– Kasbiy faoliyatingiz haqida qisqacha gapirib bersangiz, bu lavozimga qanday kelgansiz? Oldin nima ish bilan shug‘ullangansiz? Qaysi ko‘nikmalaringiz sizga yuklangan vazifalarni samarali bajarishga yordam bermoqda?
– Mazkur lavozimga kelishimdan oldin shu mahallada xotin-qizlar faoli sifatida faoliyat yuritganman. Bu vazifada ishlash barobarida mahallada istiqomat qilib kelayotgan xotin-qizlarni oila, mahalla va mehnat jamoalarida ijtimoiy-huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ayniqsa, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar bilan manzilli ishlarni amalga oshirish bo‘yicha vazifalarni tashkil etib kelganman. Shuningdek, vakolatim doirasida yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, mahallada ayollar tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, ayollarning bandligini ta’minlash, kasb-hunarga o‘qitish, ularga ijtimoiy-huquqiy, psixologik va moddiy yordam ko‘rsatish bilan ham shug‘ullandim.
Faoliyatim davomida mahalla aholisi bilan ko‘p muloqot qilishga to‘g‘ri kelgan. Ularning mavjud muammolari bilan yaqindan tanishman, desam xato bo‘lmaydi. Mahalla aholisini yaxshi bilganim va orttirgan tajribam menga hokim yordamchisi sifatida ishlashimga qo‘l kelmoqda.
– Mahallangizning joylashuvi, u yerdagi mavjud infratuzilma ob’yektlari (yo‘llar, maktab, bog‘cha, poliklinika, sanoat korxonalari), aholini ish bilan ta’minlash imkoniyatlari haqida to‘liqroq gapirib bersangiz?
– Mahallamiz Yunusobod tumanining markazida joylashgan. Mahallamizda 10 ming nafarga yaqin aholi istiqomat qiladi. Mahalla hududida 10 ga yaqin ijtimoiy soha ob’yekti, ya’ni 1 ta (307-sonli bog‘cha) maktabgacha ta’lim muassasasi, 2 ta (53 va 87-sonli maktablar) o‘rta maktab, 2 ta bank shoxobchasi faoliyat yuritadi. Shuningdek, 96 ta tadbirkorlik sub’yekti, 24 ta savdo va 40 ta xizmat ko‘rsatish shoxobchasi mavjud.
O‘tgan davrda mazkur ijtimoiy soha ob’yektlari va tadbirkorlik sub’yektlari bilan olib borilgan hamkorlik natijasida mahallada istiqomat qilib kelayotgan 60 nafarga yaqin ishsiz fuqaroni doimiy ish bilan ta’minlashga erishildi.
– O‘tkazilgan so‘rovlar davomida aniqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, mahallangiz rivojining asosiy drayveri va ustuvor vazifalari nimalardan iborat edi?
– Mahalla iqtisodiy drayverini belgilashdan oldin aholi, mavjud infratuzilma va imkoniyatlar har tomonlama o‘rganib chiqildi. Tahlillar asosida mahallamiz rivojining asosiy drayveri sifatida xizmat ko‘rsatish, xususan, savdo-sotiq va tikuvchilik sohalari tanlab olindi. Mazkur ixtisoslashuv asosida mahallada 24 ta savdo-sotiq ob’yekti va 15 ta tikuvchilik sohasi yo‘nalishidagi tadbirkor o‘z faoliyatini yuritib, 110 nafarga yaqin aholini doimiy ish bilan ta’minlab kelmoqdalar.
– 2024 yildagi faoliyatingiz natijalari, uning yo‘nalishlari – ishsizlarni ish bilan ta’minlash, kasbga o‘qitish, tadbirkorlikni, aholining kam ta’minlangan qatlamini qo‘llab-quvvatlash, mahallalarni obodonlashtirish bo‘yicha qanday yutuqlarga erishilgani haqida batafsil gapirib bersangiz. O‘tgan yil mahalla va o‘zingiz uchun qilgan qaysi ishni eng muhimi deb bilasiz?
– 2024 yilgi faoliyatim davomida, mahallada istiqomat qilayotgan aholi bilan olib borilgan ishlar natijasida:
- 195 nafar ishsiz fuqaroni turli yo‘nalishlarda o‘z-o‘zini band qilishga, 78 nafar fuqaroni doimiy ishga joylashtirishga va 27 nafar fuqaroni kasb-hunarga yo‘naltirgan holda bandligi ta’minlandi;
- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 11 maydagi 252-son qaroriga asosan, asbob-uskuna va mehnat qurollari xarid qilish uchun 7 nafar fuqaroga 80 mln so‘mlik subsidiyalar ajratildi;
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 21 dekabrdagi PQ-55-son qaroriga asosan 2 nafar fuqaroga 66 mln so‘m kredit berildi;
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 9 yanvardagi 7-son qarori hamda “Biznesga birinchi qadam” dasturiga muvofiq, 9 nafar fuqaroning tadbirkorlik faoliyatini boshlashini rag‘batlantirish maqsadida 200 mln so‘m kredit ajratildi;
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 14 sentyabrdagi 306-son qaroriga asosan “Arkon evergrand”, “Gimenneye”, “Soqoq xamdam”, “Med Fayz Team”, “S.Hodjiyev” kabi 5 ta tashkilotga tadbirkorlik faoliyatini boshlashini rag‘batlantirish maqsadida 500 mln so‘mlik kredit ajratildi.
– Joriy yilda mahallani rivojlantirish bo‘yicha qanday ustuvor vazifalar belgilandi? Bu yo‘nalishda yana qanday rejalaringiz bor? Hozirgacha nimaga erishildi va kelgusida nimalar qilish kerak?
– Mahallamiz joriy yilda “Obod mahalla” dasturiga kiritilgan bo‘lib, hududda joylashgan 20 ta ko‘p qavatli uyni joriy ta’mirlash, qariyb 25 km ichki yo‘llarni asfaltlash, 1,5 km piyodalar yurish yo‘laklariga bruschatkalar qo‘yish, 1500 kv/m lotoklar o‘rnatish, 260 metr bordyur o‘rnatish, 8 ta uy atrofida 2200 kv/m yashil maskan barpo etish, 1,5 km sug‘orish tizimini tortish ishlari boshlandi, shuningdek, mahalla hududida 1 ta “Nuroniylar” maskani, 2 ta bolalar sport maydonchasi, 5 ta bolalar o‘yingohi va 1 ta savdo majmuasini qurish ishlari olib borilmoqda.
– Hokim yordamchisi sifatidagi tajribangizga tayangan holda, sizning fikringizcha, mahallangizda kambag‘allik holatlarini keltirib chiqaruvchi asosiy sabab va omillar nimada? Sizningcha, hududingiz aholisi o‘rtasida kambag‘allik darajasini yanada samarali kamaytirish uchun qo‘shimcha nima ishlar qilish kerak?
– Aytish kerakki, 2020 yildan O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirish masalalariga alohida e’tibor qaratila boshlandi. Xabaringiz bor, bu sohada hatto alohida davlat organi – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tashkil etilgan. Endi kambag‘allik holatlarining kelib chiqishiga to‘xtalsak, buning sababi har bir oilada turlicha bo‘lishi mumkin. Ko‘pincha, ma’lum kasbga ega emaslik, doimiy ish joyining yo‘qligi, mavjud imkoniyatlarni ko‘ra olmaslik kabi omillar oilalarning kambag‘allikka tushib qolishiga sabab bo‘ladi.
Mahallamizda istiqomat qiluvchi aholi o‘rtasida kambag‘allik holatlarini keltirib chiqaruvchi asosiy sabablarning oldini olish maqsadida aholining barqaror bandlik va yuqori daromad topishga erishishi, ta’lim olish va kasb-hunar o‘rganishi, kafolatlangan davlat tibbiy va ijtimoiy xizmatlardan foydalanishi hamda yashash sharoitlarini yaxshilash, mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, davlat organlari xodimlari va fuqarolar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish yo‘nalishlarida ishlarni tashkil etilsa, maqsadga muvofiq, deb o‘ylayman.
– Hokim yordamchisi sifatida faoliyat yuritgan davringizda mahallangizda tadbirkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil ma’lumot bersangiz. Shu vaqt ichida nechta yangi korxona barpo etilib, nechta yakka tartibdagi tadbirkor ish bilan ta’minlandi? Qanday qo‘llab-quvvatlash choralari va innovatsion usullar qo‘llanildi? Muvaffaqiyatli tadbirkorlik tashabbuslariga misollar keltirsangiz.
– Hokim yordamchisi sifatida faoliyatimni boshlaganimda mahalla hududida 56 ta tadbirkorlik sub’yekti faoliyat olib borgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib, ularning soni 280 tadan oshdi. Shundan, 132 ta YaTT va 137 ta MChJ ochildi.
- Misol tariqasida, “Yufka” MChJ qandolat mahsulotlarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi va mahallada istiqomat qiluvchi 54 nafar fuqaro ish bilan ta’minlangan.
- “Rivoj Evolution” MChJ poligrafiya yo‘nalishida faoliyat yuritadi. Bu yerda mahallada istiqomat qiluvchi 26 nafar fuqaro ishlab kelmoqda.
- “Osiyo wood product” MChJ temir buyumlar va qurilish materiallarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi va mahallada istiqomat qiluvchi 33 nafar fuqaro ish bilan ta’minlangan.
– Xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, ularni Vatanga qaytishga undash borasida mahallangizda qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
– Mahallada istiqomat qilgan va bugungi kunda xorijda mehnat qilayotgan fuqarolar bilan haftaning payshanba kuni “Mahalla yettiligi” ishtirokida onlayn muloqotlar o‘tkaziladi. Muloqotlar davomida fuqarolarning mavjud muammolari o‘rganiladi va ularni vatanga qaytishga undash, yaxshi daromadli kasblarni taklif etish chora-tadbirlari ko‘riladi. Shu bilan birga, mahallada istiqomat qiluvchi mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolarning holidan xabar olinib, mutasaddilar bilan ularning mavjud muammolari bartaraf etilmoqda.
– Hokim yordamchisi sifatida amaliy tajribangizdan kelib chiqib, O‘zbekistonda hokim yordamchilari faoliyatini yanada takomillashtirish va ish samaradorligini oshirish bo‘yicha qanday takliflar bera olasiz? Hokim yordamchisi sifatida sizga qanday yordam kerak?
– Hokim yordamchilariga faoliyat yuritish uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Ularning ishida samaradorlikni yanada oshirish uchun aholi o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida imtiyozli kreditlar ajratilishida banklar tomonidan o‘tkaziladigan “skrining” tizimini hokim yordamchilarining “Onlayn-mahalla” platformasiga ulash maqsadga muvofiq bo‘lardi.
– Joriy yilning 3 fevral kuni Prezident huzurida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda hokim yordamchilari ishini “jonlantirish va yangi turtki berish” vazifasi qo‘yildi. Shundan kelib chiqqan holda mahallangizda qanday ishlar rejalashtirilmoqda?
– Bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda berilgan vazifalardan kelib chiqib, mahalla aholisiga kredit, subsidiyalar berish, fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish, mahallada ishsizlarni daromadli mehnat bilan band qilish, tadbirkorlikka jalb etish, tadbirkorlikni rivojlantirish, o‘zini o‘zi band qilganlarni YaTT yoki oilaviy korxona sifatida ish boshlashiga yordam berish kabi asosiy vazifalarni o‘zimga belgilab oldim.
Bundan tashqari, faoliyatim davomida mahallada istiqomat qilib kelayotgan aholi xonadonlarining daromadini oshirish va tomorqasidan samarali foydalanish bo‘yicha ekin ektirish, “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida tashkil etilayotgan loyihalarni moliyalashtirishda ishtirok etish kabi bir nechta vazifalarni o‘zim uchun rejalashtirib qo‘ydim.
– Ayol sifatida ham hokim yordamchisi vazifasini bajarish, ham uy ishlarini eplash qiyin bo‘lmayaptimi?
– Respublikamizda xotin-qizlarga yaratilayotgan shart-sharoitlardan kelib chiqib, qolaversa, oilamning kasbiy faoliyatimni to‘liq qo‘llab-quvvatlab kelishayotganligini hisobga olsam, vazifamni bajarishimda deyarli qiyinchilik yo‘q. Barchasiga ulgurib, ikki nafar farzandimning tarbiyasi bilan shug‘ullanishga ham vaqt topyapman.
– Mahallangiz aholisining amalga oshirilayotgan islohotlarga munosabati qanchalik o‘zgardi? 2025 yilda o‘z oldingizga qanday yangi maqsad va rejalar qo‘ygansiz?
– Mahallamizda aholiga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy e’tibor, bo‘layotgan ijobiy o‘zgarishlar hamda mahallabay ishlash tizimida “Mahalla yettiligi” faoliyati joriy etilganligi aholi o‘rtasida ijobiy qabul qilinmoqda.
Mahalla aholisining ehtiyojmand qatlami bilan ishlash uchun “Mahalla yettiligi” a’zolari va mutasaddi idoralar tomonidan o‘zlariga yuklatilgan vazifalardan kelib chiqib, fuqarolarga amaliy yordamlar ko‘rsatish uchun barcha zaruriy chora-tadbirlarni amalga oshirib kelishmoqda. Shu o‘rinda mazkur ishlardan aholi rozi ekanligini aytib o‘tish o‘rinli.
2025 yilda oldimga qo‘ygan maqsadim – mahallamiz aholisining tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash, aholi turmush darajasini va daromadlarini yanada oshirish, kambag‘allik va ishsizlikni kamaytirish, tadbirkorlikni rivojlantirish va fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitishga qaratilgan.
Xususan, Respublikamizda mazkur yo‘nalishda qabul qilingan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi, “Mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish” bo‘yicha qabul qilingan hujjatlardan hamda Prezidentimiz tomonidan hokim yordamchilariga bergan barcha vazifalaridan kelib chiqqan holda faoliyatimni tashkil etishni rejalashtirganman.
Jamoliddin Turdimov
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
"Iqtisodiy sharh" jurnali №3/2025
Izoh qoldirish