2022 yil 1 avgustdan O‘zbekiston qonunchiligida qanday o‘zgarishlar kuzatiladi. Bu haqda siz Review.uz saytidan bilib olasiz. Keling 1 avgustdan qonuniy o‘zgarishlarni sanab chiqamiz.
-
Nogironligi bo‘lgan yoshlarga 15 mln so‘mgacha subsidiya ajratish uchun ariza qabul qilish boshlanadi
Hukumat qarori bilan nogironligi bo‘lgan yoshlarga subsidiya ajratishning ma’muriy reglamentlari tasdiqlangan.
Reglamentga ko‘ra, nogiron yoshlarga nodavlat ta’lim tashkilotlarida kasb-hunar, dasturlash, umumta’lim fanlari va xorijiy tillarni o‘rgatish, zarur hollarda yashash va transport xarajatlarini qoplash uchun BHMning 50 baravarigacha (15 mln so‘mgacha) subsidiya ajratiladi.
Subsidiya olish uchun arizalar joriy yil uchun – 2022 yil 1 avgustdan, 2023 yildan boshlab har yili – 10 yanvardan qabul qilinadi.
-
Jismoniy shaxsni identifikatsiyalashning Mobil-ID tizimi joriy etiladi
Davlat xizmatlaridan foydalanish uchun shaxsni identifikatsiyalashning mavjud tizim va vositalariga qo‘shimcha ravishda jismoniy shaxsni identifikatsiyalashning Mobil-ID tizimi joriy etiladi.
- Mobil-ID tizimi “Elektron hukumat” tizimi foydalanuvchilarini identifikatsiyalash bo‘yicha yagona axborot tizimining tarkibiy qismi hisoblanadi va shaxsni uning mobil telefon raqami orqali identifikatsiyalashni nazarda tutadi;
- shaxsni Mobil-ID tizimi yordamida identifikatsiyalash fuqaroning xohishiga ko‘ra DXM yoki notarial idora tomonidan yoxud YaIDXPning mobil ilovasi orqali amalga oshiriladi.
-
Oilaviy shifokor punktlarining ish samaradorligini bahaolash bo‘yicha yangi reyting tizimi joriy qilinadi
Oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarning ish samaradorligini baholash bo‘yicha yangi reyting tizimi joriy qilinadi.
Bunda:
- hududda ortiqcha vazndan xalos bo‘lish, to‘g‘ri ovqatlanish tamoyillariga rioya etish, jismoniy faollikni oshirish, infarkt, insult, qandli diabet, onkologiya kabi kasalliklarning oldini olish bo‘yicha ko‘rsatkichlar asosiy mezonlar bo‘ladi;
- har 6 oyda ijobiy ko‘rsatkichlarga erishgan tibbiyot xodimlari rag‘batlantiriladi hamda eng yaxshi natija ko‘rsatgan tibbiyot muassasasi mukofot va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi.
-
Intellektual mulk ob’yektlariga oid ayrim tekshiruvlar “Sanoat mulki muhofazasi portali” orqali amalga oshiriladi
“Intellektual mulk sohasini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–221-son, 26.04.2022 y.) ga ko‘ra quyidagi tekshirish va o‘rganishlar Adliya vazirligining “Sanoat mulki muhofazasi portali”dan foydalangan holda amalga oshiriladi:
- sertifikatsiyalash organlari tomonidan sertifikatlashtirish jarayonidagi qo‘llanilgan nom, qadoqlar va boshqa rekvizitlarda intellektual mulk ob’yektlariga bo‘lgan huquqlarni o‘rganish va tekshirish;
- Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan dorilar, tibbiy buyumlarni ro‘yxatidan o‘tkazishda intellektual mulk ob’yektlariga bo‘lgan huquqlarga rioya etilganligini tekshirish.
-
Maktablar va bog‘chalarga ham yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari tomonidan tuman darajasidagi quyidagi idoralarga yuridik xizmat ko‘rsatiladi
Bosqichma-bosqich Yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari tomonidan tuman darajasidagi quyidagi idoralarga yuridik xizmat ko‘rsatiladi:
- mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi;
- qishloq xo‘jaligi bo‘limi;
- turizm va madaniy meros bo‘limi;
- sportni rivojlantirish bo‘limi;
- oila va xotin-qizlar bo‘limi;
- davlat soliq inspeksiyasi;
- aholi bandligiga ko‘maklashish markazi;
- davlat umumiy o‘rta ta’lim maktablari;
- davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari;
- davlat ko‘p tarmoqli markaziy va oilaviy poliklinikalar.
-
Mahalliy innovatsion tovarlarni sotish bo‘yicha davlat organlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzishga ruxsat beriladi
“Tubdan yangilovchi” innovatsiyalar yaratishni rag‘batlantirishning quyidagi tizimi joriy etiladi:
- mahalliy ilmiy tashkilotlar va korxonalarga innovatsion tovarlar bo‘yicha davlat organlari bilan shartnomalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri imzolash huquqi beriladi;
- ustav fondida 50 va undan ko‘p foiz davlat ulushi bor xo‘jalik jamiyatlarida foyda solig‘ini to‘lagungacha uning 10 foizgacha ajratmalaridan Innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi. Bunda:
- mablag‘lar “tubdan yangilovchi” innovatsiyalarni yaratishga va joriy qilishga yo‘naltiriladi;
- Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalar portfeli Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan kelishiladi.
-
Mahallalarda ijtimoiy xizmatlar kompleks yondashuv asosida ko‘rsatiladi
“Mahallalarda ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga yordam berish tizimini yangi bosqichga ko‘tarish hamda xotin-qizlarni kasbga o‘rgatish ishlarini yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–300-son, 29.06.2022 y.) ga ko‘ra 2022 yil 1 avgustdan dastlab Surxondaryo viloyatidagi mahallalarda (2022 yil 1 noyabrdan respublikaning boshqa barcha mahallalarida) “Mahallada ijtimoiy xizmat” moduli orqali ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimi joriy etiladi.
-
Ayrim davlat xizmatlari interaktiv rejimga o‘tkaziladi
Quyidagi xizmatlar faqat YaIDXP orqali ko‘rsatiladi:
- avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatuvchi yuridik shaxslarning o‘quv guruhlarini ro‘yxatga olish;
- avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchiligiga nomzodlardan imtihonlarni qabul qilish uchun hujjatlarni va milliy haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirish.
-
Tajriba-sinov OTMda Auditning xalqaro standartlarini chuqurlashtirilgan tarzda o‘qitish joriy etiladi
Tajriba-sinov OTMlarining (Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent moliya instituti, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti) ta’lim jarayoniga AXS bo‘yicha chuqurlashtirilgan tarzda o‘qitishni nazarda tutuvchi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisligi bo‘yicha «Buxgalteriya hisobi» va «Audit» fanlari bo‘yicha yangilangan o‘quv dasturlari joriy etiladi.
10. «UzGasTrade» AJ – «O‘ztransgaz» AJning huquqiy vorisi
«O‘ztransgaz» AJning tabiiy gazni xarid qilish va sotish shartnomalari hamda bitimlari, shu jumladan mahsulot taqsimotiga oid bitimlar bo‘yicha huquq va majburiyatlari «UzGasTrade» AJga o‘tadi. U:
- tabiiy gazni davlatning yagona operatori sifatida respublikadagi ishlab chiqaruvchilardan Idoralararo tarif komissiyasi tomonidan tasdiqlanadigan narxlarda va import orqali tashqi manbalardan markazlashgan tartibda xarid qilish;
- «Hududgazta’minot» AJga va magistral gaz uzatish tizimiga ulangan iste’molchilarga tabiiy gazni to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida sotish funksiyalarini bajarishni boshlaydi.
Izoh qoldirish