Xalq qabulxonasi — fuqaro va davlat o‘rtasidagi ishonchli muloqot platformasi

Xalq qabulxonasi — fuqaro va davlat o‘rtasidagi ishonchli muloqot platformasi

Ochig‘i, fuqaro manfaatlari to‘g‘ri va munosib tarzda ta’minlanishida bu tizim asosiy ko‘prik vazifasini bajarmoqda.Fuqarolarning davlat va uning organlari tomonidan e’tiborga olinmayotgan muammolarini hal etishda muhim o‘rin tutmoqda. Shu bilan birga ularning ish uslublari takomillashyapti. Endilikda Xalq qabulxonasi faoliyatida faqat idorada o‘tirib fuqarolarni qabul qilish emas, balki joylarga chiqib sayyor qabullarni tashkil etish, sektorlar, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa ob’yektlarni o‘rganish orqali ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni aniqlash va hal qilish faoliyatini doimiy ravishda muvofiqlashtirib borish, davlat dasturlarini ishlab chiqish va ijrosini nazorat qilishda ishtirok etish amaliyoti keng o‘rin olayotir. Bu jarayonda nogironligi bo‘lgan shaxslar, kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga ko‘maklashishga, ularning muammolarini hal etishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

Ana shu hamkorlik samarasi o‘laroq, joriy may oyiga qadar Buxoro viloyati Qorako‘l tuman Prezident virtual hamda Xalq qabulxonasiga Qorako‘l tumani aholisi tomonidan kelib tushgan murojaatlar 2633 tani tashkil qilib, ularning 2354 tasi (89 %) ko‘rib chiqilgan bo‘lib, shulardan moddiy yordam va pensiya masalalarida 345 ta, yer munosabatlari masalalari bo‘yicha 110 ta, bandlik masalalarida 106 ta, yo‘l infratuzilmasi bo‘yicha 97 ta, daftarlar asosida ijtimoiy himoya va yordam bo‘yicha 54 ta, elektr energiyasi ta’minoti bilan bog‘liq muammolar bo‘yicha 179 ta, gaz ta’minotidagi muammolar bo‘yicha 61 ta, uy-joy bilan ta’minlash masalalarida 82 ta, aliment undirish masalasida 81 ta, davolash va tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha 48 ta murojaat kelib tushdi. Bu murojaatlarning 919 tasi ijobiy hal etildi. Masalan, fuqaro O‘. Imomov oilaviy yashash sharoiti og‘irligi, uy-joyida yong‘in sodir bo‘lganligi, uyi avariya holga kelib qolganligini bildirib, murojaat qildi. Aniqlanishicha, u tegishli tashkilotlardan shu masalada bir necha bor ko‘mak so‘ragan. Ammo najot bo‘lmagan. Fuqaroning murojaati bu gal Xalq qabulxonasi ishtirokida ijobiy hal etildi.

Yoki boshqa bir misol: fuqaro U. Bozorov 2 guruh nogironligi, viloyat kasalxonalarida davolanish uchun order olish maqsadida Qorako‘l tuman tibbiyot birlashmasidan ko‘p marotaba murojaat qilgan. Ammo birlashmadagi mas’ullar masalaga panja orasidan qaragan. Shundan so‘ng fuqaro Xalq qabulxonasiga murojaat qilishga majbur bo‘ldi. Natijada tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilib, unga viloyat klinikalarida davolanishi uchun order berildi.

Joriy yil davomida joylarda tumanda “Sektor sayyor qabullari”, “Xalq bilan ochiq muloqot” “Muammo va yechim” kabi mavzularda 88 ta uchrashuv va sayyor qabullar o‘tkazildi. Bu tadbirlar orqali ham aholini qiynab kelayotgan muammolarga o‘z vaqtida yechim topilmoqda. Shu o‘rinda bir – ikki dalil keltirmoqchimiz: fuqaro A. Qodirov esa yashash hududidagi simyog‘ochlarni ta’mirlash, yangisini o‘rnatish yuzasidan murojaat qilgandi. O‘rganishlar natijasida hududdagi transformator ta’mirlandi, yaroqsiz ahvoldagi simyog‘ochlar yangisiga almashtirildi. Boshqa bir fuqaro S. Bozorovning murojaati bilan mahalla ichki yo‘llari ta’mirlanib, joyida shag‘allashtirildi.

Bundan tashqari, 2-sektor rahbari bilan Sayyot MFYda o‘tkazilgan qabulda M. Teshayeva 1988 yilda o‘tkazilgan 10000 kVattli elektr uzatish liniyasi Quyi Sayyod ko‘chasida yashovchi 14 ta aholi xonadoniga yomg‘ir va shamolli kunlarda hamda yozning issiq kunlarida xavf tug‘dirishi hamda buning natijasida 2019 yilda bir nafar fuqaro vafot etganligi sababli ushbu elektr uzatish liniyasi o‘tuvchi 14 ta beton simyog‘och ustunlarini boshqa joyga ko‘chirilishi ta’minlash masalasidagi murojaati tegishli tashkilotlarni jalb qilgan holda jobiy hal qilindi.

3-sektor rahbarining Yangibozor MFYda o‘tkazilgan sayyor qabulda birinchi guruh nogironi Sh. Hamroyevaning nogironlik aravachasi olib berilishini so‘rab qilgan murojaatiga asosan tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan unga nogironlar aravachasi ajratilishi ta’minlandi.

Xalq qabulxonalarining zimmasida katta mas’uliyat turibdi. Bu mas’uliyatni chuqur his etgan holda ishlash odamlarning o‘z hayotlaridan rozi bo‘lib yashashlari yo‘lidagi ulug‘vor ishga qo‘shilgan hissadir.

A. OQQIYeV, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qorako‘l tumanidagi Xalq qabulxonasi mudiri.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar