O‘zbekiston va Rossiya 24 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirmoqda

O‘zbekiston va Rossiya 24 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirmoqda

O‘zbekiston va Rossiya 2019-2024 yillarga mo‘ljallangan 24 milliard dollarlik qo‘shma loyihalarni amalga oshirmoqda. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

“Savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida 2019-2024-yillarga mo‘ljallangan umumiy qiymati 25 mlrd. AQSh dollariga teng bo‘lgan ikki tomonlama hujjatlarni amalga oshirishni tomonlar nazorat qilmoqda”, - deyiladi xabarda.

Ta’kidlanganidek, strategik sherikchilikni mustahkamlashda o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish ustuvor yo‘nalish hisoblanadi. Uning hajmi so‘nggi ikki yilda 1,5 barobarga oshdi. Joriy yilning yanvar-noyabr oylarida tovar aylanmasi 5,8 mlrd. dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning mazkur davriga nisbatan 14,1%ga oshdi. Yil boshidan buyon 130 ta iqtisodiy delegatsiyalarning o‘zaro tashriflari tashkillashtirildi.

“Shu nuqtai nazardan ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston viloyatlari Rossiyaning 70 ta subektlari bilan samarali munosabatlar o‘rnatdi”, - deyiladi xabarda.

25 dekabr kuni Moskva shahrida O‘zbekiston-Rossiya vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlarining navbatdagi raundi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston delegatsiyasiga tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne’matov boshchilik qildi. Rossiya Federatsiyasidan tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Andrey Rudenko boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi. Uchrashuvda 2017 yil aprel oyidagi Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga va 2018 yil oktyabr oyidagi Vladimir Putinning O‘zbekistonga amalga oshirgan davlat tashriflari doirasida erishilgan kelishuvlarni bajarish jarayoni ko‘rib chiqildi.

Maslahatlashuvlarda 2020 yilda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan ikki tomonlama tadbirlar, jumladan, Hukumat rahbarlari darajasidagi qo‘shma komissiya va Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning yig‘ilishlarini o‘tkazish bilan bog‘liq tashkiliy masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar