1 yanvardan nimalar o‘zgaradi?

1 yanvardan nimalar o‘zgaradi?

1. Davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya qilish uchun javobgarlik boshqaruv organlariga yuklanadi. Davlat xaridlari bo‘yicha topshiriqlar va import kontraktlari “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi”da ekspertizadan o‘tkazilmaydi.

2. 100 boshli chorva va 100 ming parranda bo‘lgan xo‘jaliklarda veterinariya vrachi va zootexnik shtati joriy etiladi.

Qoramolchilik yo‘nalishidagi xo‘jaliklardagi hamda aholi qaramog‘idagi sigirlar seleksiya rejasiga asosan naslli buqalar urug‘i bilan sun’iy urug‘lantiriladi.

Tuman hokimlari kelgusi yilga ozuqa ekinlarini joylashtirish rejasini “O‘zbekchorvanasl” agentligining hududiy boshqarmalari bilan kelishadi.

3. Respublikaning barcha hududlaridagi ko‘chmas mulkka nisbatan huquqlar haqidagi ma’lumotlar Reyestrga faqat elektron shakldagi kadastr pasporti tayyorlanganidan keyin notariuslar tomonidan elektron kiritiladi va mulkdorga Reyestrdan ko‘chirma beriladi.

4. Quyidagilar kadastr organlariga elektron yuboriladi:

  • banklar tomonidan uy-joyga nisbatan mulk huquqini hamda ipotekani davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda uy-joyni qabul qilib olish dalolatnomasi va boshqa zarur hujjatlar;
  • Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va rieltorlik tashkilotlari tomonidan ko‘chmas mulk ob’yektini “E-IJRO AUKSION”da sotish va rieltorlik xizmatlari ko‘rsatish orqali vujudga kelgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun zarur ma’lumotlar.

5. Tut daraxtlarini g‘ayriqonuniy kesganlik, shikastlaganlik yoki yo‘q qilganlik uchun undirilgan jarimaning 50 foizi huquqbuzarlik sodir bo‘lgan hududda yangi tut ko‘chatlari ekish uchun yo‘naltiriladi.

6. Qora metallar prokatini ishlab chiqarish uchun foydalaniladigan induksion pechlar va kameralarga nisbatan tegishli bojxona imtiyozlari tatbiq etilmaydi.

7. Og‘ir va yirik gabaritli avtomobillarning vazn va hajm parametrlarini nazorat qilish, ularning avtomobil yo‘llari bo‘ylab harakatlanishi uchun yig‘im undirish va harakatlanishiga ruxsatnoma berish Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi (Qo‘mita) tomonidan amalga oshiriladi.

Yo‘l harakatini tartibga solishning texnik vositalari va ularning konstruksiyalari, shu jumladan foto- va videoqayd etish texnik vositalari Qo‘mita bilan kelishilgan holda o‘rnatiladi.

Avtomobil yo‘llarining qatnov qismlariga uzunasiga joylashgan muhandislik kommunikatsiyalarining yangi tarmoqlarini loyihalashtirish va yotqizish taqiqlanadi, ularning avtomobil yo‘llari bilan ko‘ndalang kesishishi bundan mustasno.

8. Avtomobil yo‘llarini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash, shuningdek, yo‘l-qurilish ishlarini texnik nazorat qilish uchun yangidan boshlanadigan ob’yektlar bo‘yicha shartnomalar faqat davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq o‘tkaziladigan tanlov (tender) yakunlari bo‘yicha tuziladi.

Yo‘l-qurilish ishlari bo‘yicha konsalting xizmatlari (texnik nazorat) mustaqil tashkilotlar tomonidan amalga oshirilishi mumkin.

Toshkent shahri ko‘chalarini qurish va ta’mirlash bo‘yicha buyurtmachining funksiyalarini sinov tarzida Toshkent shahar hokimligi amalga oshiradi.

9. 2020 yil 1 yanvardan boshlab, neft bitumining yo‘llarga mo‘ljallangan markalarini sotish sohasida foaliyat olib borish huquqi uchun litsenziya olish talab etilmaydi.

10. Hokimliklarning alohida funksiya va vakolatlari tegishli davlat boshqaruvi organlarining hududiy bo‘linmalariga o‘tkaziladi.

Hokimliklarning bir qator funksiya va vakolatlari chiqarib tashlanadi.

Davlat organlari va tashkilotlari jami 28 turdagi hujjatlarni fuqarolardan talab qilishi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan esa ularning berilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Prezident va Hukumat hujjatlari bilan tuzilgan (ro‘yxati mazkur qarorda keltirilgan) idoralararo kollegial organlari tugatiladi.

11. Ayrim xo‘jalik jamiyatlari va strategik ahamiyatli korxonalar xaridlarni amalga oshirishdan oldin davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portalida e’lon joylashtiradi.

12. Tajriba-sinov tariqasida 10 ta oliy ta’lim muassasalari o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tadi.

13. Aholi uchun issiqlik energiyasi va issiq suvga pasaytirilgan tariflarni qo‘llash natijasida ko‘riladigan zararlar Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari hisobidan qoplanadi.

14. 2020 yil 1 yanvardan tajriba tariqasida ayrim davlat boshqaruvi organlari, tashkilotlar va hududlarda, 2021 yil 1 yanvardan boshlab esa respublikaning barcha davlat organlari va tashkilotlarida davlat xizmatiga qabul ochiq mustaqil tanlov asosida amalga oshiriladi.

15. Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun undiriladigan davlat boji stavkalari:

  • respublika, viloyatlararo NNTlar uchun - BHMning 4 baravaridan 3 baravarigacha;
  • viloyat NNTlari uchun – BHMning 2 baravaridan 1 baravarigacha pasaytiriladi.

16. “Barkamol avlod” bolalar maktablari xodimlarining bazaviy tarif stavkalari:

  • direktor va direktor o‘rinbosarlari uchun 1,55 baravarga, to‘garak rahbari uchun 1,5 baravarga oshiriladi;
  • instruktor-uslubchilar va uslubchilar mehnatiga haq to‘lash bazaviy tarif stavkalaridan kelib chiqib amalga oshiriladi hamda ularning bazaviy tarif stavkalari to‘garak rahbarlarinikiga tenglashtiriladi.

17. Yalpi tushumning umumiy hajmida tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlarining eksporti 60 foizdan kam bo‘lmagan eksport ulushiga ega bo‘lgan korxonalar 2023 yil 1 yanvargacha mol-mulk solig‘ini to‘lashdan ozod etiladi.

To‘qimachilik, tikuv-trikotaj, charm-poyabzal, va mo‘ynachilik korxonalarining foyda solig‘i bo‘yicha soliqqa tortiladigan bazasi yetti yil davomida teng ulushlarda zamonaviy tozalash va kanalizatsiya inshootlarini qurish bo‘yicha xarajatlar summasiga kamaytiriladi.

Chorva mollarini so‘yish bo‘yicha zamonaviy avtomatlashtirilgan majmualarni ishga tushirayotgan tashkilotlar va terini qayta ishlovchi korxonalar 2023 yil 1 yanvargacha yer solig‘i to‘lashdan ozod etiladi.

“O‘zto‘qimachiliksanoat” va “O‘zcharmsanoat” uyushmalarining xorijiy konsultantlari O‘zbekiston Respublikasidagi daromad manbalari bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini uning belgilangan stavkasidan 50 foiz miqdorida to‘laydi.

18. Xitoy Xalq Respublikasi, shu jumladan Xitoy Xalq Respublikasining Gonkong maxsus ma’muriy hududi fuqarolari uchun tashuvchi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari bo‘linmalariga yo‘lovchilar to‘g‘risida dastlabki ma’lumotlarni o‘z vaqtida taqdim qilgan holda qaytish aviachiptasi mavjud bo‘lgan shartlarda mamlakatimiz xalqaro aeroportlari orqali 7 kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga O‘zbekistonga vizasiz kirish tartibi belgilandi.

19. Quyidagi yangi notarial harakatlar joriy etiladi:

  • fuqarolik-huquqiy munosabatlarda sudgacha bo‘lgan jarayonda dalillarni ta’minlash;
  • mulkiy va meros masalalarida mediator vazifalarini bajarish;
  • mualliflik va turdosh huquq ob’yektining taqdim etilgan vaqtini tasdiqlash.

Quyidagi qulayliklar yaratiladi:

  • ko‘chmas mulklar bo‘yicha bitimlarni notarial tasdiqlashda MIBning vakolatlariga kiradigan kommunal xizmatlar bo‘yicha qarzdorliklar haqida ma’lumotlar faqat Byuroning axborot tizimi orqali onlayn rejimda tekshiriladi;
  • agar taraflar turli hududlarda bo‘lsa, o‘sha hududdagi notarial idorada turib videokonferensaloqa orqali bitimlarni notarial tasdiqlashi mumkin;
  • ochiq axborot tizimidagi ayrim hujjatlarning elektron shakli mulkni begonalashtirish bilan bog‘liq bo‘lmagan harakatlarni amalga oshirishda hujjatning qog‘oz shakli bilan teng huquqiy kuchga ega bo‘ladi;
  • respublika hududida notarial tasdiqlangan arizalar, ijara shartnomalari va ishonchnomalar notariusga taqdim etilmasdan turib, ularni noyob raqam orqali tekshirish mumkin bo‘ladi;
  • notariusga murojaat etishda elektron navbat olish va hujjatlarni oldindan tayyorlab qo‘yish xizmati joriy etiladi;
  • notarial arxivda mavjud bo‘lgan hujjatlar nusxasini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali olish imkoni yaratiladi.

20. Dorilar va tibbiy buyumlarning savdo jarayonini uzluksiz ravishda videoga yozib olish va bir oy davomida video-yozuvlarni saqlash mazkur faoliyat uchun litsenziya talabi hisoblanadi va talabning muntazam bir yil davomida bir martadan ko‘p buzilishi litsenziyaning amal qilishini tugatish uchun asos bo‘ladi.

21. O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi raisining investitsiyalar va davlat-xususiy sheriklar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy etiladi.

Qo‘mita tizimiga kiruvchi byudjet tashkilotlari xodimlarining lavozim maoshlari 1,5 koeffitsiyentga oshiriladi.

22. Jismoniy shaxslarga quyosh fotoelektrik stansiyalari, quyosh suv isitkichlari, shuningdek, energiya samarador gaz-gorelkali qurilmalarni sotib olish xarajatlarining 30 foizi miqdorida, biroq:

  • quyosh fotoelektrik stansiyalari uchun – 3 million so‘mdan;
  • quyosh suv isitkichlar uchun – 1,5 million so‘mdan;
  • gaz-gorelkali qurilmalar uchun – 200 ming so‘mdan oshmaydigan miqdorda kompensatsiyalar taqdim etiladi.

23. “Respublika sinov va sertifikatlashtirish markazi” “O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi” (“UzTest” )ga aylantiriladi.

24. Turizm faoliyati sub’yektlari va aviatashuvchilarning xorijiy mamlakatlardan O‘zbekistonga charter reyslarini tashkil qilish bo‘yicha xarajatlarining bir qismi har bir xorijiy turist uchun, u respublika hududida kamida besh kecha tunab qolgan taqdirda, 20 AQSh dollari, qish mavsumida (20 noyabrdan 20 fevralgacha) esa 50 AQSh dollari miqdorida qoplab beriladi.

Xorijiy kinokompaniyalarning O‘zbekiston hududida audiovizual mahsulotlar (kino, tele va videofilm, klip, multfilm, animelar) yaratishdagi xarajatlarining bir qismi (“rebate”) bitta mahsulot uchun 300 ming AQSh dollaridan oshmagan miqdorda qoplab beriladi.

O‘zbekistonning tarixiy va afsonaviy shaxslari to‘g‘risidagi to‘liq metrajli badiiy, qisqa metrajli badiiy, xronikal hujjatli filmlarni suratga olish uchun 3 milliard so‘mdan oshmagan miqdorda grantlar ajratiladi.

Tadbirkorlik sub’yektlarining respublika hududlarida (Toshkent shahridan tashqari) chet el taomlariga yoki alohida yo‘nalishga ixtisoslashtirilgan mavzuli ovqatlanish shoxobchalarini, shuningdek, “karaoke” zallari va turistik qo‘ngilochar muassasalarni tashkil etish xarajatlarining bir qismi har bir loyiha uchun 10 million so‘m miqdorida qoplanadi.

Tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha moddiy madaniy meros ob’yektlari hududlariga 5 tonnadan yuqori vaznga ega katta hajmli avtotransport vositalarining kirishiga cheklov qo‘yiladi.

YuNESKO ro‘yxatiga kiritilgan madaniy meros ob’yektlari va davlat muhofazasiga olingan yodgorliklar hududida faqat mamlakatimizda ishlab chiqarilgan suvenir mahsulotlari sotiladi.

25. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar hokimlarining quyidagi vakolatlari tegishli xalq deputatlari Kengashlariga beriladi:

  • qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini olib qo‘yish va bir fermer xo‘jaligidan boshqasiga o‘tkazish;
  • jismoniy va yuridik shaxslar egaligida bo‘lgan, ular foydalanadigan va mulki bo‘lgan yer uchastkalarini jamoat va davlat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish.

26. Yuridik shaxslar – sug‘urta brokerlari va sug‘urta agentlari uchun yagona soliq to‘lovi stavkasi komissiya mukofotining 13 foizi miqdorida belgilanadi.

Sug‘urta tashkilotining boshqa sug‘urta tashkilotlari ustav fondlarida ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Sug‘urta zaxiralarining minimal darajasi belgilanadi.

27. 2020 yil 1 yanvardan boshlab:

  • 2023 yil 1 yanvarga qadar Milliy katalog va Reyestrga kiritilgan hunarmandlar uchun kalendar yili davomida hunarmandchilik mahsulotlarini (ishlar, xizmatlar) sotishdan tushgan tushumi 100 mln so‘mdan 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan miqdori uchun yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan yagona soliq to‘lov stavkasi 2 foiz miqdorida to‘lanadi;
  • hunarmandchilik faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha yangidan davlat ro‘yxatidan o‘tishda to‘lanadigan davlat boji yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun amalda belgilangan davlat boji miqdorining 50 foizi miqdorida o‘rnatiladi;
  • Milliy katalogga kiritilgan hunarmandlarga shogirdlar soni bo‘yicha cheklovlar bekor qilinadi.

28. Majburiy ijro byurosining ko‘rsatilayotgan suv ta’minoti va suv chiqarish xizmatlari uchun to‘lovlarning to‘liqligi va o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash, iste’molchilarning qarzdorligini kamaytirish bo‘yicha funksiyalari “O‘zsuvta’minot” AJ va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarga o‘tkaziladi.

29. Toshkent shahrida «Toshshahartransxizmat» AJ va «Toshkent metropoliteni» UKning ayrim yo‘nalishlarida ko‘rsatilgan yo‘lovchi tashish xizmatlari uchun yo‘lkira haqini to‘lashning avtomatlashtirilgan tizimi joriy etiladi.

30. Quyidagi talablar bekor qilinadi:

  • tadbirkorlik sub’yektlari – yuridik shaxslar o‘rtasidagi ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalarini taraflardan birining talabi bo‘yicha notarial tasdiqlanganda kommunal xizmatlar bo‘yicha qarzdorliklarni tekshirib olish;
  • davlat soliq xizmati organlariga soliq to‘lovchilar tomonidan ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandan so‘ng arizani hamda ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organlar tomonidan tegishli hududda joylashgan yer uchastkasi va boshqa ko‘chmas mulk, uning mulkdorlari to‘g‘risidagi ma’lumotni bevosita qog‘oz ko‘rinishda taqdim etish;
  • meva-sabzavot va to‘qimachilik mahsulotlari va buyumlari��i eksport qilish (paxtadan tashqari) uchun zarur ruxsatnoma va sertifikatlarni rasmiylashtirishda tadbirkorlik sub’yektlaridan to‘lov undirish.

31. Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Milliy gvardiya tasarrufidagi sport maktablarining direktorlari, direktor o‘rinbosarlari, trener, instruktor-metodistlari hamda olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internatlarining trener, instruktor-metodistlarining bazaviy tarif stavkalari o‘rtacha 1,35 baravarga oshiriladi.

32. Davlat maqsadli jamg‘armalari va byudjet tashkilotlarining byudjetdan tashqari jamg‘armalari g‘aznachilik ijrosi bilan to‘liq qamrab olinadi.

Davlat maqsadli jamg‘armalarining daromadlari va xarajatlari O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan byudjeti tarkibiga kiritiladi.

33. Tijorat banklari tomonidan (milliy valyutada) yangidan beriladigan barcha turdagi kreditlar, shu jumladan, davlat dasturlari doirasida ajratiladigan kreditlar bo‘yicha foiz stavkalari Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasidan kam bo‘lmagan darajada belgilanadi.

34. Notijorat maqsadlar uchun O‘zbekistonning Davlat chegarasidan o‘tish punktlari orqali qo‘l yukida va kuzatib borilayotgan bagajida tovarlar olib kirayotgan jismoniy shaxslar uchun, shuningdek, jismoniy shaxs nomiga xalqaro pochta va kurerlik jo‘natmalari orqali keladigan tovarlarga nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan bojxona boji, qo‘shilgan qiymat solig‘i va aksiz solig‘i o‘rniga yagona bojxona to‘lovini to‘lashni nazarda tutuvchi bojxona to‘lovlarini undirishning soddalashtirilgan tartibi joriy etiladi.

Jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyojlari uchun bojxona chegarasi orqali qo‘l yukida, kuzatib borilayotgan bagajida, shuningdek, pochta jo‘natmalari orqali olib kiriladigan hayvonotga mansub oziq-ovqat mahsulotlarida ishlab chiqarish o‘rovining majburiy mavjudligi to‘g‘risidagi talab o‘rnatiladi.

35. Quyidagilar joriy etiladi:

  • “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi (“YaMMT” IDAK);
  • yangi mehnat shartnomalarini tuzish, amaldagi mehnat shartnomalariga o‘zgartirish kiritish, shuningdek ularni tugatish holatlarini “YaMMT” IDAKda majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi;
  • “YaMMT” IDAKda avtomatik tarzda shakllantiriladigan xodimning mehnat faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oluvchi elektron mehnat daftari.

36. Suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha xarajatlarning bir qismini, shuningdek, ularni xarid qilish va qurishga ajratiladigan bank kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar taqdim etiladi.

Byudjet mablag‘larini oluvchilar bilan tuziladigan import shartnomalarini majburiy ekspertizadan o‘tkazish va ro‘yxatga olish talabi suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish doirasida tuziladigan import shartnomalariga tatbiq etilmaydi.

Hosildorligi past bo‘lgan yerlarda davlat ehtiyojlari uchun paxta xom ashyosi yetishtiruvchi qishloq xo‘jaligi korxonalarini Davlat byudjeti hisobidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tartibi bekor qilinadi.

37. Kichik biznes, oilaviy tadbirkorlik, aholining o‘zini o‘zi band qilishni rivojlantirish, ayollar uchun imkoniyatlarni oshirish va yosh avlodni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat dasturlari doirasidagi loyihalarni kreditlash Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasi bo‘yicha ustuvor ravishda AT Xalq banki, “Mikrokreditbank” ATB va “Agrobank” ATB (vakolatli banklar) orqali amalga oshiriladi.

Kichik biznes, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, xotin-qizlar va yosh avlod tashabbuslariga vakolatli banklar tomonidan ajratilgan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya va subsidiyalar berishga ruxsat etiladi.

Mazkur dasturlarni moliyalashtirish uchun tegishli jamg‘armalar tomonidan ajratiladigan resurslarning 2020-2022 yillarda so‘ndiriladigan qismi har oyda vakolatli banklarga dasturlar doirasidagi loyihalarni moliyalashtirish uchun yo‘naltiriladi, bunda resurslar bo‘yicha foiz stavkasi qayta moliyalashtirish stavkasidan 4 foiz past qilib belgilanadi.

38. 2020 yil 1 yanvardan boshlab “Uzbekistan Airways” AJning xorijdagi vakolatxonalarining barcha tushumlari (ekspluatatsiya xarajatlari va vakolatxonalarni saqlash xarajatlaridan tashqari) majburiy tartibda O‘zbekiston tijorat banklaridagi hisobraqamlarga tushadi.

39. Davlat ulushi 50 % dan ortiq bo‘lgan korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan yuqori likvidli va monopol mahsulotlarning bir qismi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan o‘rnatiladigan kvotalar bo‘yicha faqat birja savdolari orqali eksport qilinadi.

Shuningdek, quyidagilar ichki bozorda faqat birja savdolari orqali sotiladi:

  • texnik moy, omuxta yem, xo‘jalik sovuni, neft eritkichi, neft parafini va mis kuporosi;
  • mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan shakar (respublikaning olis va yetib borish qiyin bo‘lgan hududlarida joylashgan iste’molchilarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida o‘z savdo tarmoqlari orqali sotiladigan, umumiy ishlab chiqarish hajmining 10 foizidan oshmaydigan hajmi bundan mustasno);
  • isitish yoqilg‘isi, yoqish mazuti, suyultirilgan gaz va neft bitumi (maxsus iste’molchilarga o‘rnatilgan tartibda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar orqali sotiladigan hajmlar bundan mustasno).

40. YPX xodimi o‘z xizmat vazifalarini bajarishda quyidagilarga majbur bo‘ladi:

  • xizmat vazifalarini mobil videokameradan foydalangan holda oshkora olib borish;
  • yo‘l harakati qatnashchilariga mobil videokameradan foydalanayotganini ma’lum qilish va kelgusida noqonuniy xatti-harakatlar sodir etsa, aybini isbotlash uchun video yozuvdan foydalanishi mumkinligi haqida ogohlantirish.

Shuningdek, yo‘l harakati qatnashchilari xizmatni mobil videokamerasiz olib borayotgan YPX xodimiga hujjatlarni taqdim etmaslikka haqli.

41. Oliy majlis palatalari Kengashlarining qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan “To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risida”gi nizom kuchga kiradi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar