2021 yil uchinchi chorakdan boshlab 4 ta A-320 samolyotida arzon qatnovlar tashkil etiladi

2021 yil uchinchi chorakdan boshlab 4 ta A-320 samolyotida arzon qatnovlar tashkil etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 19 aprel kuni “Uzbekistan airways” hamda “Uzbekistan airports” aksiyadorlik jamiyatlarini transformatsiya qilish chora-tadbirlari taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Shu yil uchinchi chorakdan boshlab 4 ta A-320 samolyotida loukoster, ya’ni arzon qatnovlar tashkil etish mo‘ljallangan. Uzoq masofali yo‘nalishlarni rivojlantirish uchun 3 ta A321 NEO LR “havo kemasi”ni lizingga olish, mahalliy aviaqatnovlar sonini haftasiga hozirgi 17 tadan 49 tagacha oshirish rejalashtirilgan.

Yo‘lovchilar uchun qulayliklarni oshirish maqsadida sohani raqamlashtirish, jumladan, “Aerolabs” onlayn xizmatlar ko‘rsatish tizimini hamda mijozlar bilan ishlashni boshqarish uchun CRM kompleksini tatbiq etish ko‘zda tutilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev xizmatlar qulayligi va sifatini oshirish orqali aholini aviaqatnovlarga ko‘proq jalb etish zarurligini ta’kidladi.

“Uzbekistan airports” aksiyadorlik jamiyati samaradorligini oshirish bo‘yicha ham qator chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Bugungi kunda ushbu jamiyat tarkibida 11 ta aeroport bor va ularning har biri mustaqil faoliyat yuritmoqda.

Taqdimotga ko‘ra, mazkur aeroportlarni yagona boshqaruv organi tasarrufida birlashtirish taklif qilinmoqda. Moliyaviy barqarorlikni oshirish maqsadida, xalqaro tajriba asosida, xarajatlarni 32 foizdan 15 foizga tushirish, xaridlarni optimallashtrish, aeroport xizmatlari uchun yig‘imlarni 27 foizga, jumladan, ziyorat turizmi doirasida 50 foizgacha kamaytirish mo‘ljallanmoqda.

Daromadlarni ko‘paytirish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, Toshkent xalqaro aeroportida yuk terminalini barpo etib, Yevropa va Sharqiy Osiyo o‘rtasida tranzit hajmini oshirish, aerovokzal maydonlarini kengaytirish orqali savdo va xizmatlar tushumini ko‘paytirish rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari aeroportlar infratuzilmasini rivojlantirish, yo‘lovchi va yuk tashish hajmini har yili oshirib borish, hududlardagi aeroportlarda ketring va boshqa xizmatlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar