Viloyatda 2021 yilda ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 13 2624,4 mlrd. so‘mni tashkil qilgan holda, 2020 yilga nisbatan 118,4%ga oshgan.
Alohida ta’kidlash lozimki, 2021 yilda viloyatda xizmatlar sohasi bo‘yicha erishilgan o‘sish ko‘rsatkichi 2014 yildan keyingi davr uchun eng maksimum qiymatini qayd etgan. Xizmatlar hajmining respublika ko‘rsatkichidagi ulushi 4,7%ni tashkil qilgan holda, hududlar orasida 6-o‘rinni egallagan.
2021 yilda viloyatda jami yaratilgan yalpi hududiy mahsulot (YaHM) tarkibida xizmatlar ko‘rsatish sohasining ulushi 34,4%ni (2020 yilga nisbatan 0,1 punkt past) tashkil qilgan.
Qashqadaryo viloyati YaHM tarkida xizmatlar ko‘rsatish sohasining ulushi dinamikasi
2021 yilda jami xizmatlar tarkibida savdo (31,9%), transport (22,1%) va moliya xizmatlarining (16,2%) ulushi yuqori bo‘lgan bo‘lsa, me’morchilik, muhandislik va texnik (1,1%), sog‘liqni saqlash (1,3%), ko‘chmas mulk (2,5%), ijara va lizing (2,6%), yashash va ovqatlanish xizmatlarining (2,7%) ulushi past bo‘lgan. Shuningdek, 2021 yilda viloyatda barcha xizmat turlari bo‘yicha o‘sishga erishilgan. Eng yuqori o‘sish sur’ati ta’lim (143,9%), sog‘liqni saqlash (127,7%), moliya (127,1%) va transport (122,8%) sohalarida kuzatilgan.
Viloyat bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlar hajmida Qarshi shahrining (35,4%) ulushi eng yuqori bo‘lgan. Shuningdek, Shahrisabz (6,4%), Kitob, Koson,Chiroqchi (5,8%dan) tumanlari va Shahrisabz shahrining (4,9%) ulushi yuqori bo‘lgan bo‘lsa, Nishon (3,7%), Kasbi (3,4%), Dehqonobod (3,2%, Mirishkor (3,2%) tumanlarining viloyat jami xizmatlardagi ulushi past bo‘lgan.
2021 yilda Qashqadaryo viloyati xizmat ko‘rsatish sohasida tuman (shahar)lar ulushi
2021 yilda viloyatning barcha hududlarida xizmat ko‘rsatish sohasi bo‘yicha o‘sish ko‘rsatkichlariga erishilgan. Eng yuqori o‘sish sur’atlari Shahrisabz shahri (129,0%), Kasbi (127,4%), Shahrisabz (125,8%), G‘uzor (122,3%), Qarshi va Yakkabog‘ (122,1%dan) tumanlarida kuzatilgan.
2021 yilda xizmatlar sohasi bo‘yicha barcha tuman (shahar)larda o‘sish sur’atlari ta’minlanganiga qaramasdan, jon boshiga to‘g‘ri keladigan xizmatlar hajmi bo‘yicha Respublika hududlarida orasida viloyat ko‘rsatkichi hamon pastligicha qolmoqda. Xususan, viloyatda jon boshiga to‘g‘ri keladigan xizmatlar hajmi 3 933,2 ming so‘m (2020 yilga nisbatan 116,2% o‘sish)ni tashkil etgan holda Respublika hududlari orasida 13-o‘rinni egallagan.
Viloyatda jon boshiga to‘g‘ri keladigan xizmatlar hajmi respublika ko‘rsatkichidan 2,1 barobarga past bo‘lgan. Jon boshiga to‘g‘ri keladigan xizmatlar hajmi bo‘yicha viloyat hudulari orasida faqatgina Qarshi shahrining ko‘rsatkichi respublika ko‘rsatkichidan yuqoridir (2,1 barobarga).
4-rasm. 2021 yilda Qashqadaryo viloyati tuman (shahar)larida jon boshiga to‘g‘ri keladigan xizmatlar hajmi
Jon boshiga to‘g‘ri keladigan xizmatlar hajmi bo‘yicha Qarshi shahri (16,7 mln so‘m), Muborak tumani (6,1 mln so‘m) va Shahrisabz shahrining(4,6 mln so‘m) ko‘rsatkichlari viloyat o‘rtacha ko‘rsatkichidan yuqoridir. Yakkabog‘ (viloyat ko‘rsatkichidan 39,0%ga past), Kasbi (44,0%ga past), Qamashi (viloyat ko‘rsatkichidan qariyib 2 barobar, respublika ko‘rsatkichidan 4,1 barobarga past), Chiroqchi (viloyat ko‘rsatkichidan 2,2 barobar, respublika ko‘rsatkichidan 4,5 barobarga past) tumanlarida jon boshiga to‘g‘ri keladigan xizmatlar hajmi nisbatan ancha pastdir.
Viloyatda demografik o‘sishning yuqoriligi (har yili o‘rtacha qariyib 100,0 ming nafar tug‘ilish) ko‘rsatilayotgan xizmatlar hajmini va ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha bir qator vazifalarni amalga oshirishni talab etadi. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 27 yanvardagi “Xizmatlar sohasini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-104 sonli qarorida xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish bo‘yicha bir qator amaliy chora-tadbirlar muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu qarorga muvofiq:
- viloyatning Kitob, Shahrisabz, Qamashi tumanlarida mehmonxona (joylashtirish), savdo, umumiy ovqatlanish, ko‘ngilochar, turoperator va turagent xizmatlarini ko‘rsatayotgan tadbirkorlik sub’yektlari uchun maxsus soliq rejimi joriy etiladi;
- viloyat tuman (shahar)laridagi 18 ta markaziy ko‘chalari maxsus xizmat ko‘rsatish ko‘chalariga aylantiriladi;
- Koson tumanidagi “Do‘stlik MFY” va Yakkabog‘ tumanidagi “Ayg‘irko‘l MFY” dagi "Yangi O‘zbekiston" massivlarida 101 ta yangi xizmat ko‘rsatish ob’yektlarini tashkil etiladi;
- Qarshi shahridagi “Qarliqxona MFY” (1,1 ga yer maydoni) va Qarshi tumani “Ravot MFY” hududida yirik savdo komplekslari va hududiy savdo-logistika markazlari tashkil etiladi;
- G‘uzor, Kitob va Muborak tumanlaridan o‘tgan xalqaro yo‘llar bo‘yida xizmat ko‘rsatish ob’yektlari tashkil etiladi;
- Qarshi va Shahrisabz shaharlarida nodavlat umumta’lim muassasalarini qurish uchun jami 4 ga, Koson, Chiroqchi, Qarshi, G‘uzor tumanlari va Qarshi shahrida jami 5 ga yer maydoni nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalarini qurish uchun ye-auksionga chiqariladi;
- 2022 yilda xizmatlar sohasini rivojlantirish uchun oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida viloyat uchun 40,0 mlrd. so‘m mablag‘ ajratiladi.
Ushbu vazifalarni bajarish orqali 2022 yilda viloyatda xizmat ko‘rsatish xajmi 20 268,9 mlrd so‘mga yetadi va sohada 150% o‘sish ko‘rsatkichi qayd etiladi. Yangidan tashkil etilishi ko‘zda tutilayotgan 10 032 ta xizmat ko‘rsatish ob’yektlari orqali 56 ming nafar fuqarolarning bandligi ta’minlanadi.
Eldor Zayniddinov
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Qashqadaryo filiali bosh ilmiy xodimi
Izoh qoldirish