Biznesni qo‘llab-quvvatlashdan banklarni xususiylashtirishgacha

Biznesni qo‘llab-quvvatlashdan banklarni xususiylashtirishgacha

Iltimos, XMKning O‘zbekiston moliyaviy sektoridagi faoliyati haqida so‘zlab bersangiz

XMKning O‘zbekistondagi asosiy faoliyat yo‘nalishi inklyuziv moliyaviy xizmatlarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat. Bizning moliya tashkilotlari bilan hamkorligimiz moliyaviy institutlar va umuman moliyaviy tizimning mustahkamlanishiga ko‘mak berdi. O‘zaro hamkorlik bizga o‘zimiz alohida amalga oshirishimiz mumkin bo‘lganga qaraganda ko‘proq kichik va o‘rta korxonalarga (KO‘K) yordam qilishga imkon berdi. Masalan, "Ipak Yo‘li" AITB bilan va bizning uzoq muddatli hamkorimiz "Hamkorbank" ATB bilan birgalikda biz kichik biznesga mahalliy valyutada kredit ajratishni ko‘paytirish ustida ishlamoqdamiz. Ilgariroq, mart oyida biz "Ipak Yo‘li" AITB ga valyuta tavakkalchiliklarini samaraliroq boshqarish va KO‘K ni milliy valyutada moliyalashtirishni orttirish imkonini beruvchi kelishuvni imzoladik. Kelishuvga asosan, XMK va "Ipak Yo‘li" AITB Xalqaro svoplar va derivativlar assotsiatsiyasi (ISDA) bilan bosh kelishuvga asosan valyuta svoplari amaliyotlarini o‘tkazadi. Bu bankka o‘z resurslarini xorijiy valyutada xedj qilish (sug‘urtalash) va o‘z aktivlari va passivlarini muvozanatini samaraliroq ta’minlash imkonini beradi.

Biz yaqinda "Ipak Yo‘li" AITB va "Ipoteka-bank" ATIB uchun O‘zbekistondagi eksportchilar va importchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun tijoriy moliyalashtirish liniyasini taqdim etdik. Hozirda biz "DAVR BANK" XATB uchun mikro-, kichik va o‘rta korxonalarni (MKO‘K) va ayol tadbirkorlarni, ushbu korxonlarning o‘sishiga yordam berish va yangi ish o‘rinlarini yaratish uchun moliyalashtirish maqsadida 5 million AQSh dollari miqdorida mahalliy valyutada qarz berishga tayyorgarlikni yakuniga yetkazish arafasidamiz. O‘zbekistonda birinchi bor XMK ayollar boshqaruvidagi va qaramog‘idagi korxonalarga alohida mablag‘ ajratmoqda.

Biz shuningdek, biznesni keng ko‘lamli moliyaviy xizmatlar va kerakli mablag‘lar bilan ta’minlaydigan raqobatbardosh va yaxshi kapitallashgan xususiy bank sektorini rivojlantirishga ham yordam bermoqdamiz. Undan tashqari, biz hozirgina "Ipoteka-bank" ATIB bilan 35 million AQSh dollariga teng miqdordagi o‘zbek so‘mida bankni xususiylashtirishni qo‘llab-quvvatlash va KO‘Kni kreditlashni ko‘paytirish maqsadida e’tiborga molik kelishuvni imzoladik. Ushbu bitim "Ipoteka-bank" ATIB bank amaliyotlarini tijoratlashtirish maqsadida so‘nggi uch yilda transformatsiya qilish va tijoriy raqobatbardosh xususiy bankka aylanish bo‘yicha amalga oshirgan ulkan ishlari natijasi hisoblanadi.

Bizning O‘zbekiston Markaziy banki (O‘MB) va moliyaviy institutlar bilan hamkorlikdagi maslahat loyihalarimiz normativ-huquqiy bazani isloh qilish va rasmiy bank sektori tomonidan yetarlicha xizmat ko‘rsatilmayotgan aholini qamrab olish maqsadida moliyaviy xizmatlar sohasida innovatsiyalarni tatbiq qilish ustida ish olib bormoqdalar. O‘zbekistonda yaqinda chet ellik strategik sarmoyadorlar va mahalliy banklar ishtirokida ta’sis etilgan kredit byurosi sezilarli yutuq hisoblanadi. Kredit byurosini tashkil etish hukumat tomonidan XMK ko‘magida amalga oshirilgan kredit ma’lumotlari tizimi islohotiga asoslangan. Zamonaviy kredit byurosi banklarni to‘la-to‘kis va eng so‘nggi ma’lumotlarni yetkazish bo‘yicha o‘ta ahamiyatli institutsional infratuzilma bilan ta’minlaydi. Bu esa o‘z navbatida sarmoyalar hajmini oshirish va tijorat banklari mahsulotlari va xizmatlari ko‘lamini kengaytirish uchun imkoniyatlar ochishda yordam beradi.

Yana bir muhim bosqichga Jahon banki guruhi ko‘magida ishlab chiqilgan va O‘zbekistonda raqamli moliyaviy xizmatlarni rivojlantirishga yordam beradigan to‘lov tizimlari to‘g‘risidagi asosiy qonun qabul qilinishi bilan erishildi. Shu munosabat bilan biz O‘MB bilan raqamli moliyaviy xizmatlar sohasida islohotlar strategiyasini ishlab chiqish, "O‘z mijozingni bil" (KYC) masofaviy uslubi, agent-banklar, elektron pullar, regulyativ "qumdon" bo‘yicha normativ hujjatlarni tayyorlash, shuningdek, aholi orasida raqamli moliyaviy savodxonlikni oshirish ustida ishlamoqdamiz. XMK shuningdek raqamli moliyaviy xizmatlar va moliyaviy texnologiyalar sektoriga sarmoya kiritish uchun imkoniyatlar yaratishning boshlang‘ich bosqichida turibti. Biz yana mas’uliyatli moliyaviy inklyuzivlik, moliyaviy muassasalar tomonidan MKO‘K va jismoniy shaxslarga taqdim etilayotgan omonat mahsulotlari va samarali kreditlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish ustida ishlamoqdamiz.

Siz "Ipoteka-bank" ATIB transformatsiyasini eslab o‘tdingiz. Ushbu loyiha va undagi XMKning roli haqida batafsil ma’lumot bera olasizmi?

2016 yilda hukumat XMKga bir necha davlat banklarini xususiylashtirishga tayyorlashga yordam berish bo‘yicha murojaat qilgan edi. Biz 2017 yildan boshlab "Ipoteka-bank" ATIB bilan hamkorlikni boshladik va uning dastlabki xususiylashtirilishi bo‘yicha maslahat xizmatlarini taqdim etdik. Biz bankni baholashdan boshladik va institutsional transformatsiya uchun majmuaviy reja ishlab chiqdik. Ushbu jarayon korporativ boshqaruv, tavakkalchiliklarni boshqarish hamda amaliyot tartib-qoidalarida sezilarli institutsional o‘zgarishlarni talab etadi. Ushbu o‘zgarishlarning barchasi bankning tijoriy faoliyatini puxta o‘ylangan biznes-model bilan ta’minlash va MKO‘K qamrovini va chakana bank xizmatlarini kengaytirishga qaratilgan.

XMK maslahatlari va tavsiyalari "Ipoteka-bank" ATIB da sezilarli o‘zgarishlarga olib keldi, bankning xususiylashtirishdan oldingi transformatsiyasi esa xususiylashtirilishi rejalashtirilgan boshqa davlat banklari uchun eng yaxshi amaliyot modeli vazifasini o‘tab berdi. Men ushbu jarayondagi XMKning muhim rolini alohida qayd etib o‘tishdan xursandman. Bizning sarmoyalarimiz bankning keyingi takommilashishiga va uning tijoriylashtirilishi va xususiylashtirilishini yakunlashga turtki bo‘ladi. KO‘Klarni moliyalashtirishdan tashqari, "Ipoteka-bank" ATIB transformatsiyasi xususiy sarmoyadorlarning O‘zbekiston bank sektorida faolroq ishtirok etishiga yordam beradi.

Davlat banklarining xususiylashtirilishi qanday qilib mamlakat moliyaviy sektorini yaxshilaydi?

Davlat banklari mamlakat bank sektoridagi 50 foizga yaqin aktivlarni tashkil etadi. Davlat sektorining bunday faolligi bozorga salbiy ta’sir o‘tkazadi va O‘zbekistonga KO‘K, infratuzilma, qishloq xo‘jaligi kabi mamlakatning muhim iqtisodiy sohalarini moliyalashtirishdagi bo‘shliqlarni yo‘qotishga halal beradi.

Shu munosabat bilan, yaqinda tasdiqlangan bank tizimini isloh qilish strategiyasi hukumatning sektordagi ulushini kamaytirish bo‘yicha bo‘yniga olgan majburiyatining dalili hisoblanadi. Mamlakat Prezidentining qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston keyingi besh yil davomida oltita bankni davlat aksiyalari paketini sotish orqali to‘liq xususiylashtirish rejalashtirmoqda. Buning natijasida O‘zbekiston hozirda kuchli bank sektorini yaratishning yaxshi salohiyatiga ega.

Xususiy kapitalning davlat banklariga kirib kelishi va ularning to‘liq xususiylashtirilishining uyg‘unligi kreditlash hajmini oshiradi va banklar bilan birga ularning mijozlariga ham foyda keltiruvchi xususiy kapital, jahon tajribasi hamda zamonaviy texnologiyalarni jalb qiladi. Jo‘shqin, samarali va yaxshi kapitallashtirilgan xususiy bank sektori kambag‘allik darajasini pasaytirishga sabab bo‘ladigan sarmoyalar oqimini kuchaytiradi.

XMK barqaror va uzoq muddatli iqtisodiy o‘sish uchun asos yaratuvchi O‘zbekistondagi yangilanish va xususiylashtirishning tarixiy jarayonida ko‘tarinki ruh bilan ishtirok etmoqda. Shuning uchun biz borgan sari ham maslahatchi, ham sarmoyador sifatida ushbu jarayonni qo‘llab-quvvatlamoqdamiz.

Bank sektorida, "Ipoteka-bank" ATIB bilan birga biz KO‘K va ushbu soha ishchilarini moliyalashtirishning strategik yondashuvini ishlab chiqish bo‘yicha yana "O‘zsanoatqurilishbank" ATBga ham maslahatlar bermoqdamiz. Undan tashqari, biz yana ushbu bankni Markaziy Osiyoda yashil moliyalashtirish imkoniyatiga ega birinchi bank sifatida ilgari surishga ham yordam bermoqdamiz. Ushbu maslahat dasturi hozirda muhokama qilinayotgan yirik sarmoyalar uchun asos hisoblanadi. Biz shuningdek hukumatga yana bir davlat banki "Turonbank" ATBni xususiylashtirish yo‘llariga oid strategik qarashni shakllantirishda yordam berdik.

Bank sektoriga qo‘shimcha ravishda, boshqa xalqaro moliyaviy institutlar bilan bir qatorda biz kimyoviy sektorni xususiylashtirishning davlat dasturini qo‘llab-quvvatlamoqdamiz va davlat-xususiy sherikligi loyihalarini ishlab chiqmoqdamiz.

Yaqinda Ipoteka-bank XMKning tijoriy moliyalashtirish bo‘yicha global dasturiga (GTFP) qo‘shilgan to‘rtinchi o‘zbek banki bo‘lgani haqida e’lon qilindi. Iltimos, Dastur haqida va banklar undan qanday naf olishlari haqida o‘rtoqlashsangiz.

OldinXMKning tijoriy moliyalashtirish bo‘yicha global dasturi haqida ikki og‘iz so‘z aytishga ijozat eting. U rivojlanayotgan bozorlardagi banklarning tijoriy majburiyatlari bo‘yicha kafolat berish orqali tavakkalchilikni kamaytirish uchun yaratilgan. Kafolatlar aniq tranzaksiyaga bog‘liq va akkreditivlar, tijorat veksellari, qabul qilingan veksellar, kafolatlar, ariza va bajarish shartlari bor obligatsiyalar kabi turli asosiy qurollar bilan hamda avans to‘lovlari kafolati bilan kuchaytirilishi mumkin. Kafolatlar XMK mezonlariga javob beruvchi xususiy sektordagi barcha savdo kelishuvlarini qo‘llab-quvvatlashga berilishi mumkin.

Yaqinda biz "Ipak Yo‘li" AITB va "Ipoteka-bank" ATIBgamahalliy kompaniyalar tijoriy moliyalashtirishdan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash va iqtisodiyotni COVID-19 pandemiyasidan himoya qilishga yordam berish maqsadida tijoriy moliyalashtirish liniyalarini taqdim etdik. Undan tashqari, banklarning savdo-moliyaviy amaliyotlarining kengaytirilishi mahalliy korxonalarni mintaqaviy va xalqaro savdo oqimlariga qo‘shish va O‘zbekiston va boshqa mamlakatlar o‘rtasida savdo hajmini oshirishga yordam beradi.

XMKning O‘zbekistondagi yana qanday tadbirlari COVID-19 pandemiyasining salbiy oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan?

Biz yordamga muhtoj kompaniyalarga yordam berish uchun imkon qadar tez javob berishga intilamiz. Pandemiya boshlangandan so‘ng qisqa muddat ichida biz COVID-19 pandemiyasining salbiy oqibatlariga qarshi kurashish chora-tadbirlari doirasida moliyaviy tashkilotlarga stress-sinovga yondashuvlari borasida vebinar tashkil etdik. Ushbu vebinar XMK tomonidan amaliy yondashuv va qurollar to‘plamini taqdim etish, shuningdek, avvalgi buhronlardan o‘rganilgan darslar bilan tanishish maqsadida tashkil etildi va bu mijozlarimizgao‘z bizneslaridagi muammolarni aniq baholashga va biznesning uzluksizligini ta’minlashning uzoq muddatli rejasini ishlab chiqishga imkon beradi. Yettita mahalliy bank qatnashchilar COVID-19 epidemiyasining butun dunyo bo‘ylab tarqalishi bilan bog‘liq kutilagan qaltis holatlarga tayyor turishga oid yondashuv va qurollar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘gan virtual seansda ishtirok etdi. Ushbu vebinar so‘ngida uchta muassasa bilan birgalikda biz, ularning stress-sinov sohasidagi va portfelni boshqarishdagi salohiyatini yaxshilashga yordam berish va biznesni jonlantirishga oid majmuaviy harakatlar rejasini ishlab chiqish maqsadida chuqurlashtirilgan maslahatlar muhokamasini o‘tkazdik.

Kelajakda biz savdo sektorini moliyalashtirishni davom ettirishda, xususiy kompaniyalarga aylanma kapitalni va o‘rta muddatli moliyalashtirishni qo‘llab-quvvatlashda davom etishlariga yordam berish uchun hozirda mavjud qiyinchiliklar tufayli ta’minot zanjirida uzilishlarni boshidan kechirayotgan bir necha mahalliy moliyaviy muassasalarni moliyalashtirish imkoniyatini o‘rganib chiqmoqdamiz.

Ziyoda Rizayeva,

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar