Hokim yordamchilari faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha 2023 yil davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi brifing o‘tkazdi.
2023 yil uchun mahallalar kesimida ishlab chiqilgan “Yo‘l xarita”lariga asosan yanvar-dekabr oylarida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan agentlik hisoboti tinglandi.
O‘tgan yil davomida hokim yordamchilari ko‘magida 1,6 mln nafar fuqarolar o‘zini-o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatga olingan bo‘lib, ulardan 101 ming nafari yakka tartibdagi tadbirkorlikka, 112 ming nafari haq to‘lanadigan jamoat ishlariga hamda 58 ming nafari esa hunarmandchilikka jalb qilingan.
Shuningdek, 241 ming nafar fuqarolarga esa ijara asosida yer ajratilib berilgan.
Yil sarhisobida, hokim yordamchilarining tavsiyanomalari asosida 472 mingta loyihaga 10 trln. so‘mlik kreditlar ajratilgani ta’kidlandi. Xususan, kreditlarning 215 mingtasi xizmat ko‘rsatish va kichik ishlab chiqarish, 138 mingtasi qishloq xo‘jaligi va 119 mingtasi hunarmandchilik sohalariga yo‘naltirilgan.
“Tadbirkorlikni boshlash istagida bo‘lgan fuqarolarga tez va yuqori daromad topish imkonini beradigan biznes loyihalarni taqdim etib borilishi kredit ajratishda ijobiy sifat o‘zgarishlariga olib keldi. Xususan, 2022 yilda ajratilgan kreditlarning qariyb 50 foizi qishloq xo‘jaligi sohasiga, 32 foizi xizmat ko‘rsatish va kichik ishlab chiqarish yo‘nalishida ajratilgan bo‘lsa, 2023 yilda bu ko‘rsatkich tegishlicha 30 foiz va 55 foizni tashkil etdi.
Hokim yordamchilari faoliyati davomida foydalanishi uchun “Onlayn mahalla” platformasiga tijorat banklari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan 500 dan ortiq biznes-rejalar joylashtirilgan”, deydi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi axborot xizmati rahbari Nosir Boymirzayev.
Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 73 ming nafar fuqaroga 356 mlrd. so‘mlik subsidiyalar ajratilganiga alohida to‘xtalib o‘tildi. Shuningdek, “Ishga marhamat” monomarkazlari va boshqa nodavlat ta’lim muassasalarida 181 ming nafar fuqarolar kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitilgan.
2023 yilda hokim yordamchilari tomonidan shakllantirilgan 54 mingta "mahallabay" mikroloyihalardan 51 mingtasi ishga tushirilib, natijada 206 mingta ish o‘rinlari yaratilgan.
Hisobot davrida 86 mingta yuridik va 98 mingta yakka tartibdagi tadbirkorlik sub’yektlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani qayd etildi.
Hokim yordamchilari faoliyatining samaradorligini oshirish maqsadida quyidagi yangi yo‘nalishlarda ishlar tashkil etilgan:
- Kambag‘al oilalar bilan ishlash samaradorligini oshirish, moliyaviy resurslarni birinchi navbatda ularga yo‘naltirish, oilalarni kambag‘allikdan chiqishiga to‘siq bo‘layotgan muammolarni aniqlash va hal etishga ko‘maklashish maqsadida “Individual dastur” amaliyoti joriy etildi.
Hokim yordamchilari tomonidan 1,1 mln.dan ortiq kambag‘al oilalarga individual dasturlar ishlab chiqilib, qisqa davrda bu oilalarning 95 ming nafar ishsiz a’zolari doimiy ish o‘rinlariga joylashtirildi, 36 ming nafariga imtiyozli kredit va 8 ming nafariga subsidiyalar ajratildi.
- Hisobot davrida so‘nggi 3 yilda o‘zini-o‘zi band qilib kelgan shaxslardan 51 ming nafari kichik biznes sub’yekti sifatida faoliyatini boshladi.
- Aholiga ijara asosida ajratilgan yer maydonlaridan samarali foydalanish, ekilgan ekinlar va yetishtirilgan mahsulotlar hisobini yuritish bo‘yicha “Onlayn mahalla” platformasida ochilgan “Ajratilgan yerlar” moduli takomillashtirildi.
- Aholi tomorqalarida ekilgan ekinlar va yetishtirilgan mahsulotlar hisobini yuritish maqsadida “Onlayn mahalla” platformasida “Aholi tomorqasi” moduli ishlab chiqildi.
- Aholi murojaatlarini tizimli hal etish, ularni nazoratga olish va doimiy monitoring qilish maqsadida “Onlayn mahalla” elektron platformasi Xalq qabulxonasi platformasiga integratsiya qilindi.
Tizim doirasida mahallada hal etish imkoni bo‘lmagan 5 mingdan ortiq fuqarolarning murojaatlari hokim yordamchilari tomonidan platforma orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri tegishli mas’ul tashkilotlarga yuborildi va Xalq qabulxonasi tomonidan ijrosi nazoratga olindi.
- Mahallalarda tadbirkorlikning rivojlanganligi, ishsizlik, ijtimoiy reyestrdagi oilalar kommunal va ijtimoiy infratuzilma bilan ta’minlanishidan kelib chiqib, mahallalar reytingi ishlab chiqildi.
Unga ko‘ra, respublika bo‘yicha 9441 ta mahalladan 3550 tasi “a’lo”, 3841 tasi “yaxshi”, 1731 tasi “qoniqarli”, 319 tasi “qoniqarsiz” deb baholandi.
2023 yilda xorijiy davlatlarning kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish borasidagi tajribasini o‘rganish maqsadida 105 nafar hokim yordamchilari va mas’ul xodimlar Yaponiya, Turkiya, Rossiya va Xitoy davlatlarida malaka oshirib qaytishdi.
Shuningdek, 2023 yilning 21-25 avgust kunlari Xitoyning “Kambag‘allikni qisqartirish xalqaro markazi” tomonidan 9400 nafar hokim yordamchilari uchun onlayn o‘quv-seminarlari tashkil etilgan.
Izoh qoldirish