O‘zLiDePning prezidentlikka nomzodi Shavkat Mirziyoyev samarqandlik saylovchilar bilan uchrashuvda o‘zining 5 yillik prezidentlik dasturi bilan tanishtirdi. Dasturda 10 ming o‘rinli masjid qurilishi, viloyatda kambag‘allikni 2 barobar qisqartirish rejasi, «svet» va suv bo‘yicha rejalashtirilgan ishlar hamda tibbiyot va ta’lim yo‘nalishlarida qilinadigan ishlar keltirilgan.
Imom Buxoriyning yodgorlik majmuasida 10 ming o‘rinli masjid quriladi
Imom Buxoriyning Payariq tumanidagi yodgorlik majmuasi hozirgi vaqtda tubdan qayta qurilmoqda. Bu haqda prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev Samarqandda saylovchilar bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.
“Bu yerda 21 gektar maydonda bog‘ va xiyobonlar, 10 ming o‘rinli masjid, 3 ta mehmonxona, 24 ta oilaviy mehmon uylaridan iborat, ziyorat turizmi majmuasi barpo etiladi.
Kelgusi yili Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li tavallud topganiga 150 yil to‘ladi. Ushbu tarixiy sana bo‘yicha maxsus qaror qabul qilib, uni adabiyot va ma’naviyat bayrami sifatida o‘tkazamiz. Chunki ma’naviy durdonamiz bo‘lgan “Alpomish” dostoni aynan ana shu mashhur baxshi tilidan yozib olingan”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Samarqand davlat universitetiga Sharof Rashidov nomi beriladi
Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev qadimdan ilm-fan markazi sifatida shuhrat qozongan Samarqandning nufuzli oliygohlari – Samarqand davlat universiteti, Samarqand tibbiyot institutlarining mamlakatimiz ta’lim tizimidagi o‘rni va salohiyatini yanada oshirish maqsadida o‘z takliflarini o‘rtoqlashdi.
“Samarqand davlat universitetiga ushbu qutlug‘ maskanda tahsil olgan, shu yerda ishlagan, respublikamizda ilm-fan, ta’lim, madaniyat, adabiyot va san’at rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan atoqli davlat va jamoat arbobi, taniqli adib Sharof Rashidov nomini bersak, nima deysizlar?
Shuningdek, Samarqand tibbiyot institutiga universitet maqomini berish haqida alohida qaror qabul qilsak, o‘ylaymanki, ushbu yirik oliygohning mavjud salohiyati va kelgusi rivoji uchun yanada puxta zamin yaratgan bo‘lamiz. Faqat nom bilan cheklanmaslik kerak, katta-katta korpuslar, yotoqxonalar qurishimiz kerak. Universitetga yangi sharoitlar yaratishimiz zarur. Nom bilan emas, maqom bilan nufuzini oshiramiz. Bu tibbiyot universiteti menga juda yaqin. Har bir tumanda bu universitetning kafedralarini ochamiz va haqiqiy xalq universitetlariga aylantiramiz”, dedi amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyev.
Samarqandda kambag‘allik 2 barobarga qisqartiriladi
Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha besh yillik dastur tayyorlangani haqida ma’lum qildi.
“450 mingta ish o‘rni yaratish orqali kambag‘allikni 2 barobarga qisqartirish – eng ustuvor vazifamiz bo‘ladi. Buning uchun, kelgusi besh yilda yalpi hududiy mahsulotni 1,4 baravarga oshirib, 90 trillion so‘mga yetkazishimiz zarur. Buning uchun, avvalambor, tadbirkorlikni rivojlantirish va aholini kasb-hunarga o‘qitish orqali, 130 mingta ish o‘rinlari yaratiladi. Buning uchun oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida viloyatga har yili qariyb 1 trillion so‘m imtiyozli kredit ajratiladi.
Narpay misolida tumanni “ishsizlikdan xoli hudud”ga aylantirish bo‘yicha yangi tizim qanday ishlashi to‘g‘risida to‘xtalib o‘tsam. Ayni paytda tumanda 14 mingta mehnatga layoqatli aholi ish bilan ta’minlanmagan. Shu bilan birga, 4 mingta oila kambag‘al toifaga kiritilgan. Tumandagi mavjud 57 ta mahallaning 11 tasi qizil va 33 tasi sariq mahalla toifasiga kiradi.
Endi bevosita quyi bo‘g‘inda ijroni tashkil etish uchun, tumandagi mahallalarga biriktiriladigan “hokim yordamchilari” lavozimlari joriy etiladi. Ular mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish orqali kambag‘allikni qisqartirish va yangi ish joylarni tashkil etish bo‘yicha, tizimli ishlarni tashkil etadi.
Ushbu yordamchilarga mahallada oilaviy tadbirkorlik kreditlarini berish, lider tadbirkorlar loyihalarini amalga oshirishda ko‘maklashish, ehtiyojmand oilalarga subsidiyalar ajratish va ularni jamoat ishlariga jalb qilish, yoshlarni kasbga o‘qitish bo‘yicha moliyaviy instrumentlar beriladi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
O‘z yechimini kutayotgan muammolar
Ayni vaqtda Samarqand viloyatida erishilgan yutuqlar bilan bir qatorda, hali o‘z yechimini kutayotgan ko‘plab muammolar ham mavjud. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev aytib o‘tdi.
“Bugungi kunda Samarqanddagi eng dolzarb masalalardan biri – 170 mingdan ziyod aholi doimiy ish o‘rniga muhtoj, 65 mingga yaqin oila doimiy daromad manbaiga ega emas. Shu bilan birga, kelgusi besh yilda 200 ming yoshlar mehnat bozoriga kirib kelishini ham, hisobga olishimiz zarur.
Ikkinchi muhim masala – Samarqand mamlakatimizdagi aholisi eng ko‘p hudud bo‘lib, kelgusi besh yilda 4,5 millionga yetadi. Ularga qulay yashash sharoitlarini ta’minlash lozim. Lekin, hozirda viloyatning 1,6 million nafar aholisi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan, 6 ming kilometr ichki yo‘llar ta’mirtalab holatda. Elektr tarmoqlari eskirgani bois, viloyatda elektr ta’minoti aholi uchun ham, tadbirkorlar uchun ham eng jiddiy masalalardan biri bo‘lib qolmoqda.
Uchinchi masala – mavjud imkoniyatlarga qaramasdan, tuman va shaharlarda sanoat bir maromda o‘sayotgani yo‘q. Ayniqsa, xomashyoga boy Qo‘shrabot, Nurobod va Oqdaryo tumanlarida sanoat rivojlanishi ancha orqada.
To‘rtinchi masala – viloyatda qishloq xo‘jaligi imkoniyatlaridan to‘liq foydalanilmayapti. Bulung‘ur, Jomboy, Samarqand, Urgutning meva-sabzavotchilik va uzumchilik, Nurobod, Qo‘shrabot tumanlarining chorvachilikdagi imkoniyatlari to‘liq ishga solinmayapti.
Beshinchi masala – viloyatning ayrim hududlarida sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimi ortiqcha yuklama bilan ishlamoqda. Sog‘liqni saqlash ob’yektlari quvvatini oshirish va ularni zamonaviy jihozlash talab etiladi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Samarqand O‘zbekistonning “Turizm darvozasi”ga aylanadi
Shavkat Mirziyoyev saylovchilar bilan uchrashuvda Samarqandning asosiy drayverlaridan biri bo‘lgan turizm sohasida 40 ming kishi bandligi ta’minlanishi xususida ham aytib o‘tdi.
“Viloyatni yurtimizning “Turizm darvozasi”ga aylantirish orqali kelgusi besh yilda turizm xizmatlari hajmi kamida 10 barobarga oshiriladi. Bunda, 600 dan ortiq yangi mehmonxona va oilaviy mehmon uylari tashkil etilib, yotoq o‘rinlar soni 22 mingtaga yetkaziladi.
Viloyatda Xalqaro kulinariya va servis maktabi tashkil etilib, o‘qitishga Fransiya, Italiya, Yaponiya, Turkiyadan yetakchi restoratorlar jalb etiladi. Shuningdek, Xalqaro gastronomik festival tashkil etiladi.
Samarqand xalqaro aeroportiga parvozlar sonini 7 barobarga oshirib, yo‘lovchilar oqimi esa yiliga 220 mingdan 1,5 million nafarga yetkaziladi. Samarqandda xab bo‘ladi. Chet eldan xususiy samolyotlar ham uchib kelishadi.
Kelgusi yilda 212 gektar yer maydonida “Samarqand biznes va turizm markazi” barpo etiladi. Unda, xalqaro kongress markazi, “Abadiy shahar” karvonsaroy majmuasi, 8 ta mehmonxona, dam olish va ko‘ngilochar ob’yektlar, hunarmandchilik markazi, sun’iy suv havzalari quriladi. Bu orqali 5 mingdan ziyod yoshlar bandligi ta’minlanadi.
Kelgusi yilda Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining imtiyozli mablag‘lari hisobiga 50 ta elektrobus olib kelinadi. Umuman, viloyatga tashrif buyuradigan xorijiy sayyohlar soni yiliga 5 millionga yetadi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Viloyatni rivojlantirish uchun 3 mlrd 840 mln dollar ajratiladi
Kelgusi besh yilda Samarqand viloyatini rivojlantirish uchun davlat hisobidan 41 trillion so‘m ( 3 mlrd 840 mln doll) yo‘naltiriladi.
“Qo‘shimcha 30 ming gektar yangi yer maydoni o‘zlashtirilib, meva-sabzavot, dorivor va ozuqa ekinlarini yetishtirish uchun tanlov asosida ajratiladi. Bunda, elektr tortish va quduq qazish xarajatlarining 50 foizi byudjetdan qoplab beriladi.
Payariq, Qo‘shrabot, Ishtixon, Narpay, Bulung‘ur va Urgut tumanlarining lalmi yerlarida 19 ming gektar intensiv bog‘ va 18 ming gektar tokzor barpo etish orqali qo‘shimcha 40 ming ish o‘rinlari yaratiladi.
Misol uchun, Ishtixonda 100 gektar maydonda tokzorlar “tayyor holda” aholiga 7 yil muddatga lizing asosida beriladi. Bunda, yangi bog‘ va tokzorlar uchun yer solig‘ini to‘lashdagi imtiyozli davr 3 yildan 5 yilga uzaytiriladi.
Bandlik jamg‘armasidan 50 milliard so‘m ajratib, 5 mingdan ziyod aholi tomorqasida yengil konstruksiyali issiqxonalar quriladi. Shuningdek, meva-sabzavotni qayta ishlash klasteri faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Nurobod, Qo‘shrabot va Kattaqo‘rg‘onda 18 ming gektar lalmi yer maydonlari o‘zlashtirilib, qo‘y va echkichilik klasterlari tashkil etiladi. Bundan tashqari, kamida 500 bosh qoramol bo‘lgan 48 ta yirik chorvachilik komplekslari ishga tushiriladi va yangi o‘zlashtiriladigan 2,4 ming gektar ozuqa uchun ajratiladi.
Toyloq, Samarqand, Oqdaryo, Kattaqo‘rg‘on va Nurobodda parrandachilik klasterlari tashkil etilib, 50 ming tonna parranda go‘shti yetishtiriladi. Dorivor o‘simliklarni yetishtirish maqsadida, Qo‘shrabot, Nurobod, Payariq, Ishtixon va Urgutda za’faron va lavanda plantatsiyalari tashkil etiladi.
Irrigatsiya sohasida 145 million dollar hisobiga, 69 ta nasos stansiyasi modernizatsiya qilinadi va 48 ming gektar maydonning suv ta’minoti yaxshilanadi. Shu bilan birga, “Bulung‘ur” suv omborida qurilish ishlari yakunlanib, Bulung‘ur, Payariq va Jomboy tumanlarida 36 ming gektar maydonning suv ta’minoti yaxshilanadi.
Umuman olganda, kelgusi besh yilda Samarqand viloyatini rivojlantirish uchun davlat hisobidan 41 trillion so‘m yo‘naltiriladi. Bu raqamlarning hammasi aniq, mablag‘ning manbasi aniq. Mana, hokim o‘tiribdi, har birini qayerdan olishni tushuntirib berganman. Hammasining tagi bor, endi uni amalga oshirish kerak”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Samarqandda yirik «mega-loyihalar»ning ishga tushiriladi
Kelgusi 5 yilda Samarqandda bir qator yirik “mega-loyihalar”ning ishga tushirilishi viloyatni mamlakatning “Innovatsion sanoat xabi”ga aylantiradi.
“Kelgusi besh yilda viloyatda 8 milliard dollarlik 5,5 mingdan ziyod katta-kichik investitsiya loyihalari amalga oshirilib, 250 ming doimiy ish o‘rinlari yaratiladi. Ushbu loyihalar viloyat uchun “drayver” hisoblangan tarmoqlarda amalga oshiriladi.
Jumladan, to‘qimachilik sanoatida besh yilda umumiy qiymati 750 million dollarlik 182 ta loyihalar ishga tushirilib, 19 mingta yangi ish o‘rinlari yaratiladi va ip-kalavani qayta ishlash darajasi 100 foizga yetkaziladi.
Qurilish materiallari sanoatida Nurobod, Qo‘shrabot, Narpay, Past Darg‘om, Paxtachi tumanlari va Kattaqo‘rg‘on shahrida 1,4 milliard dollarlik 21 ta loyiha amalga oshirilib, 10 mingta ish o‘rni tashkil etiladi.
“Urgut” erkin iqtisodiy zona tajribasidan kelib chiqib, Past Darg‘om, Jomboy, Samarqand tumanlari va Samarqand shahrida elektrotexnika sohasida 200 million dollar investitsiyalar hisobiga 4,5 ming ish o‘rinlik alohida sanoat klasteri ishga tushiriladi. Natijada, viloyatda maishiy texnika ishlab chiqarish hajmi 10 barobarga, eksporti 6 barobarga oshiriladi.
Shuningdek, charm-poyabzal va ipakchilik sanoatlarida 260 million dollarlik 52 ta loyihalar amalga oshirilib, 10 mingta yangi ish o‘rinlari tashkil etiladi. Viloyatning ahamiyatli sohalaridan biri – meva-sabzavotni qayta ishlash sanoatida 75 ta loyiha amalga oshirilib, 180 million dollar investitsiyalar o‘zlashtiriladi va 5 mingta doimiy ish o‘rinlari yaratiladi. Eng muhimi – viloyatda yetishtiriladigan meva-sabzavotlarning qayta ishlash darajasi 50 foizga yetkaziladi.
Kelgusi 5 yilda Samarqandda bir qator yirik “mega-loyihalar”ning ishga tushirilishi viloyatni mamlakatimizning “Innovatsion sanoat xabi”ga aylantiradi. Jumladan, Samarqand metallurgiya zavodida 300 million dollar investitsiya hisobiga, metallurgiya klasteri tashkil etiladi. Klasterda har yili 870 ming tonna metall mahsulotlari ishlab chiqariladi.
Xuddi shunday, “Samavto” korxonasida kelgusi yilda 50 million dollar investitsiyalar o‘zlashtirilishi hisobiga avtobus, yuk va maxsus avtomobillarni ishlab chiqarish 2,5 barobarga oshiriladi (4 mingdan 10 mingtaga). Shuningdek, “UrGaz karpet” va “SAG” korxonasi negizida sun’iy toladan to tayyor gilam va to‘qimachilik mahsulotlarigacha ishlab chiqarish jarayonini qamrab olgan 500 million dollarlik klaster barpo etiladi. Natijada, 5 mingta yangi ish o‘rinlari yaratiladi va 250 million dollarlik qo‘shimcha eksport hajmlari qo‘shiladi.
Ushbu yirik loyihalarni amalga oshirish maqsadida, O‘zbekiston To‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi tomonidan tuziladigan “Milliy sanoat xoldingi” mablag‘lari jalb etiladi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
«Svet» va suv bo‘yicha rejalashtirilgan ishlar
Samarqand viloyatida so‘nggi 5 yilda elektr energiya iste’moli bir yarim barobarga oshgani bois, uning ta’minotini yaxshilash bo‘yicha alohida dastur qabul qilinadi. Bu Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev dasturida kiritilgan.
“Hozirgi kunda viloyatdagi elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlari talabning atigi 2 foizini qoplaydi. Kelgusi ikki yilda Nurobod, Kattaqo‘rg‘on va Toyloq tumanlarida jami quvvati 400 Megavattli quyosh elektr stansiyalari va kichik GESlar ishga tushiriladi. Natijada, 600 ming nafar aholi va 2,5 mingdan ziyod korxonalarni ta’minlash uchun yetarli bo‘lgan qo‘shimcha elektr energiyasi ishlab chiqariladi. 6 ming kilometr tarmoqlar, 500 kilovoltli nimstansiya, 2 mingta transformator va 61 mingta eski simyog‘ochlar to‘liq yangilanadi.
Shuningdek, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari davom ettiriladi. Bunda sharoiti og‘ir 32 ta qishloq va mahallani obodonlashtirish uchun kelgusi yilning o‘zida 390 milliard so‘m yo‘naltiriladi. Ijtimoiy soha va infratuzilma ob’yektlarini qurish uchun byudjetdan 275 milliard so‘m ajratiladi. Ushbu mablag‘lar mahalliy kengash qarori asosida, maqsadli ishlatiladi.
Kelgusi besh yilda markazlashgan toza ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasi 64 foizdan 84 foizga, oqova suv tizimi 12 foizdan 35 foizga yetkaziladi. Xususan, Kattaqo‘rg‘on shahri ichimlik va oqova suv tizimlarini yaxshilash maqsadida 66 million dollarlik loyiha amalga oshirilib, ichimlik suv ta’minoti bilan to‘liq qamrab olinadi. Ilgari ichimlik suvi yetib bormagan Kattaqo‘rg‘on, Ishtixon, Past Darg‘om, Nurobod, Narpay, Jomboy, Oqdaryo va Toyloqdagi 177 ta mahallaning 680 ming aholisi toza ichimlik suvi bilan to‘liq ta’minlanadi.
Kelgusi besh yilda 28 ming xonadonli 730 ta ko‘p qavatli uylar barpo etiladi, oldingi besh yilga nisbatan 2 barobar ko‘p. Chekka va olis hududlardagi 408 ta ko‘p qavatli uylarni ta’mirlashga byudjetdan mablag‘ ajratiladi. “Renovatsiya” dasturi asosida, Samarqand shahrining Temir yo‘l hududida 100 mingdan ortiq aholi uchun ko‘p qavatli zamonaviy uylar, Shirin massivida 90 ming nafar aholiga mo‘ljallangan shaharcha barpo etiladi.
8 ming kilometrdan ziyod avtomobil yo‘li va ichki ko‘chalar, 270 ta ko‘prikni qurish-ta’mirlash uchun 4 trillion so‘m yo‘naltiriladi. Kelgusi yildan Kattaqo‘rg‘on, Ishtixon, Payariq va Qo‘shrabot tumanlaridagi 105 ta mahalladagi 400 ming aholi uchun jamoat transporti qatnovi yo‘lga qo‘yiladi”, dedi Prezident.
Samarqand “ta’lim xabi”ga aylanadi
Samarqand shahri yashash uchun qulay va jozibador “millionli yashil shahar”ga aylantiriladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev saylovchilar bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.
“Buning uchun, Samarqand, Past Darg‘om, Oqdaryo va Toyloq tumanlari hududidan 18 ming gektari shahar tarkibiga qo‘shiladi. Davlat idoralari va ma’muriy xizmatlar tarixiy markazdan yangi hududga ko‘chiriladi. Samarqand shahrida yangi 2 ta tonnel va 2 ta ko‘prik quriladi.
Samarqand bilim va ilm-fan makoni, “ta’lim xabi”ga aylanadi. Buning uchun, avvalo, maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 69 foizdan 82 foizga yetkaziladi. 59 ta davlat va 34 ta xususiy, 905 ta oilaviy bog‘chalar tashkil etiladi. Kelgusi besh yilda 38 ta yangi maktab quriladi, 711 tasi rekonstruksiya qilinadi va kapital ta’mirlanadi, 155 mingta qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratiladi.
Bundan tashqari, barcha shahar va tumanlarda IT’ga ixtisoslashgan maktablar tashkil etilib, ularda 50 mingdan ziyod yoshlar qamrab olinadi. Oliy ta’lim bilan qamrov darajasi 50 foizga yetkaziladi, hozir – 33 foiz. Samarqand shahrida 20 ming talabaga mo‘ljallangan “Yoshlar shaharchasi” barpo etilib, unda kamida 4 ta xorijiy universitetlarning filial va kampuslari joylashtiriladi. Samarqand davlat universitetini jahonning mingta nufuzli oliygohlari qatoriga kiritish dasturi amalga oshiriladi. Yetakchi texnika universitetlari bilan birgalikda Samarqand texnologiya universiteti tashkil etiladi”, dedi Prezident.
Jigarni ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi
Kelgusi besh yilda Toshkentda ko‘rsatilayotgan ixtisoslashgan tibbiy xizmatlarning barchasi Samarqandda ham yo‘lga qo‘yiladi.
“Ajratiladigan mablag‘lar bosqichma-bosqich 2 barobarga oshirilib, kasallikni erta aniqlash, bepul dori vositalari bilan ta’minlash va davolash choralari ko‘riladi.
Kattaqo‘rg‘on shahar, Paxtachi, Pastdarg‘om, Payariq va Urgutda perinatal markazlar tashkil qilinadi. Bulung‘ur, Urgut, Ishtixon va Paxtachida 4 ta o‘tkir yurak qon-tomir kasalliklari markazlari tashkil etilib, gemodializ xizmati ham yo‘lga qo‘yiladi.
Viloyatda 25 mingdan ziyod tug‘ma nogironligi bo‘lganlar uchun Bolalar tibbiy reabilitatsiya markazi filiali ochiladi. Aholiga yuqori texnologik tibbiy xizmatlar ko‘rsatish ko‘lami kengaytirilib, Samarqand mintaqaning “tibbiyot xabi”ga aylantiriladi. Kelgusi besh yilda Toshkentda ko‘rsatilayotgan ixtisoslashgan tibbiy xizmatlarning barchasi Samarqandda ham yo‘lga qo‘yiladi.
Viloyat kardiologiya markazida yurak kasalliklarining barcha turlarini davolash imkonini beruvchi zamonaviy jihozlangan kardiojarrohlik bo‘limi tashkil etiladi. Kelgusi yilda Tibbiyot instituti klinikasi negizida Mintaqaviy neyroxirurgiya markazi tashkil etilib, 10 dan ortiq jarrohlik amaliyotlari yo‘lga qo‘yiladi. Samarqandda bir yilda 25 mingdan ziyod bemor neyroxirurgiya xizmatiga muhtoj bo‘lib, ularning atigi 30 foizi viloyatda davolanadi.
Respublika xirurgiya markazi filialida 7 nafar bemorga buyrakni ko‘chirib o‘tkazish operatsiyasi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani, quvonarli hol, albatta. Endilikda, jigarni ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti ham yo‘lga qo‘yiladi. Onkologiya markazining moddiy-texnik bazasi yangilanib, bolalar onkoxirurgiya va kimyo terapiyasi, kaminvaziv xirurgiya amaliyoti joriy etiladi. Shu bilan birga, viloyatda ilk bor tug‘ma eshitish nuqsoni bor bolalarni to‘liq davolash yo‘lga qo‘yiladi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Izoh qoldirish