiqariladi.

Shuningdek, professional konsultantlar jalb qilinib, ikki yilda 29 ta yirik davlat kompaniyasi xususiylashtiriladi.

To‘rtinchidan, biz transport va logistika sohasini iqtisodiyotimizning qon tomiri sifatida ko‘ramiz.

Shu bois, bu sohaga ham xususiy kapitalni faol jalb qilmoqdamiz. Birgina misol, Samarqand, Namangan, Buxoro va Urganch xalqaro aeroportlari davlat-xususiy sheriklik asosida salohiyatli investorlar boshqaruviga berildi.

Urganch aeroporti boshqaruviga dunyoning yetakchi “Inchon” kompaniyasi jalb qilindi. Kelgusi yilda Nukus, Termiz, Farg‘ona, Navoiy aeroportlari bo‘yicha ham tenderlar o‘tkazamiz.

Yana bir muhim yo‘nalish – poytaxtimizda yashab va ishlayotgan aholi soni 5 milliondan oshdi. Shu bois, 2 million aholiga mo‘ljallangan “Yangi Toshkent” shahrini barpo etib, poytaxtni megapolisga aylantiramiz.

Bu yerda yiliga 20 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega aeroport, temir yo‘l va avtomobil transportini qamrab olgan “multimodal xab” quriladi. Yirik savdo komplekslari va moliya markazlari qad ko‘taradi.

Ushbu mega loyihani birgalikda amalga oshirish uchun investorlar, xalqaro moliya institutlari va xorijiy banklarni taklif qilamiz.

Beshinchidan, so‘nggi yillarda qo‘shnilarimiz bilan yo‘lga qo‘yilgan ochiq va do‘stona siyosat natijasida Markaziy Osiyoda mutlaqo yangi hamkorlik muhiti shakllandi.

Bugun ushbu davlatlarning hukumat rahbarlari forumda ishtirok etayotgani ham so‘zimning yaqqol isbotidir.

E’tibor bering, sakkiz yilda qo‘shnilarimiz bilan tovar aylanmasi hajmi 3,5 barobardan ziyod oshib, qariyb 13 milliard dollarga yetdi.

Katta investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Jumladan, Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘lini qurishni boshladik, yirik energetika va infratuzilma loyihalarini tayyorlash bo‘yicha salmoqli ishlar qilinmoqda.

Umuman, biz Markaziy Osiyoda “Investitsiya va savdo uchun yaxlit hudud konsepsiyasi”ni ilgari surishni taklif qilamiz.

Shu o‘rinda xalqaro tashkilotlarga murojaat qilmoqchiman: mintaqaviy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun yangi moliyaviy mexanizmlarni yo‘lga qo‘yish vaqti keldi. Birgalikda harakat qilsak, Markaziy Osiyoni tinchlik va taraqqiyot makoniga aylantiramiz.

Hurmatli yig‘ilish ishtirokchilari!

Bugungi forum yangi, kengaytirilgan formatda o‘tkazilmoqda. Uning doirasida ilk bor ixtisoslashgan ko‘rgazma tashkil etilib, unda O‘zbekiston kompaniyalari o‘z loyihalari va qo‘shma tashabbuslari bilan ishtirok etmoqda.

Bir masalaga alohida urg‘u bermoqchiman: biz uchun investitsiya – faqatgina moliyaviy manba emas. Bu – texnologiya, bilim, malakali kadrlar, xalqaro ishlab chiqarish zanjiriga qo‘shilish, ya’ni, haqiqiy taraqqiyot demakdir.

O‘zbekiston mana shunday ezgu g‘oyalar bilan keladigan xorijiy investorlarga barcha sharoitlarni yaratib beradi, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi va buni kafolatlaydi.

Yurtimizda sizlar uchun barcha eshiklar doimo ochiq.

Eng muhimi – faoliyatingizni himoya qiladigan qonunlar bor, muloqotga ochiq davlat va hamkorlikka tayyor mehnatkash xalqimiz bor.

Bugungi anjumanda ishtirok etayotgan, mamlakatimizga mehmon bo‘lib kelgan har bir investor, xorijiy hukumat va xalqaro tashkilotlar vakillariga yana bir bor chin dildan minnatdorlik bildiraman.

Barchangizga omad va ulkan yutuqlar tilayman.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar