– Kasbiy faoliyatingiz haqida qisqacha gapirib bersangiz, bu lavozimga qanday kelgansiz? Avval nima ish bilan shug‘ullangansiz? Zimmangizdagi vazifalarni samarali bajarishda qaysi ko‘nikmalaringiz yordam bermoqda?
– 2019-2022 yillarda AT Xalq banki Arnasoy filiali boshqaruvchisi lavozimida ishladim. Faoliyatimning asosiy negizi aholiga mikromoliyaviy xizmatlar ko‘rsatish, oilaviy ahvolini yaxshilashda bevosita ishtirokchi sifatida yordam berish bo‘ldi. 2022 yil birinchilardan bo‘lib, mahallada hokim yordamchisi sifatida ishlashga tayyor ekanligimni bildirdim, suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tdim va 2022 yil yanvar oyidan boshlab “Yangibo‘ston” mahallasida faoliyatimni boshladim. Ushbu lavozimga qadar hokimiyat tizimida – ayni tumanning iqtisodiy ahvolini yaxshilash va sifatli bank xizmatlarini ko‘rsatish yo‘nalishida ishlaganim, shuningdek, muammolarini individual tarzda aniqlash, yordam ko‘rsatish, keyinchalik daromadli qilish ishlari bilan shug‘ullanganim keyingi faoliyatimda ham juda qo‘l keldi. Bundan tashqari, bank bo‘limi rahbari sifatida faoliyat olib borganim mahallamdagi muammolarning 70-80 foizini yechishimga amaliy yordam berdi.
– Mahallangizning joylashuvi, aholini ish bilan ta’minlash imkoniyatlari haqida to‘liqroq gapirib bersangiz? 2022 yilda mahallabay tizimi joriy etilganidan buyon o‘tkazilgan so‘rovlar natijasida aholining ijtimoiy tarkibi va farovonligi bo‘yicha qanday ma’lumotlar olindi?
– Arnasoy tumanidagi men faoliyat olib borayotgan mahalla 3 ta tuman bilan chegaradosh bo‘lib, aholining asosiy qismi qishloq xo‘jaligi sohasida xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan. Mahalla 78 gektar yer maydoniga ega bo‘lib, aholi yashash maydoni 40 gektarni tashkil qiladi. Hududda 3 ta ishlab chiqarish korxonasi, 43 ta kichik biznes sub’yekti va 8 ta xizmat ko‘rsatish ob’yekti, 27 ta oziq-ovqat savdo do‘koni mavjud. Mahallamizda ijtimoiy infratuzilma ob’yektlaridan 2 ta umumta’lim maktabi va 1 ta ixtisoslashtirilgan maktab xamda 4 ta oilaviy maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyat olib boradi.
– So‘rovlar davomida aniqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, mahallangiz rivojining asosiy drayveri va ustuvor vazifalari nimalardan iborat edi? Bu lavozimda ishlaganingizning birinchi yilida aholining turmush sharoiti va farovonligini oshirish borasida nimalarga erishdingiz?
– Mahallada jami xonadonlar soni hozirgi kunda 761 ta bo‘lib, aholi soni 4476 nafarni tashkil etadi, oilalar soni esa 1064 ta. Hozirgi kunda 189 nafar ishsiz aniqlangan. Ko‘makka muhtojlar toifasiga kiritilgan fuqarolarga manzilli yordam ko‘rsatish maqsadida aniq chora-tadbirlar rejasi tuzildi. Hozirda mazkur rejani amalga oshirish bo‘yicha amaliy harakatlar olib borilmoqda. Xususan, “xonadonbay” xatlov orqali hududdagi oilalarning ijtimoiy ahvoli, tomorqasidan foydalanish darajasi, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga ishtiyoqini aniqlash bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazildi. Natijada, aholi xonadonlarini toifalarga ajratilib, ularning daromadini oshirish bo‘yicha manzilli “yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi. Birinchi toifaga kiruvchi oilalar uchun har biriga alohida papkalar yuritib, ularning oylik daromadini oshirish uchun o‘z oldimga vazifalar qo‘ydim. Mahallamda, asosan, dehqonchilik va xizmat ko‘rsatish sohasi drayver yo‘nalishlar sifatida tanlab olingan. Bundan tashqari, aholi tikuvchilik, xizmat ko‘rsatish, ko‘rpa-to‘shak tikish va kasanachilik faoliyati bilan ham shug‘ullanadi. Xonadondagi mehnatga layoqatli fuqarolarni kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish, shundan so‘ng ularga daromad topishlari uchun asbob-uskuna ajratish maqsad qilib qo‘yildi. Shuningdek, hududdagi infratuzilma holati ham o‘rganildi va bu yo‘nalishlarda qilinishi zarur bo‘lgan ishlar belgilab olindi. “Ayollar daftari” va” Yoshlar daftari”ga kirgan 36 nafar fuqaroga subsidiya asosida tikuv mashina va asbob-uskunalar olib berilib, o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi.
– 2023 yildagi faoliyatingiz natijalari, uning yo‘nalishlari – ishsizlarni ish bilan ta’minlash, kasbga o‘qitish, tadbirkorlikni keng yoyish, aholining kam ta’minlangan qatlamini qo‘llab-quvvatlash, mahallalarni obodonlashtirish bo‘yicha qanday yutuqlarga erishilgani haqida batafsil gapirib bersangiz. O‘tgan yil mahalla uchun va o‘zingiz uchun qilgan eng muhim ishni nima deb bilasiz?
– Mahalladagi ishsiz fuqarolarni band qilish yo‘lida bir qator ishlar olib borildi. Jumladan, o‘zini o‘zi band qilish orqali xotin-qizlarning 13 nafariga subsidiya asosida to‘g‘ri chok, “overlok” mashinalari, 2 nafariga motokultivator, subsidiya asosida 11 nafariga tikuv mashinalari olib berildi. Hududdagi yoshlarning 6 nafariga esa subsidiya asosida asbob-uskunalar olib berildi. “Har bir oila – tadbirkor” dasturi orqali 50 nafar fuqaroga 972 mln so‘m kredit berilib, yangi ish o‘rinlari yaratildi va 276 ga yaqin fuqaro ish bilan ta’minlandi. 38 ga yaqin yangi loyihalar ishlab chiqildi. 56 nafar fuqaroga kasb-hunarga o‘qitish uchun yo‘llanma berildi va Monomarkazda o‘qitilib, barchasi ish bilan ta’minlandi. Mahallada norasmiy sektorda band bo‘lganlarning 149 nafari ro‘yxatdan o‘tkazilib, o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar sifatida rasmiylashtirildi. Tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha 8 ta yangi loyiha tashkil qilindi va 12 yangi ish o‘rni yaratildi.
– 2023 yilda hokim o‘rinbosarlari faoliyatiga oid qator qarorlar qabul qilindi. Mahallalarning reytingi joriy etildi, yakka tartibdagi dasturlar amaliyoti yo‘lga qo‘yildi, mahallalarning faol a’zolari soni 5 nafardan 7 nafarga oshirildi, mahallalarni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kengashlar tashkil etildi. Ushbu qarorlar munosabati bilan mahallangizda qanday ishlar amalga oshirildi, yangi tarkibdagi faollarning ishi qanday va bu qarorlar faoliyatingiz samaradorligiga qanday ta’sir ko‘rsatdi?
– Mahallalarni qo‘llab-quvvatlashni yanada takomillashtirish, mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘ini sifatida ishlashini ta’minlash to‘g‘risida Prezidentimizning tegishli farmoni qabul qilindi. Ushbu farmonda “Mahalla yettiligi” faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, mahallaning xalq bilan davlat o‘rtasidagi “ko‘prik” vazifasini amalga oshiruvchi mustaqil va xalqchil tuzilmaga aylanishiga ko‘maklashish, eng avvalo, har bir oila o‘zi va oilasining kelajagi, moliyaviy ahvoli va farovonligini ta’minlashda mas’uliyat sezishi, boqimandalikka o‘rganmaslik hissini yanada kuchaytirish, targ‘ibot ishlarini kuchaytirish lozimligi ko‘rsatib o‘tilgan. Ushbu farmon asosida hozirgi kunda mahallada yechimini topish muammo bo‘layotgan masalalar tezkorlik bilan hal qilinmoqda. “Mahalla yettiligi”ga hukumatimiz tomonidan yaratib berilgan barcha imkoniyatlar aholining moliyaviy ahvolini yaxshilashda o‘z samarasini bermoqda.
– Joriy yilda mahallangizni rivojlantirish bo‘yicha qanday ustuvor vazifalar belgilandi? Bu yo‘nalishda qanday rejalaringiz bor? Hozirgacha nimaga erishildi va nima qilish kerak?
– Birinchidan, mahalla bo‘yicha 1-toifaga (daromadi kambag‘allik chegarasidan kam bo‘lgan oilalar) kiritilgan 10 ta oilani kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha tuzilgan “Individual dastur”lar ijrosini ta’minlashni va 2-toifadagi 110 ta kam daromadli xonadondagi aholining daromadini oshirish vazifasi belgilandi. Shuningdek, xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarish sohasidagi tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagidagi 10 ta tashabbuskorlar loyihasini amalga oshirishda zaruriy moliyaviy mablag‘lar jalb etish ham maqsad qilingan. Infratuzilma bilan bog‘liq mavjud masalalarni hal etish orqali 189 ta yangi ish o‘rni yaratish, ishsizlarni ish bilan ta’minlash ham rejalashtirilgan.
– Hokim yordamchisi sifatidagi tajribangizga tayangan holda, sizning fikringizcha, mahallangizda kambag‘allik holatlarini keltirib chiqaruvchi asosiy sabab va omillar nimada? Sizningcha, mahallangiz aholisi o‘rtasida kambag‘allik darajasini yanada kamaytirish uchun qanday qo‘shimcha ishlar qilish kerak?
– Hududda o‘tkazilgan xatlov va tadqiq natijalaridan kelib chiqqan holda, mahalladagi ijtimoiy yordamga muhtoj oilalarni xonadonning o‘zida bandligini ta’minlash zarurligi va ularda tadbirkorlik ko‘nikmalarini ustoz-shogird tamoyili asosida yo‘lga qo‘yishim kerakligini angladim. Bunda mahallamdagi 47 nafar xotin-qiz va yoshlar “Ayollar” va “Yoshlar daftari”ga kiritilib, subsidiya asosida asbob-uskunalar, ya’ni tikuv mashinalari, pechlar, motokultivator jihozlari olib berildi. Hududda yaratilgan ish o‘rni ko‘p bo‘lgani bilan, beriladigan ish haqlari miqdori oshirilishini ham e’tiborga olishimiz lozim. Fuqarolarning ko‘pchiligi dehqonchilik, savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidan daromad topadi. Bundan tashqari aholining bir qismi tadbirkor, bir qismi davlat tashkilotlarida ishlaydi. Dehqonchilik sohasida “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida eksportbop mahsulotlar ekish orqali daromadni oshirish borasida ishlar olib boryapmiz. Xullas, mahallalarni rivojlantirishda ichki imkoniyatlarni ko‘proq ishga solish zarur.
– Mahallangizda hokim yordamchisi lavozimi joriy etilganidan keyin aholining ijtimoiy tarkibi, turmush farovonligi qanday o‘zgarganiga baho bera olasizmi? Shu vaqt ichida qancha xonadon kambag‘allikdan qutulgan?
– Faoliyatim davomida 38 ta yangi tadbirkorlik sub’yektini tashkil etdim. Fuqarolarda o‘zini o‘zi band qilish, tadbirkorlikni rivojlantirish, oilaviy daromadlarini ko‘paytirish orqali kambag‘allikdan chiqish mumkinligiga ishonch paydo bo‘ldi va buning uchun Prezidentimiz yaratib bergan imkoniyatlardan to‘liq foydalanib kelyapmiz. Mahalladagi ishsiz fuqarolarni ish bilan band qilish uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Oldinlari ishga joylashish, subsidiya olish, kasb-hunarga o‘qish, o‘z biznesini ochish uchun kredit olish, uni rivojlantirish uchun turli idoralarda sarson bo‘lish holatlari bo‘lgan. Hozirda hokim yordamchilarining sa’y-harakatlari, hududni “xonadonbay” o‘rganishi orqali fuqarolar ish bilan ta’minlanib, tadbirkorlik qilishlariga ko‘mak berilmoqda. Hokim yordamchilari davlat idoralari va xalq o‘rtasida asosiy ko‘prik vazifasini bajarayotganini ko‘rish mumkin. Asosiysi, davlatimiz fidoyilik bilan aholini rozi qilish yo‘lida sidqidildan mehnat qilish, insonlarning jamiyatdagi o‘z o‘rnini topishlarida bevosita ishtirokchi bo‘lish va kishilar turmush sharoitlari yaxshilanishiga barcha sharoitlarni yaratib berdi. Faoliyatim davomida mahalladagi 424 ta fuqaro doimiy ish bilan ta’minlandi. Buning uchun barcha bilim va tajribamizni ishga solayapmiz.
– Hokim yordamchisi sifatida faoliyat yuritgan davringizda mahallangizda tadbirkorlik va yakka tartibdagi tadbirkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil ma’lumot bersangiz. Shu vaqt ichida nechta yangi korxona barpo etilib, yakka tartibdagi tadbirkorlar ish bilan ta’minlandi? Qanday qo‘llab-quvvatlash choralari va innovatsion usullar qo‘llanildi? Muvaffaqiyatli tadbirkorlik tashabbuslariga misollar keltirsangiz.
– Asosiy e’tiborni lider tadbirkorlarga qaratib, mahallada “Mirishkor tajribasi” asosida kooperatsiyani rivojlantirib, “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyilini qo‘lladik. Lider tadbirkor va aholi bilan 10 ta xonadonda issiqxona yo‘nalishida kooperatsiyani yo‘lga qo‘ydim. Bu yil esa kasanachilikni rivojlantirdik. Mahalla xonadonlaridagi korxonaga borib ishlay olmaydigan, bolalar tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘lgan ayollar, nogironligi bor fuqarolarni kasanachilik uslubida ish bilan ta’minladik. Tadbirkor ularga yarim tayyor mahsulot olib borib, tayyor mahsulotni olib ketadi. Faoliyatim davomida 38 ta yangi korxona tashkil qilinib, 91 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Shuningdek, “MEHRIMOH LIDER” MCHJ tomonidan xalqaro moliya institutlarining grantlari hisobidan grant ajratish va undan foydalanish tartibi asosida 60 mln so‘m mablag‘ evaziga 8 ta tikuv mashinasi olib kelindi.
– Xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, ularni vatanga qaytishga undash borasida mahallangizda qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Bu insonlarga o‘z bizneslarini boshlashlari va mahalliy iqtisodiyotga muvaffaqiyatli integratsiyalashuviga yordam berish uchun qanday dasturlar mavjud? Bu boradagi muvaffaqiyatli tajribalarga misollar keltira olasizmi?
– Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash agentligi hamda hokimliklarga chet eldan qaytgan fuqarolarga kasbi, malakasi va rejasidan kelib chiqib, ish topishiga ko‘maklashish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Xorijda ishlab, malaka orttirib qaytgan fuqarolarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlagan holda zarururiy ko‘maklar berib borilmoqda. Jumladan, “Har bir oila tadbirkor” dasturi asosida imtiyozli kreditlar ajratilib, mahallaning drayveri hisoblangan dehqonchilik sohasi uchun mahallamizdan 40 ga yer maydoni ajratildi. Shuningdek, “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida ishlar samarali yo‘lga qo‘yilgan. Sayxunobod tajribasi asosida mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolarga tomorqada mahsulot yetishtirib, daromad olishi uchun moliyaviy ko‘mak berilmoqda hamda boshqa turdagi bandlik xizmatlari ko‘rsatilmoqda. “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturiga muvofiq, imtiyozli kreditlar ajratilishi ham ko‘zda tutilgan.
– Hokim yordamchisi sifatidagi amaliy tajribangizdan kelib chiqib, O‘zbekistonda hokim yordamchilari faoliyatini yanada takomillashtirish va ish samaradorligini oshirish bo‘yicha qanday takliflar bera olasiz?
– “Mahallabay” ish tizimi yo‘lga qo‘yilib, hokim yordamchisi lavozimlarining joriy etilishi tarixiy voqea bo‘ldi. Mamlakatimiz rivojlanishida, Yangi O‘zbekiston poydevori qurilishida o‘z hissamni qo‘shayotganimdan benihoyat xursandman. Kambag‘allikni qisqartirish, avvalo, aholi daromadini oshirishda hozirda Xitoy tajribasidan ko‘proq foydalanib kelyapmiz. Qo‘shimcha ravishda hokim yordamchilarini boshqa rivojlangan davlatlarga ham tajriba almashish uchun yuborish zarur, o‘quv seminarlariga ham jalb qilish kerak. Jadal sur’atlar bilan rivojlanayotgan bir davrda, bilimni doimo oshirib turish kerak, shuningdek, faoliyatimizdagi barcha ish yo‘nalishlarini raqamlashtirishga e’tiborni kuchaytirish kerak, deb hisoblayman. Shundagina, qilayotgan ishlarimizning samaradorligi oshadi, ko‘zlangan natijaga erishiladi. Taklifim, mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchisiga ko‘proq vakolatlar berish kerak. Shunda xalqqa yanada ko‘proq yordamimiz tegadi.
– Hokim yordamchisining ishi mas’ul davlat organlaridan maksimal darajada fidoyilik va o‘zaro ko‘makni talab qiladi. Sizda mahallani rivojlantirish uchun zarur resurslar yetarlimi? Hokim yordamchisi sifatida sizga qanday yordam kerak?
– Hurmatli Prezidentimiz tomonidan “Mahallabay” ish tizimi samaradorligini oshirish bo‘yicha barcha sharoitlar yaratildi. Jumladan, mahallaning o‘zida muammolarni bartaraf etish maqsadida “mahalla yettiligi” tashkil etildi. Endi shu “yettilik” fidoyilik bilan faoliyat olib borsa, tizimda samaradorlikka erishiladi. Hokim yordamchilari o‘z vazifalarini amalga oshirishda foydalanadigan moliyaviy instrumentlar belgilab berilgan. Ushbu moliyaviy instrumentlardan samarali foydalanilsa, hokim yordamchilari ham Yangi O‘zbekistonni qurishda o‘z o‘rniga ega bo‘ladi deb hisoblayman.
– Mahallangiz aholisining amalga oshirilayotgan islohotlarga munosabati qanchalik o‘zgardi? Yaqin kelajakda o‘z oldingizga qanday yangi maqsad va rejalar qo‘ygansiz?
– Aholida mahalla institutiga nisbatan ishonch yanada ortdi. Fuqarolar qayerga murojaat qilishsa ham muammolari mahallada yechilishiga ko‘zlari yeta boshladi. Bu ham fuqarolarning “hokim yordamchisi” institutiga ishonchini bildiradi. Mahallalardagi aholi kayfiyatini olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari, mahalla binolarining zamonaviy ko‘rinishda qurib berilganligi, aholi turmush sharoitlarining yaxshilanayotganidan ham yaqqol bilish mumkin. Asosiysi, fidoyilik bilan aholini rozi qilishda sidqidildan mehnat qilish, insonlarning jamiyatdagi o‘z o‘rnini topishlarida bevosita ishtirokchi bo‘lish. Bu mas’uliyatli va sharafli yo‘lda barcha bilim va tajribamni ishga solishga tayyorman!
Jamoliddin Turdimov,
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
"Iqtisodiy sharh" jurnali №6/2024
Izoh qoldirish