Yangi qurilayotgan uy-joy komplekslari orasida quruvchi kompaniyalar hisobidan qo‘shimcha maktab ham qurib beriladi

Yangi qurilayotgan uy-joy komplekslari orasida quruvchi kompaniyalar hisobidan qo‘shimcha maktab ham qurib beriladi

Yangi qurilayotgan uy-joy komplekslari orasida quruvchi kompaniyalar hisobidan qo‘shimcha maktab ham qurib beriladigan bo‘ldi. Bu haqda Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov ma’lum qilgan.

“O‘tgan yili Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Temur Malik va Do‘rmon yo‘llari kesishmasidagi uy-joy komplekslariga Prezidentimiz tashriflari vaqtida yangi kompleksga maktab zarurligi sababli, quruvchi kompaniya tomonidan davlat maktabi ham qurib beriladigan bo‘lgan edi. Hozirgi kunda esa yangi 990 o‘rinli zamonaviy maktab bitmoqda.

Davlat dasturi muhokamasidagi videoselektorda ushbu ijobiy tajribani barcha hududlardagi yangi qurilayotgan uy-joy komplekslariga keng joriy etish bo‘yicha Prezidentimiz tomonidan hududlar rahbarlariga qo‘shimcha topshiriq bo‘ldi. Ya’ni, har bir yangi quriladigan xonadonga taxminan 1,5 o‘quvchi o‘rnini hisobini olib, davlat maktabi qurib berish kerak bo‘ladi. Shunda tijorat maqsadlarida 1000 ta kvartirali kompleks qurilsa, 1500 o‘rinli davlat maktabi ham qurib topshiriladi.

Bir tomondan, boshida quruvchi kompaniyaning xarajatlari ko‘paygandek ko‘rinsada, kelgusida kompaniya ushbu uylardagi aholi yaxshi maktabga yayov chiqa olishini inobatga olib yangi kvartiralarini boshqa joydagi kvartiralarga nisbatan yaxshiroq narxga sota oladi va xarajatlarini qoplab ketadi.

Bu esa, o‘z navbatida maktablarga ajratilayotgan investitsiya dasturidagi mavjud mablag‘lar doirasida uzoqroq hududlardagi ko‘proq maktablarni kapital ta’mirlashga imkoniyat beradi. Chunki viloyat markazida 1 ta yangi maktab qurishga ketadigan xarajat hisobiga tumanlarda kamida 10-15 ta maktabni zo‘r qilib kapital ta’mirlasa bo‘ladi.

OAV va jamoatchilik vakillari ushbu yaxshi tajribani bemalol joyiga borib ko‘rib, quruvchi va developer kompaniyalar orasida kengroq tarqatib, joylardagi boshqa yangi qurilishlarda ham nazoratga olishga yordam berishsa, nur ustiga a’lo nur bo‘lar edi”, deydi vazir Sherzod Shermatov o‘z bayonotida.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar