2021 yil yakunlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyatida iste’mol mollari ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari

2021 yil yakunlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyatida iste’mol mollari ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari

Viloyatda 4615,4 mlrd so‘mlik (2020 yilga nisbatan 98,0%) iste’mol tovarlari ishlab chiqarilgan bo‘lib, respublikadagi ulushi 3,0% (2020 yilda 3,8%)ni tashkil qilgan holda hududlar orasida 9-o‘rin (2020 yilda 9-o‘rin)ni egallagan.

2021 yilda viloyatda ishlab chiqarilgan iste’mol mollari tarkibida oziq-ovqat mahsulotlarining ulushi - 59,7%, nooziq-ovqat mahsulotlari - 38,0%, alkogolli mahsulotlar - 2,3%ni tashkil qilgan. Shuni ta’kidlash lozimki, viloyatda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2020 yilga nisbatan - 1,9%, nooziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish -1,3%, alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish -13,5% ga kamaygan.

Viloyat hududlari kesimida 2021 yilda ishlab chiqarilgan iste’mol mollari hajmi 2020 yilga nisbatan Shahrisabz (107,3%), Dehqonobod (106,0%), Chiroqchi (103,3%), G‘uzor (103,0%), Mirishkor (102,5%), Kasbi (102,4%), Qarshi shahri (102,4%), Qamashi (102,1%), Shahrisabz shahri (102,1%), Kitob (101,8%), Nishon (101,1%), Qarshi (100,7%), Yakkabog‘ (100,3%) tumanlarida oshgan bo‘lsa, Koson (97,9%) va Muborak (97,5%) tumanlarida pasayish tendensiyasi kuzatilgan.

Qarshi shahri (viloyatdagi ulushi 23,3%), Chiroqchi (12,9%), Shahrisabz (10,3%) tumanlarining viloyat iste’mol mollari ishlab chiqarishdagi ulushi yuqori bo‘lgan bo‘lsa, Mirishkor (3,0%), Dehqonobod (2,3%), Kasbi (2,2%) va Muborak (1,7%) tumanlarining ulushi past bo‘lgan.

Jon boshiga to‘g‘ri keladigan iste’mol mollari ishlab chiqarish hajmi viloyat bo‘yicha 1368,8 ming so‘mni (Respublika ko‘rsatkichidan 3,1 barobar past, hududlar orasida 13-o‘rin) tashkil qilgan holda 2020 yilga nisbatan 3,9 foizga kamaygan. Shuni ta’kidlash lozimki, viloyatning birorta hududi ko‘rsatkichi respublika o‘rtacha ko‘rsatkichidan yuqori bo‘lmagan.

Qarshi (2,8 barobar) va Shahrisabz (1,6 barobar) shaharlari, Shahrisabz (1,5 barobar), Chiroqchi (102,0%) tumanlarida jon boshiga to‘g‘ri keluvchi iste’mol mollari hajmi viloyat ko‘rsatkichidan yuqori bo‘lgan bo‘lsa, Yakkabog‘ (97,7%), Nishon (89,6%), Koson (88,6%), Mirishkor (83,0%), Kitob (73,8%), Muborak (65,6%), G‘uzor (34,1%), Qarshi (54,4%), Dehqonobod (2 barobar), Qamashi (2,1 barobar) va Kasbi (2,8 barobar) tumanlarining ko‘rsatkichi viloyat ko‘rsatkichiga nisbatan past bo‘lgan.

2-rasm. Tuman (shahar)larda jon boshiga to‘g‘ri keladigan iste’mol mollari hajmi

Tuman (shahar)larda jon boshiga to‘g‘ri keluvchi iste’mol mollari ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha yuqori o‘sish sur’atlarining ta’minlanmagani, ayrim tumanlarda 2020 yilga nisbatan pasayish holati kuzatilganligi umumiy holatda viloyat ko‘rsatkichining past bo‘lishiga sabab bo‘lgan. Jumladan, Yakkabog‘ (99,2%), Nishon (98,8%), Qarshi (98,3%), Koson (95,7%) va Muborak (95,4%) tumanlarida jon boshiga to‘g‘ri keladigan iste’mol mollari ishlab chiqarish hajmi kamaygan.

Umumiy holatda, iqtisodiyot tarmoqlari va aholining real ehtiyoji qondirilishi nuqtai nazaridan viloyatda iste’mol mollari ishlab chiqarish bo‘yicha yangi loyihalar sonini ko‘paytirish, mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish bo‘yicha tezkor chora-tadbirlar ishlab chiqilishi talab etiladi.

Anvar Qobilov

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Qashqadaryo filiali mudiri

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar