2022-2026 yillarda elektromobillar ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda

2022-2026 yillarda elektromobillar ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda

«Yangi O‘zbekistonning 2022−2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida»gi Prezident farmoni loyihasini ishlab chiqildi.

Hujjat Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturi asosida ishlab chiqilgan va 14 yanvarga qadar jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.

Taklif etilayotgan Taraqqiyot strategiyasining uchinchi ustuvor yo‘nalishi — Milliy iqtisodiyotni rivojlantirish, uning o‘sish sur’atlarini zamon talablari darajasida ta’minlashda kelgusi 5 yilda amalga oshirish rejalashtirilgan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar qayd etilgan. Bunda 36 yo‘nalish maqsad qilingan.

Shunday yo‘nalishlardan biri iqtisodiyotni elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash hamda “Yashil iqtisodiyot” texnologiyalari barcha sohalarga faol joriy etish, iqtisodiyotning energiya samaradorligini 20 foizga oshirish to‘g‘risida.

2026 yilga kelib elektr energiyasi ishlab chiqarish ko‘rsatkichini qo‘shimcha 40 mlrd kilovat soatga oshirilib, jami 110 mlrd kilovat soatga yetkazilishi rejalashtirilmoqda.

Bunda:

“Energetika sohasida xususiy sektor ulushini oshirishni inobatga olgan holda 2022 yilga kelib, elektr energiyasini ishlab chiqarish quvvatlarini jami 16,4 ming megavatga, shu jumladan GESlar - 2,2 ming megavatga, quyosh va shamol ESlar – 2000 megavatga, IESlar - 13,8 ming megavatga yetkaziladi.

Issiqlik elektr stansiyalarida yoqilg‘i sarfini 6 foizga (1 kilovat soat elektr energiyasini ishlab chiqarishga sarflanadigan 334 grammdan 315 grammgacha) qisqartirish orqali ularni samaradorligi oshiriladi. Jumladan:

- davlat xususiy sherik tamoyili asosida 3 ta IES qurish orqali qo‘shimcha 634 MVt yoki yiliga 5,1 mlrd kVt-soat elektr energiyasini ishlab chiqarish quvvatlari tashkil qilinadi;

- Navoiy va Talimarjon IESlarni kengaytirish bo‘yicha umumiy quvvati 2,2 GVt bo‘lgan 3 ta loyihani amalga oshirish orqali yiliga qo‘shimcha 17,3 mlrd kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

2026 yilga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 25 foizga yetkazish evaziga yiliga qariyb 3 mlrd kub metr tabiiy gazni tejash hamda 8 mln tonna havoga chiqariladigan zararli gazlarning hajmini kamaytirish rejalashtirilgan.

Bunda:

- Kamida 8 ta shamol elektr stansiyalarni (ShES) qurish hisobiga 4 GVt qo‘shimcha quvvatlar barpo etiladi.

- quyosh fotoelektr stansiyalar (FES) quvvatini 4 GVtga yetkazish maqsadida kamida 10 ta FES ishga tushiriladi.

- 15 ta yangi gidroelektr stansiyalarni (GES) qurish va 5 ta mavjud GESlarni modernizatsiya qilish hisobiga yiliga qo‘shimcha 868 MVt elektr energiyasini ishlab chiqarish quvvatlari barpo etiladi.

- 2030 yilga qadar quvvati 1 MVtgacha bo‘lgan kichik hajmdagi qayta tiklanuvchi energiya manbalarining umumiy quvvatini 1 000 MVtga yetkazish maqsad qilingan.

Vodorod energetikasi texnologiyalari sohasida umumiy qiymati 10 mlrd so‘mlik ilmiy-tadqiqotlar tashkil etilib, 4 ta yangi ilmiy ishlanma asosida vodorod energiyasini olish, saqlash va tashish texnologiyasini yaratish dasturini tasdiqlash rejalashtirilgan.

Shaharsozlik normalariga uy-joy va binolarni loyihalashda xavfsizlik darajasi yuqori bo‘lgan zamonaviy quruq transformatorlardan foydalanish bo‘yicha o‘zgartirishlar kiritiladi.

O‘zbekiston energetika tizimini qo‘shni davlatlar energetika tizimlari bilan barqaror ishlashini ta’minlash borasida ham vazifalar rejalashtirilgan bo‘lib, O‘zbekiston energetika tizimini Tojikiston energetika tizimi bilan parallel ishlashi ta’minlanadi.

Sanoat tarmoqlarida yo‘qotishlarni kamaytirish va resurslarni ishlatish samaradorligi oshiriladi.

Bunda:

- sanoat tarmoqlarida 3,9 mlrd kub.metr tabiiy gaz, 4 mlrd kVt.soat elektr energiyasi va 21 ming tonna neft mahsulotlarini tejash orqali energiya sig‘imi 20 foizga, shu jumladan 2022 yilda 5 foizga kamaytiriladi.

Uy-joy-kommunal xo‘jaligi, ijtimoiy soha ob’yektlari va boshqa sohalarda qayta tiklanuvchi energiya manbalari joriy etiladi va energiya samaradorligi oshiriladi.

Bunda:

- “Yangi O‘zbekiston massivlari” davlat dasturlari doirasida quriladigan uy-joy, ijtimoiy va tijorat ob’yektlarini qurishda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan elektr va issiqlik energiyasini ishlab chiqaruvchi qurilmalardan keng foydalaniladi.

- kambag‘al aholi qatlamlariga qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish borasida davlat tomonidan rag‘batlantirish va moliyalashtirish mexanizmlari belgilanadi.

“Yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish maxsus jamg‘armasi tashkil etilib, jamg‘armaga moliyaviy mablag‘lar jalb qilinadi.

- energiyani saqlovchi (akkumulyasiya qiluvchi) texnologiyalarni barpo etish bo‘yicha xarajatlarning 30 foizi qoplab beriladi.

- “Yashil” iqtisodiyotga o‘tish loyihalarini moliyalashtiruvchi xalqaro moliyaviy institutlar va boshqa “donor” tashkilotlarning mablag‘lari jamg‘armaga jalb etish choralari ko‘riladi.

Elektromobillar ishlab chiqarish va ulardan foydalanishni rag‘batlantirish tizimi yaratiladi.

- elektromobillar va ularning asosiy tarkibiy qismlarini tajriba-eksperimental usulda ishlab chiqarish bazasini tashkil etish va ularning asosiy butlovchi qismlarini ishlab chiqarish tashkil etiladi.

- respublikada ishlab chiqarilgan yangi elektromobillarni sotib olganlik uchun yig‘imni to‘lashdan ozod etiladi.

- respublikada ishlab chiqariladigan elektromobillar (shu jumladan mashino-to‘plamlar) utilizatsiya yig‘imini to‘lashdan ozod etiladi.

Elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari tarmog‘ini yaratish va rivojlantirish rejalashtirilgan.

Bunda, respublikada faoliyat yuritayotgan AGTQSh, AYoQShlarda, aholi ko‘p yig‘iladigan ob’yektlar hududlarida elektr quvvatlantirish, shu jumladan qayta tiklanuvchi energiya manbalari yordamida quvvatlantirish stansiyalarini o‘rnatish va bunda mahalliy ishlab chiqaruvchilardan sotib olinishi nazarda tutilgan.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar