Dorixonalarda qanday dori vositalari mavjud emas va qanday dorilarning narxlari oshirilgan?

Dorixonalarda qanday dori vositalari mavjud emas va qanday dorilarning narxlari oshirilgan?

Koronavirus infeksiyasining ko‘payishi natijasida davolanish uchun zarur bo‘lgan dori-darmonlar oshirilgan narxda sotilgan. Respublikaning ko‘plab dorixonalarida COVID-19 ga qarshi qo‘llaniladigan dori vositalarining tanqisligi, ayrim holatlarda mavjud emasligi kuzatildi, deya xabar berdi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi.

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi karantin boshlangan davrdan buyon dori vositalari narxi oshib ketishining oldini olish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar amalga oshirmoqda.

Buning natijasida, savdo ustamalariga hamda savdo qoidalariga qat’iy rioya qilish, dori vositalariga bo‘lgan sun’iy tanqislik va katta talabni vujudga keltirmaslik, qonun va litsenziya talablariga amal qilmaslikning huquqiy oqibatlari to‘g‘risida tegishli tushuntirishlar olib borildi va respublika bo‘yicha 3000 dan ortiq dorixona rahbarlari va xodimlariga rasmiy ogohlantirish xatlari berildi.

20 iyul — 12 avgust kunlari 500 ga yaqin dorixonalarda COVID-19 infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolashda qo‘llaniladigan dori vositalari va biologik faol moddalar ro‘yxatiga kiritilgan dori vositalarining dorixonalarda mavjudligi va ularning chakana narxlari yuzasidan Agentlik tomonidan monitoring kuzatuvlari o‘tkazildi.

Tanqis bo‘lgan dorilar

Kuzatuvlarga ko‘ra, dorixonalarda quyidagi dori vositalari mavjud emas:

  1. Ribavirin tarkibli (virusga qarshi vosita) «Vizavirin» (Hindiston);
  2. Ritonavir va Lopinavir tarkibli (virusga qarshi vosita);
  3. «Aluvia» (Germaniya);
  4. «Lopinavir/Ritonavir» (Hindiston);
  5. Apiksaban tarkibli (to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir etuvchi antikoagulyant, Xa. koagulyasion omilining selektiv inxibitori);
  6. «Elikvis» (AQSh) dori vositalari.

Respublika bo‘yicha o‘rganilgan dorixonalarning 14 tasida (Toshkent sh., Andijon, Buxoro, Jizzax, Namangan, Toshkent, Farg‘ona va Xorazm viloyati) Umifenovir (virusga qarshi vosita) tarkibli «Arbidol» (Rossiya) va «Arpeflyu» (Belorussiya) dori vositasi mavjudligi hamda ularning qoldiq zaxirasi kamligi (605 quti) kuzatildi.

Qaysi dorilar qimmat narxlarda sotilmoqda?

Ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarga ko‘ra, aholi talabi yuqori bo‘lgan ayrim dori vositalari dorixonalardan tashqarida va boshqa yo‘llar bilan qimmat narxlarda sotilayotganligi qayd etilmoqda. Shu jumladan, Plakvenil (gidroksixloroxin) kabi dori vositasi dorixonalardan tashqarida 500 ming so‘mdan 1 mln so‘mgacha sotilayotgan bo‘lsa (barcha xarajatlar va savdo ustamalari bilan qo‘shib hisoblanganda eng yuqori chakana narxi 410 ming so‘mdan oshmasligi kerak), chakana narxi 405 ming so‘mdan oshmasligi lozim bo‘lgan Kleksan (enoksaparin) 4000 XA ME dozali dori vositasi dorixonalar va undan tashqarida 2,4 mln so‘mgacha narxlarda sotilmoqda. Belarusda ishlab chiqarilgan Geparin dori vositasi ham dorixonalarda qutisi uchun 400 ming so‘mdan realizatsiya qilinmoqda, uning cheklangan chakana narxi 135 ming so‘mni tashkil etadi.

Dorixonalarda tekshiruv o‘tkazildi

Agentlikning hududiy tuzilmalari tomonidan 30 ta dorixonada o‘tkazilgan tekshirishlar davomida quyidagilar ma’lum bo‘ldi:

  • 9 ta (Toshkent sh. Jizzax, Samarqand, Toshkent v.) holatda belgilangan ustamalarni 20 foiz o‘rniga 93 foizgacha qo‘llanilgan;
  • 6 ta (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Sirdaryo v., Toshkent sh.) holatda yaroqlilik muddati o‘tgan, ro‘yxatdan o‘tmagan va kirim hujjati mavjud bo‘lmagan dori vositalarini realizatsiya qilish holatlari aniqlangan;
  • 12 ta dorixonaga belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, tegishli ko‘rsatma berilgan (chora ko‘rilgan) hamda litsenziya shartlarini qo‘pol ravishda buzganligi uchun belgilangan tartibda litsenziyasini bekor qilish masalasini ko‘rib chiqish uchun Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligiga to‘plangan hujjatlar yuborildi.

Shuningdek, iste’molchilar murojaatlarini o‘rganish davomida va Agentlik tomonidan olib borilgan monitoring natijasida dori vositalarini tovar chekisiz sotish holatlari aniqlanmoqda. Dorixonalar aksariyat holatlarda dori vositalari narxlarini yashirish maqsadida tovar chekini berishmayotganligi kuzatilmoqda. Bu o‘z navbatida dori vositalarini qimmat narxlarda sotish holatlarini aniqlashni qiyinlashtirmoqda.

Agentlik barcha iste’molchilarni ogohlantirmoqda

Agentlik barcha iste’molchilarga dorixona xodimidan dori vositalarini sotib olishdan oldin muvofiqlik sertifikatini talab qilish huquqiga ekanliklar, shuningdek, nazorat-kassa va tovar cheki berishni talab qilish zarurligini eslatib o‘tdi. Dori-darmonlarni qabul qilish vaqtida shifokorning farmatsevtga yozma murojaati — retseptni saqlash tavsiya etiladi, deya xabar berdi agentlik.

Iste’molchilik huquqlari buzilgan fuqarolar Agentlikning 1159 qisqa raqamli ishonch telefoni, www.consumer.uz. veb-sayti yoki info@consumer.uz elektron manziliga murojaat yuborishlari mumkin.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar