“Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–31-son, 03.12.2021 y.) qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, 2022 yilda aholini tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, o‘zini o‘zi band qilish va ish bilan ta’minlash bo‘yicha jami 2 trln 159 mlrd 146 mln so‘m (200 million 664 ming dollar) subsidiya ajratiladi.
Shunga ko‘ra, quyidagilar hokim yordamchilarining tavsiyalari asosida beriladi:
- oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasidagi kreditlar;
- Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi va Jamoat ishlari jamg‘armasi, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi, “Ayollar daftari” jamg‘armasi, “Yoshlar daftari” jamg‘armasi hisobidan tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, o‘zini o‘zi band qilish va ish bilan ta’minlash uchun ajratiladigan subsidiyalar.
Hokim yordamchilarining oylik ish haqi miqdori quyidagicha belgilanadi:
- xonadonlar soni 500 tagacha bo‘lgan mahallada – mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 6 baravari (4 mln 932 ming so‘m) miqdorida;
- xonadonlar soni 501 tadan 1 000 tagacha bo‘lgan mahallada – MHEKMning 6,5 baravari (5 mln 343 ming so‘m) miqdorida;
- xonadonlar soni 1 000 tadan ortiq bo‘lgan mahallada – MHEKning 7 baravari (5 mln 754 ming so‘m) miqdorida.
Boshqa hududdan kelib ishlayotganlarning turar joy ijarasi xarajatlari kompensatsiya qilib beriladi.
Yil yakuni bo‘yicha yuqori natijaga erishganlarga ipoteka krediti asosida uy-joy olish uchun uy-joyning 50 foizigacha subsidiya beriladi.
2022/2023 o‘quv yilidan oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan hokim yordamchilari davlat OTMning iqtisodiy ta’lim yo‘nalishlariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining tavsiyasiga ko‘ra davlat granti asosida sirtqi ta’lim shakliga suhbat asosida o‘qishga qabul qilinadi.
Izoh qoldirish