16 yoshga to‘lganlar ID-karta olayotganda soliq to‘lovchilar va jamg‘arib boriladigan pensiya ro‘yxatiga ham kiritiladi

16 yoshga to‘lganlar ID-karta olayotganda soliq to‘lovchilar va jamg‘arib boriladigan pensiya ro‘yxatiga ham kiritiladi

2021 yil 1 apreldan boshlab 16 yoshga to‘lgan shaxslarga identifikatsiya ID-kartalari berish ularni davlat soliq xizmati organlarida soliq to‘lovchi sifatida hisobga qo‘yish hamda fuqaroni jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida hisobga qo‘yish bilan bir vaqtning o‘zida amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Bu haqdagi taklif Adliya vazirligi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilgan Prezident farmoni loyihasidan o‘rin olgan.

Hujjat loyihasiga ko‘ra, 2021 yil 1 iyuldan boshlab soliq organlarida soliq to‘lovchilarning hisobini yuritish jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamidan (JShShIR) foydalangan holda amalga oshiriladi.

JShShIRdan foydalanishga o‘tilishi munosabati bilan alohida tartibda soliq to‘lovchining identifikatsiya raqamini (STIR) berish va fuqaroni jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida hisobga qo‘yish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishni bekor qilish taklif qilinmoqda.

Shu bilan birga, loyihada qayd etilishicha, JShShIR davlat, bank, ijtimoiy va boshqa xizmatlarni ko‘rsatishda fuqaroning shaxsini tasdiqlovchi yagona identifikator hisoblanadi hamda davlat va xo‘jalik boshqaruv organlari, davlat muassasalari tomonidan jismoniy shaxslarni identifikatsiyalaydigan alohida raqamlarni yuritish taqiqlanadi.

Bundan tashqari, 2021 yil 1 martdan xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish uchun ariza-anketani va davlat bojini qabul qilish faqat elektron tarzda YaIDXP orqali amalga oshirishga o‘tish taklifi ilgari surildi.

Hujjat loyihasi muhokamalari 25 dekabrga qadar davom etadi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar