Prezident topshirig‘i: COVID-19 ni davolashda qo‘llaniladigan tibbiy buyumlar, dori vositalarini realizatsiya qilish tartibi soddalashtiriladi

Prezident topshirig‘i: COVID-19 ni davolashda qo‘llaniladigan tibbiy buyumlar, dori vositalarini realizatsiya qilish tartibi soddalashtiriladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshirig‘iga asosan qabul qilingan Hukumat qarori bilan koronavirus infeksiyasi keng tarqalishiga qarshi kurashishda mamlakatda dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar taqchilligining oldini olish, shuningdek fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish hamda koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarga o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilishini ta’minlash maqsadida, COVID-19 infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolashda qo‘llaniladigan tibbiy buyumlar, tibbiy texnikalar, dori vositalari va biologik faol moddalarni O‘zbekiston Respublkasiga olib kirish hamda mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan realizatsiya qilish tartibi soddalashtirildi.

Xususan, qarorga muvofiq, 2020 yil 1 oktyabrga qadar:

  • 84 turdagi tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar, shu jumladan kislorod konsentratorlar, puls oksimetrlari hamda sink, magniy, selen yoki vitamin “D” moddalarini saqlovchi biologik faol qo‘shimchalar import qilinganda va mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilganda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmasdan va majburiy sertifikatlashtirilmasdan bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirish (import qilinganda) va realizatsiya qilish;
  • 46 turdagi dori vositalari import qilinganda va mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilganda ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazmasdan hamda 5 kunlik muddatda sertifikatlashtirish asosida bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirish (import qilinganda) va realizatsiya qilishga ruxsat berildi.

Shuningdek, Respublika maxsus komissiyasiga Sog‘liqni saqlash vazirligi va Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining (Agentlik) qo‘shma xulosasi asosida qarorda belgilangan tibbiy buyumlar, tibbiy texnikalar, dori vositalari va biologik faol moddalar ro‘yxatlariga qo‘shimchalar va o‘zgartirishlar kiritish huquqi berildi.

Tibbiy buyum, tibbiy texnikalar, shu jumladan kislorod konsentratorlar, biologik faol qo‘shimchalar va dori vositalari importi bilan shug‘ullanuvchi va mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar:

  • mahsulot sifati va xavfsizligi uchun javobgar hisoblanadi hamda o‘zlari tomonidan realizatsiya qilingan mahsulot haqidagi ma’lumotlarni mahsulot realizatsiya qilingan kundan boshlab 5 kun ichida Agentlikka taqdim etishlari;
  • dori vositalarini sertifikatlashtirish uchun dori vositasining qadog‘ida halqaro patentlanmagan nomini o‘zbek yoki rus yohud ingliz tilida ko‘rsatilishini ta’minlagan holda ishlab chiqaruvchi korxonaning sinov bayonnomasini va sinov usullari ko‘rsatilgan hujjatni taqdim etishlari shart.
    Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalarning O‘zbekistondan tashqariga olib chiqilishi 2020 yil 1 oktyabrga qadar vaqtinchalik to‘xtatildi.

Ayrim dori vositalar, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalarni eksport qilishga Respublika maxsus komissiyasi tomonidan ruxsat berilishi mumkin.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar