“Elektron onlayn-auksionni o‘tkazish tartibini soddalashtirish, uning shaffofligini oshirish hamda ishtirokchilar huquqlarining ishonchli himoyasini kafolatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, quyidagilar elektron savdo platformasidagi elektron onlayn-auksion yo‘li bilan amalga oshiriladi:
- ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar, shuningdek, ustav fondining 50 foizi va undan ortig‘i 50 foiz va undan ortiq miqdorda davlat ulushiga ega yuridik shaxsga tegishli bo‘lgan yuridik shaxslarning ulushlari, ko‘chmas mulklari, avtomototransport vositalari hamda boshqa asosiy vositalarini realizatsiya qilish;
- davlat ishtirokidagi korxonalar ko‘chmas mulklari, avtomototransport vositalari hamda boshqa asosiy vositalarini ijaraga berish.
2022 yil 1 yanvardan avtomototransportlarni “E-auksion”dagi elektron onlayn-auksion yo‘li bilan ijaraga berishda shartnomalarni notarial tasdiqlash talabi bekor qilinadi.
Bunda, elektron onlayn-auksion natijasiga ko‘ra rasmiylashtirilgan bayonnoma ijara shartnomasi kuchiga ega bo‘ladi.
Shuningdek, Markazning tashkiliy tuzilmasida Ichki audit va komplayens-nazorat xizmati tashkil etilib, uning zimmasiga auksionlarni tashkil etish va o‘tkazishda korrupsiya alomatlarini aniqlash hamda ularni bartaraf etish vazifasi yuklanadi.
Qarorga muvofiq, yer uchastkalarini auksionga investitsiya kiritish sharti bilan chiqarish tartibi bekor qilinadi.
Kadastr agentligi yer uchastkalari bo‘yicha auksion o‘tkazilishi to‘g‘risidagi xabar e’lon qilingan paytdan boshlab barcha ishtirokchilarga mazkur yer uchastkalarini oldindan ko‘rish (ko‘zdan kechirish) imkoniyatini ta’minlaydi.
Yer uchastkasi bo‘yicha tegishli ma’lumotlar, shu jumladan fotosuratlar, uning geolokatsiya va koordinatalari to‘liq ko‘rsatilmagan holda auksionga chiqarish uchun buyurtma taqdim etilganda, u kamchiliklarni bartaraf etish uchun qaytariladi.
2021 yil 1 avgustgacha elektron savdo platformasida auksionda ishtirok etuvchilar soni, shuningdek, auksion jarayonini onlayn rejimda kuzatib borish joriy etiladi.
2021 yil 1 oktyabrgacha elektron savdo platformasining demo versiyasi ishlab chiqilib, maktab va OTM o‘rtasida ommalashtiriladi.
Izoh qoldirish