O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish istagini yana bir bor tasdiqladi va Jenevada bozor islohotlari bo‘yicha erishilgan yutuqlarni taqdim etdi

O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish istagini yana bir bor tasdiqladi va Jenevada bozor islohotlari bo‘yicha erishilgan yutuqlarni taqdim etdi

2025 yilning 12 iyun kuni Jenevada (Shveysariya) O‘zbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lishi bo‘yicha tashkil etilgan Ishchi guruhning 10-yig‘ilishi doirasida “O‘zbekistonda bozor tamoyillariga asoslangan iqtisodiy islohotlari” mavzusidagi panel sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Tadbir JST, Jahon banki va XVF ko‘magida tashkil etildi.

Sessiyaning asosiy maqsadi – O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan bozor islohotlarining ustuvor yo‘nalishlarini taqdim etish, JSTga a’zo bo‘lish jarayonida yuzaga keladigan muammolar va imkoniyatlarni muhokama qilish, shuningdek, investitsiya muhiti va makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarni yaxshilash borasidagi natijalarni tahlil qilishdan iborat.

Tadbirda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) direktori Obid Xakimov O‘zbekistonda 2017–2024 yillarda amalga oshirilgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar natijalari haqida ma’ruza qildi.

Xalqaro ekspertlar O‘zbekiston hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarga sodiqligini yuqori baholab, mazkur islohotlarning so‘nggi yillarda mamlakatning iqtisodiy rivojlanishiga qo‘shgan sezilarli ta’sirini alohida qayd etdi.

Ekspert o‘z nutqi davomida 2017-2024 yillarda O‘zbekiston makroiqtisodiy barqarorlik sohasida sezilarli natijalarga erishganini alohida ta’kidladi. Aholi jon boshiga YaIM 1781 dollardan 3092 dollargacha oshdi, ishsizlik darajasi 9,3 foizdan 5,8 foizgacha kamaydi, aholining real yalpi daromadi 83 foizga oshdi. Shu bilan birga, inflyasiya, tashqi xatarlarga qaramay, 9,8 foiz darajasida saqlanib qolmoqda, bu Markaziy Osiyo o‘rtacha ko‘rsatkichidan (16,7 foiz) pastdir.

O.Xakimovning ta’kidlashicha, asosiy kapitalga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hajmi 2,8 barobar oshib, 39 milliard dollarga yetgan. Bu mablag‘lar infratuzilma, energetika, sanoat va logistika tarmoqlarini modernizatsiya qilishga yo‘naltirildi. Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishga alohida e’tibor qaratildi – raqamli nazorat-kassa mashinalari, elektron hisob-fakturalar va tavakkalchilikka asoslangan soliq monitoringini joriy etish uning ulushini 45,1 foizdan 34,8 foizga kamaytirish imkonini berdi.

Ekspert xususiy sektorning iqtisodiyotdagi rolini kuchaytirish doirasida O‘zbekiston 2030 yilga borib xususiylashtirish, davlat-xususiy sheriklik munosabatlarini rivojlantirish, bozor raqobatini yaxshilash va investitsiya jozibadorligini oshirish orqali yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 85 foizga yetkazishni rejalashtirayotganini ta’kidladi.

Ma’ruza davomida iqtisodiyotning tarmoq tuzilmasidagi yuz bergan tub o‘zgarishlarga ham e’tibor qaratildi. Xususan, sanoat ishlab chiqarishining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 14 foizdan 20 foizga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi esa 28 milliard dollardan 62 milliard dollarga, ya’ni 2 barobardan ko‘proq oshdi. Bunday natijalar ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish, eksportni qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan siyosat va sanoat loyihalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etish natijasida erishilgani ta’kidlandi.

Ekspert O‘zbekistonning xalqaro reytinglarda erishgan yutuqlarini alohida ta’kidladi. «Harvard Growth Lab» tomonidan tuzilgan iqtisodiy murakkablik reytingida mamlakat 5 yil ichida 28 pog‘onaga ko‘tarilib, 145 davlat orasida 70-o‘rinni egalladi.

Markaz rahbari ushbu indeks eksport qilinadigan mahsulotlarning xilma-xilligi va texnologik rivojlanishini o‘lchashini tushuntirdi. O‘zbekistonning ushbu indeksdagi o‘rni ortib borayotgani iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, noresurs eksportini ko‘paytirish va yangi mahsulot turlarini o‘zlashtirishdagi muvaffaqiyatlardan dalolat beradi. Bu uzoq muddatli iqtisodiy o‘sish salohiyati bilan bevosita bog‘liq bo‘lib, iqtisodiyotning tarkibiy modernizatsiyasi, sanoat ishlab chiqarishining rivojlanishi va mamlakatning xomashyo qaramligidan chiqish imkoniyatidan dalolat beradi.

Shunday qilib, O‘zbekiston eksportning barqaror o‘sish sur’atlarini yiliga o‘rtacha 13,4 foizga ko‘rsatmoqda, xomashyo resurslaridan tashqari tayyor mahsulotlar eksporti esa bundan ham tezroq – yiliga 17 foizga o‘sdi, bu ko‘rsatkichlar jahon miqiyosidagi o‘rtacha darajadan yuqori. Natijada so‘nggi 15 yilda mamlakatimiz jami 2,1 milliard dollarlik 68 ta yangi turdagi eksport mahsulotlarini bozorga chiqardi, shundan 8 foizi umumiy eksportda salmoqli o‘rin tutadi. Bu O‘zbekiston iqtisodiyotida bosqichma-bosqich diversifikatsiya jarayoni amalga oshib borayotganidan dalolat beradi.

Jahon bozorida raqobatbardoshligini ko‘rsatuvchi muhim jihat shundaki, O‘zbekiston tomonidan eksport qilinayotgan 162 turdagi mahsulot nisbiy ustunlikka ega.

Ishlab chiqarish diversifikatsiyasi darajasi bo‘yicha mamlakat 145 davlat orasida 46-o‘rinni egallab, mintaqadagi ko‘plab davlatlardan ilgarilab ketgan. Bu esa mamlakatda texnologik jihatdan rivojlangan, turli xil mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyati mavjudligini anglatadi.

Shuningdek, Garvard laboratoriyasining prognozlariga ko‘ra, O‘zbekiston 2033 yilgacha dunyodagi ikkinchi eng tez rivojlanayotgan iqtisodiyot bo‘lib, yalpi ichki mahsulotning o‘rtacha yillik o‘sishi 5,75 foizni tashkil etadi. Bu esa olib borilayotgan islohotlar, sanoat siyosati va eksportni qo‘llab-quvvatlash choralari barqaror iqtisodiy o‘sish uchun mustahkam zamin yaratib borayotganini tasdiqlaydi.

Shuningdek, O‘zbekistonning qator xalqaro indekslarda erishgan natijalari alohida qayd etildi. Xususan, «Heritage Foundation» tomonidan tuzilgan «Iqtisodiy erkinlik indeksi»da mamlakat 14 pog‘ona yuqori ko‘tarildi (100-o‘rinni), «e-Government Development Index»da (BMT) O‘zbekiston raqamli davlat boshqaruvi juda yuqori darajada rivojlangan davlatlar guruhiga kiritildi. «WIPO» tomonidan tuzilgan «Global innovatsion indeks»da esa mamlakat Janubiy va Markaziy Osiyo mintaqasida 4-o‘rinni egalladi.

Ekspert ta’kidlaganidek, 2017 yildan boshlab O‘zbekistonda iqtisodiyotni liberallashtirishga qaratilgan keng qamrovli siyosat amalga oshirilmoqda. Milliy valyuta to‘liq konvertatsiya qilinishi ta’minlandi, ikki yoqlama kurs bekor qilindi, import bojlari o‘rtacha stavkalari 15,3 foizdan 8 foizgacha pasaytirildi. Shuningdek, 59 ta oziq-ovqat mahsulotlari toifasi bo‘yicha bojxona bojlari nol darajasiga tushirildi, bu esa inflyasiya darajasining pasayishi va ichki iste’molning o‘sishiga ko‘plab ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Natijada, mamlakatning eksport hajmi 2,2 barobarga oshdi.

Shu bilan birga, 2021 yildan O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi bilan savdo munosabatlarida GSP+ imtiyozli rejimidan foydalanib kelmoqda.

Investitsion faoliyatga kelsak, asosiy kapitalga yo‘naltirilgan investitsiyalar hajmi 14 milliard dollardan 39 milliard dollargacha, ya’ni 2,7 barobarga oshgani, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar esa deyarli 5 barobarga ko‘paygani (2,4 milliard dollardan 11,9 milliard dollargacha) ta’kidlandi.

Taqdimot doirasida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan muhim islohotlar alohida ta’kidlab o‘tildi. Jumladan, 2019 yilda qabul qilingan va 2024 yilda qayta ko‘rib chiqilgan “Investitsiyalar to‘g‘risida”gi qonunga mas’uliyatli biznes tamoyillari, milliy rejim, yerga foydalanish huquqini 49 yilgacha soddalashtirilgan tartibda berish hamda imtiyozli ishtirok etish chegarasi (10%dan boshlab) kabi muhim me’yorlar kiritildi. Shu bilan birga, investorlarning huquqlarini himoya qilish maqsadida 50 dan ortiq investitsiyalarni o‘zaro himoya qilish to‘g‘risidagi bitimlar va 54 ta ikki tomonlama soliqqa tortishni oldini olish to‘g‘risidagi kelishuvlar imzolandi.

Shuningdek, Prezident huzurida Investitsiyalar bo‘yicha ekspertlar kengashi tashkil etildi, yirik investorlar uchun investitsiya vizalari va yashash guvohnomalari joriy etildi. Maxsus iqtisodiy zonalar soni 3 tadan 22 tagacha oshirildi, davlat-xususiy sheriklik (DXSh) loyihalari soni 366 taga, ularning umumiy qiymati esa 140 milliard AQSh dollariga yetdi.

Bundan tarshqari, O‘zbekiston energetika sohasidagi islohotlar ham muhokama qilindi. Xususan, 2017–2024 yillarda elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 38% ga o‘sdi, o‘rnatilgan quvvat esa 79% ga ko‘payib, 24,4 GVtga yetdi. 2024 yilga qadar umumiy quvvati 4,1 GVt bo‘lgan 14 ta quyosh va 3 ta shamol elektrostansiyasi barpo etildi. 2030 yilgacha qayta tiklanuvchi energiya manbalari bo‘yicha umumiy quvvat 18 GVtga yetkazilishi rejalashtirilgan.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston mintaqada birinchi bo‘lib “yashil sertifikatlar” va uglerod kvotalari savdosini yo‘lga qo‘ydi. 2017–2024 yillarda zararli moddalar chiqindisi 11% ga kamaydi, 2030 yilga qadar 2010 yilgi darajadan 30% ga qisqartirish ko‘zda tutilgan.

Ekspert O‘zbekiston o‘z oldiga qo‘ygan ulkan maqsadlarni — yalpi ichki mahsulotni 200 milliard dollargacha, umumiy eksport hajmini 45 milliard dollarga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini 10 milliard dollargacha va har bir kishi hisobiga to‘g‘ri keladigan YaIMni 5 ming dollargacha yetkazishni ta’kidladi. Bu mamlakatni o‘rtadan yuqori daromadli davlatlar qatoriga olib chiqadi va investorlar ishonchini mustahkamlaydi.

Ayniqsa, eksportda qo‘shilgan qiymat ulushini 50% gacha oshirish, importga bog‘liqlikni 50% ga kamaytirish, DXSh loyihalarini rivojlantirish va infratuzilma, energiya samaradorligi hamda ijtimoiy sohalarga 30 milliard dollar investitsiya jalb etish rejalashtirilmoqda. Shu bilan birga, inflyasiya va ishsizlik darajasini 5–6% atrofida ushlab turish asosiy maqsad qilib belgilangan.

Ekspert so‘zi yakunida ta’kidlaganidek, so‘nggi 8 yilda amalga oshirilgan tub iqtisodiy islohotlar barqaror o‘sish va jahon iqtisodiyotiga integratsiya uchun mustahkam zamin yaratdi. Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish esa mamlakatning raqobatbardoshligini yanada oshirish, o‘rnatilgan yutuqlarni mustahkamlash va uzoq muddatli iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan strategik qadam sifatida baholanmoqda.

Shuningdek, xalqaro hamkorlarning ishonchi ortishi, investitsiyalar o‘sishi va iqtisodiyotdagi diversifikatsiyaning chuqurlashuvi O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi yangi o‘sish markaziga aylanishiga turtki berayotgani qayd etildi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar