Yangi O‘zbekistonni barpo etishda ikkita mustahkam ustunga tayanamiz – Shavkat Mirziyoyev

Yangi O‘zbekistonni barpo etishda ikkita mustahkam ustunga tayanamiz – Shavkat Mirziyoyev

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 19 yanvar kuni ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Jahon tarixiga nazar solsak, har bir xalq avvalo ma’naviy birlashuvi, milliy g‘oyasi bilan yuksalgan. Bugun yangi hayot qurish, rivojlangan davlatlar qatoriga chiqish yo‘lidan borayotgan mamlakatimizda ham milliy g‘oya masalasi juda muhim ahamiyatga ega.

So‘nggi yillarda bu borada qator qarorlar qabul qilindi. Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashi raisi Prezident ekani belgilab qo‘yildi. Kengashning hududiy bo‘limlariga mas’ullik hokimlar zimmasiga yuklatildi. Bu o‘zgarish ma’naviy-ma’rifiy ishlarni davlatimiz siyosatida yanada yuksak o‘ringa ko‘tardi.

– Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi ma’naviyatdir, – dedi Shavkat Mirziyoyev yig‘ilishda. – Biz yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaror qilgan ekanmiz, ikkita mustahkam ustunga tayanamiz. Birinchisi – bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot. Ikkinchisi – ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli ma’naviyat.

Yaqinda bo‘lib o‘tgan yirik tadbirlar – davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasi, O‘zbekiston yoshlarining birinchi forumi hamda Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida ma’naviyat yo‘nalishidagi dolzarb vazifalar belgilab berildi. Chunki bu borada yechimini kutib turgan, o‘zgarishlar shamoli kirib bormagan masalalar ko‘p. Milliy g‘oyaning mohiyatini to‘liq anglab yetmagan, eski mafkurani tasavvur qilib, bunga yuzaki qaraydiganlar ham yo‘q emas. Shu bois Prezident mamlakatimiz mafkurasining asosiy g‘oyasini ta’kidlab o‘tdi:

– Biz yaratayotgan yangi O‘zbekistonning mafkurasi ezgulik, odamiylik, gumanizm g‘oyasi bo‘ladi. Biz mafkura deganda, avvalo, fikr tarbiyasini, milliy va umuminsoniy qadriyatlar tarbiyasini tushunamiz. Ular xalqimizning necha ming yillik hayotiy tushuncha va qadriyatlariga asoslangan, – dedi davlatimiz rahbari.

Ma’lumki, bugun dunyoda keskin kurash va raqobat hukm surmoqda, manfaatlar to‘qnashuvi kuchaymoqda. Globallashuv jarayonlari insoniyat uchun beqiyos yangi imkoniyatlar bilan birga kutilmagan muammolarni ham keltirib chiqarmoqda. Milliy o‘zlik va ma’naviy qadriyatlarga qarshi tahdid va xatarlar tobora ortmoqda. Faqat o‘zini o‘ylash, mehnatga, oilaga yengil qarash, iste’molchilik kayfiyati turli yo‘llar bilan odamlar, ayniqsa, yoshlar ongiga ustamonlik bilan singdirilyapti.

Terrorizm, ekstremizm, transmilliy va kiber-jinoyatchilik, odam savdosi, narkotrafik kabi tahdidlar xavfi oshib bormoqda. Ba’zi hududlarda atayin beqarorlik yuzaga keltirilib, norozilik kayfiyati avj oldirilmoqda.

Bunday tahlikali vaziyatda hushyor va ogoh bo‘lib, xalqimizning tinchligi, mamlakatimiz manfaatlarini o‘ylab yashash zarur.

Davlatimiz rahbari loqaydlik va beparvolik eng katta xavf ekanini, bugun uchrayotgan ijtimoiy muammolarni kamaytirish uchun nuroniylar tarbiyasi, jamoatchilik nazorati yetishmayotganini ta’kidladi.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, ijtimoiy-ma’naviy muhitni ilmiy asosda tahlil qilishni davrning o‘zi talab etmoqda. Jamiyatimizda ma’naviy-ma’rifiy ishlar shunday asosda yo‘lga qo‘yilmagani uchun ham kutilgan natijani bermayapti.

Shuning uchun Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi ishini tanqidiy o‘rganib chiqib, faoliyatini tubdan takomillashtirish zarurligi aytildi.

Prezidentimiz ushbu markazning “Ma’naviyat targ‘ibotchisi” o‘quv muassasasi negizida Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar institutini tashkil etish taklifini bildirdi.

Yig‘ilishda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni sifat va mazmun jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari belgilandi.

Ma’lumki, hozirgi paytda ma’naviyat targ‘iboti bilan o‘nlab tashkilotlar shug‘ullanadi. Lekin, ularning faoliyati aniq muvofiqlashtirilmayotgani, yagona tizimga birlashmagani sababli bir-birini takrorlash holatlari kuzatilmoqda.

Bundan buyon Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi barcha hududiy kengashlarning, vazirlik, idora va tashkilotlarning ma’naviy-ma’rifiy faoliyatini muvofiqlashtirib borishi belgilandi.

Markaz va uning tizimidagi tashkilotlarning moddiy-texnik ta’minoti keskin kuchaytiriladi. Uning faoliyati ilmiy tadqiqot va targ‘ibot-tashviqot yo‘nalishlarida qayta tashkil qilinadi.

Tarbiyada tanaffus bo‘lmaydi, deydi xalqimiz. Lekin, ma’naviy-ma’rifiy ishlardagi uzviylik hozircha bunday emas. Bu borada bog‘cha, maktab, oliy ta’lim, mahalla – har biri alohida ish olib boryapti.

Shu bois ma’naviy-ma’rifiy ishlarning yagona tizimini yaratish, xususan, o‘g‘il-qizlarni bolaligidanoq bilimli va fazilatli etib tarbiyalash, buning uchun maktabgacha ta’lim muassasalariga metodik yordam ko‘rsatish muhimligi ta’kidlandi.

Shuningdek, maktablar, o‘rta maxsus va oliy ta’lim dargohlarida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Barcha oliygoh va ularning filiallarida mavjud shtat birliklari doirasida yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor lavozimi joriy etilishi aytildi.

Mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. “Bir ziyoli – bir mahallaga ma’naviy homiy” tamoyili asosida har bir mahallaga professor-o‘qituvchi va taniqli ziyolilar biriktirilishi ma’lum qilindi. Shuningdek, Toshkent shahar nuroniylarining tarbiyasi og‘ir, ishsiz yoshlarga ko‘maklashish bo‘yicha tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.

Hududlar markazida namunaviy loyiha asosida ma’naviyat va ma’rifat maskanlarini barpo etish, mahalliy byudjetlar hisobidan sohaga qo‘shimcha shtatlar ajratish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Toshkent shahridagi “G‘alaba bog‘i” majmuasini xalqimiz, ayniqsa, yoshlar uchun harbiy tarix va ajdodlarimiz qahramonligini o‘rganish bo‘yicha ilmiy markazga aylantirish taklifi bildirildi.

Yoshlarni vatanparvarlik, milliy iftixor ruhida tarbiyalash, buning uchun tarixni yaxshi o‘rgatish, bu yo‘nalishdagi ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.

– Milliy tarixni milliy ruh bilan yaratish kerak. Aks holda uning tarbiyaviy ta’siri bo‘lmaydi. Biz yoshlarimizni tarixdan saboq olish, xulosa chiqarishga o‘rgatishimiz, ularni tarix ilmi, tarixiy tafakkur bilan qurollantirishimiz zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mutasaddilarga O‘zbekistonda tarix fanini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

O‘zbek tilining davlat tili maqomini kuchaytirish, yurtimizda va xorijda uni o‘rganish bo‘yicha zamonaviy texnologiyalarni joriy etish yuzasidan ko‘rsatma berildi.

Bugun hayot yangicha fikrlash va ishlash, milliy “aql markazlari”mizni shakllantirishni talab etmoqda. Afsuski, atrofimizdagi barcha siyosiy-ijtimoiy jarayonlarni chuqur tushunib, ta’sirchan tilda yetkazib beradigan tahlilchi va ekspertlarimiz juda kam. Bunday vaziyatda jamiyatimizni ma’naviy tahdidlardan himoya qilish borasidagi ilmiy-amaliy tadqiqotlarni tubdan qayta ko‘rib chiqish zarur. Shu ma’noda, Ma’naviyat va ma’rifat, “Taraqqiyot strategiyasi”, Islom sivilizatsiyasi markazlari, ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishdagi tadqiqot institutlari haqiqiy “aql markazlari”ga aylanishi kerakligi ta’kidlandi.

Milliy g‘oya targ‘iboti, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, jamiyatda adabiyot va kitobxonlikni yanada rivojlantirish maqsadida “Ijod” jamoat fondi negizida Ma’naviyat va ijodni qo‘llab-quvvatlash fondi tashkil etilishi qayd etildi.

Bu jamg‘armaga 120 milliard so‘m ajratilib, ma’naviy-ma’rifiy tarbiya va targ‘ibot-tashviqot ishlarini samarali amalga oshirish, milliy adabiyotimizni rivojlantirish uchun sarflanadi. Bu mablag‘ning 90 milliard so‘mi hududlarda ma’naviy-ma’rifiy sohalarni rivojlantirishga, 20 milliard so‘mi Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga, 10 milliard so‘mi mamlakat miqyosida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni samarali tashkil qilishga yo‘naltiriladi.

Shu yildan boshlab, ma’naviyat va ma’rifat sohasi ixtisosliklarini fanlar klassifikatoriga kiritish, bu yo‘nalish bo‘yicha yetuk kadrlar tayyorlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Kitobxonlik madaniyatini kengaytirish, kino san’atini izchil rivojlantirish, barcha telekanallar qoshidagi badiiy kengashlar faoliyatini tanqidiy tahlil qilib, teledasturlarning saviyasini oshirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

– Agar kimdir, ma’naviyat masalasi – bu faqat Ma’naviyat markazi yoki tegishli vazirlik va idoralarning ishi, deb o‘ylasa, xato qiladi. Bularning barchasi oldimizda turgan eng asosiy, eng muhim vazifalardan biridir, – dedi Prezident.

Videoselektor yig‘ilishida muhokama qilingan masalalar bo‘yicha soha mutasaddilari, o‘qituvchi va professorlar, vazirlar, viloyat hokimlari fikr bildirdi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar