Hokim yordamchilari – xalq orasida ("Sobirobod" mahallasi)

Hokim yordamchilari – xalq orasida (

Kasbiy faoliyatingiz haqida qisqacha gapirib bersangiz, bu lavozimga qanday kelgansiz? Oldin nima ish bilan shug‘ullangansiz? Qaysi ko‘nikmalaringiz sizga yuklangan vazifalarni samarali bajarishga yordam bermoqda?

– Bu lavozimga kelishdan avval O‘zLiDeP Yunusobod tumani Kengashida jamoatchilik asosida ishlaganman. Nomzodimni partiya apparati rahbari ustozimiz Dilbar Yusupova ilgari surganlar. Barcha o‘qish va sinovlardan yaxshi o‘tib, hokim yordamchiligi lavozimiga tayinlanganman. Undan ilgari esa mebel ishlab chiqarish yo‘nalishida tadbirkorlik bilan shug‘ullanganman. Avvalambor, 10 yildan ortiq tadbirkorlik sohasida ishlaganim, qolaversa, iqtisodchi bo‘lganim vazifalarni aniq bajarishga imkon berdi.

– Mahallangizning joylashuvi, aholini ish bilan ta’minlash imkoniyatlari haqida to‘liqroq gapirib bersangiz? 2022 yilda mahallabay ishlash tizimi joriy etilganidan buyon o‘tkazilgan so‘rovlar natijasida aholining ijtimoiy tarkibi va farovonligi bo‘yicha qanday ma’lumotlar olindi?

– Faoliyat olib borayotgan joyim Toshkent shahar, Yunusobod tumani, 9-mavze, “Sobirobod” mahallasi bo‘lib, hududda 52 ta tadbirkorlik sub’yektlari mavjud. Mahallada, shu jumladan, lider tadbirkorlar ham bor. Tadbirkorlarimiz bolalar va kattalar kiyimini ekport qilish, qog‘oz va qog‘oz mahsulotlarini ishlab chiqarish, poligrafiya, tashqi reklama va media xizmatlarini ko‘rsatish bilan shug‘ullanishadi. Bundan tashqari 4 ta ijtimoiy ob’yekt, Bahodir Jalolov nomidagi boks mahorat maktabi, 1 ta maktab, 1 ta MTM va tijorat banklarining filiallari ham aholiga xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Uyma-uy yurib, mahallaning ijtimoiy tarkibi to‘liq o‘rganildi, xonadonlar to‘rtta toifaga ajratib olindi. Avvalo, ishni eng birinchi 1-toifa – og‘ir xonadonlardan boshladik.

– So‘rovlar davomida aniqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, mahallangiz rivojining asosiy drayveri va ustuvor vazifalari nimalardan iborat edi? Bu lavozimda ishlaganingizning birinchi yilida aholining turmush sharoiti va farovonligini oshirish borasida nimalarga erishdingiz?

– Mahallada o‘tkazilgan so‘rovnomalardan ustuvor yo‘nalishlar savdo va xizmat ko‘rsatish ekanligi ma’lum bo‘ldi. Dastlabki ish yilimda 5 ta yangi tadbirkorlik sub’yekti, xususan, 50 o‘rinlik tikuvchilik xizmatlarini ko‘rsatish markazi tashkil qilindi, ularga kredit olishda ko‘mak berildi, mahalla fuqarolaridan doimiy ishchi kuchi bilan ta’minlandi, huquqiy va buxgalteriya xizmatlari bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatildi.

– 2023 yildagi faoliyatingiz natijalari, uning yo‘nalishlari – ishsizlarni ish bilan ta’minlash, kasbga o‘qitish, tadbirkorlikni, aholining kam ta’minlangan qatlamini qo‘llab-quvvatlash, mahallalarni obodonlashtirish bo‘yicha qanday yutuqlarga erishilgani haqida batafsil gapirib bersangiz. O‘tgan yil mahalla va o‘zingiz uchun qilgan qaysi ishni eng muhimi deb bilasiz?

Eng birinchi navbatda, “Temir”, “Ayollar” va “Yoshlar” daftarida ro‘yxatda turuvchi, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan, ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalarga subsidiya asosida kompyuter va tikuvchilik dastgohlari, ish qurollari olib berilib, ularning bandligi ta’minlandi. Bunday fuqarolar kasbga o‘qitilib, malakasi oshirilib, ishga joylashtirildi. Kredit asosida yangi tadbirkorlik sub’yektlari tashkil qilindi va bu orqali 27 ta doimiy yangi ish o‘rni yaratildi. Shular jumlasidan, o‘quv markazlari, kibersport, kompyuter xizmatlari markazi va uy sharoitida milliy qandolatchilik sexi tashkil etildi. Mahallamiz farovonligi uchun qilingan muhim ishlardan biri – 2 ta yangi transformator o‘rnatildi, bu aholini nihoyatda xursand qildi va xalq mahalla mas’ullarining ishlaridan mamnun bo‘ldi.

– 2023 yilda hokim o‘rinbosarlari faoliyatiga oid qator qarorlar qabul qilindi. Mahallalarning reytingi joriy etildi, yakka tartibdagi dasturlar amaliyoti joriy etildi, mahallalarning faol a’zolari soni 5 nafardan 7 nafarga oshirildi, mahallalarni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kengashlar tashkil etildi. Ushbu qarorlar munosabati bilan mahallangizda qanday ishlar amalga oshirildi, yangi tarkibdagi faollarning ishi qanday va bu qarorlar faoliyatingiz samaradorligiga qanday ta’sir ko‘rsatdi?

Mahalla beshligidan yettilikka o‘tilganligi, avvalambor, xalqning ortiqcha ovorgarchiligini kamaytirish bilan bir qatorda, mahalla xodimlarining ishini yanada aniq va tiniq belgilab berdi. Birgina soliqchining mahallada bo‘lishi aholiga shu yerning o‘zida barcha soliq to‘lovlarini amalga oshirish imkonini beradi. Barcha mol-mulk hamda yer soliqlaridan tushgan mablag‘ning 10 foizi mahallada qolishi tartibi joriy etilgani – bu muhtaram Prezidentimizning mahallaga bo‘lgan katta e’tibori deb bilaman. Endi mahalla yettiligi eng muhim va dolzarb masalalar bo‘yicha kollegial qaror qabul qilmoqda, mahallaning o‘z byudjeti borligi ham ishimizning samaradorligini oshiradi.

– Joriy yilda mahallangizni rivojlantirish bo‘yicha qanday ustuvor vazifalar belgilandi? Bu yo‘nalishda yana qanday rejalaringiz bor? Hozirgacha nimaga erishildi va kelgusida nimalar qilish kerak?

– Mahallada kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishimizdir. Tadbirkorlarga 306-qaror asosida imtiyozli kreditlar ajratib, yangidan yangi biznes sub’yektlarni tashkil qilish hamda bu asosda ko‘plab ish o‘rinlarini yaratishni o‘z oldimga maqsad qilib qo‘yganman. Joriy yilda jami 8 ta kredit ajratildi, 11 ta subsidiya ajratish jarayonida turibdi, 131 nafar fuqaro o‘zini-o‘zi band qildi, 32 kishini doimiy ishga joylashtirdim.

– Hokim yordamchisi sifatidagi tajribangizga tayangan holda, sizning fikringizcha, mahallangizda kambag‘allik holatlarini keltirib chiqaruvchi asosiy sabab va omillar nimada? Sizningcha, sizning hududingiz aholisi o‘rtasida kambag‘allik darajasini yanada samarali kamaytirish uchun qo‘shimcha nima qilish kerak?

Har bir inson kamida bitta kasbga ega bo‘lishi lozim. Agar u o‘z kasbining ustasi bo‘lsa, unga daromad topish uchun imkoniyat va sharoitlar ham ko‘p. Biz yoshlarni maktab paytidan kim bo‘lishini va nimaga qiziqishini bilib olib, keyinchalik uni shu kasbga yo‘naltirsak hamda ustoz-shogird an’anasini yo‘lga qo‘ysak, qisqa muddatda ko‘pgina natijalarga erishishimiz mumkin.

– Mahallangizda hokim yordamchisi lavozimi joriy etilganidan keyin aholining ijtimoiy tarkibi, turmush farovonligi qanday o‘zgarganiga baho bera olasizmi? Shu vaqt ichida qancha xonadon kambag‘allikdan qutulgan?

Albatta, bu judayam nozik savol. O‘ylaymanki, ushbu lavozim aynan aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha joriy qilingan, shu sababdan bizga yuklatilgan vazifa ham shundan iboratdir. Shuni aytishim mumkinki, aynan “Sobirobod” mahallasidan davlatimiz tomonidan berilgan subsidiya 18 ta xonadonning, ajratilgan imtiyozli kreditlar esa 40 dan ortiq xonadonning yashash sharoitini o‘zgartirdi, ularda yaxshi yashashga ishonch paydo bo‘ldi.

– Hokim yordamchisi sifatida faoliyat yuritgan davringizda mahallangizda tadbirkorlik va yakka tartibdagi tadbirkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil ma’lumot bersangiz. Shu vaqt ichida nechta yangi korxona barpo etilib, nechta yakka tartibdagi tadbirkorlar ish bilan ta’minlandi? Qanday qo‘llab-quvvatlash choralari va innovatsion usullar qo‘llanildi? Muvaffaqiyatli tadbirkorlik tashabbuslariga misollar keltirsangiz. – Ushbu savollarga qisman yuqorida ham javob berib o‘tdim. Ajratilgan kredit yoki subsidiyalardan maqsad – yangi tadbirkorlik sub’yektlari tashkil qilish yoki mavjudlarini kengaytirish, shu orqali aholi bandligini ta’minlashdan iborat. Faoliyatimiz davomida mahallamiz aholisi bilan birgalikda 20 dan ortiq yakka tartibdagi tadbirkorlik va 10 dan ortiq faol yuridik shaxslarni tashkil qildik. O‘zim tadbirkorlikdan chiqqanligim bois, yangi tashkil qilingan YaTT va MChJlarni ochishda shaxsan ishtirok etib, elektron platformalar orqali ortiqcha ovoragarchiliklarsiz davlat ro‘yxatidan o‘tkazib berdim (nom berish, guvohnoma olish, nizomlarini yozish va hokazolar). Misol tariqasida, Bekzod ismli yigitimizga printer va fotoapparat olib berildi. “Billur” to‘yxonasida faoliyatini boshlab, tez orada ishlari yurishib ketdi. To‘yxonada to‘yga kelgan mehmonlarni rasmga oladi, to‘y bo‘lmagan kunlari sayilgohlarga chiqib, tadbirkorligini rivojlantiradi. Qisqa vaqt ichida 2 ta qo‘shnisini yordamchi sifatida ishga olib, ularni ish bilan ta’minlab, biznesini yanada kengaytirdi. Hozirgi kunda shu yigit bilan yana bitta joy qidirib yuribmiz, sababi Bekzod kattaroq fotostudiya ochishni maqsad qilgan. U allaqachon maqsadi sari harakatni boshlab yubordi. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin.

– Ayni paytda muvaffaqiyat qozongan tadbirkorlar o‘z mahallalarini obodonlashtirish, tadbirkorlikka intiluvchilarni qo‘llab-quvvatlashda faol ishtirok etmoqda. Sizning mahallangizda tajribali tadbirkorlar bormi va ular bilan qanday ishlayapsiz? Bunga misollar keltira olasizmi?

Har doim tadbirkor elga madadkor bo‘lib kelgan. Muhtaram Prezidentimiz ham bejiz tadbirkorlarga keng imkoniyat va sharoitlar yaratib bermayati. Mahallamizdagi lider tadbirkor “Quality textile production” MChJ bilan birgalikda xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash va kooperatsiya shaklida ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Undan tashqari saxovatpesha tadbirkorlarimiz kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari va zarur anjomlarni xayriya sifatida tarqatib kelmoqdalar.

– Xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, ularni vatanga qaytishga undash borasida mahallangizda qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Bu insonlarga o‘z bizneslarini boshlashi va mahalliy iqtisodiyotga muvaffaqiyatli integratsiyalashuviga yordam berish uchun qanday dasturlar mavjud? Bu boradagi muvaffaqiyatli tajribalarga misollar keltira olasizmi?

Ochig‘ini aytish kerak, keyingi paytda ushbu masala bo‘yicha butun O‘zbekiston kurashyapti, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Ayni damda mahalla yettiligi bilan hamkorlikda yoshlar bilan muloqot qilib, ularga hozirgi kundagi sharoitlarni tushuntirib, yetakchi tadbirkorlarga biriktirmoqdamiz. Zarur bo‘lsa, ularni o‘qitib, kasb-hunar o‘rgatib, katta hayotga tayyorlamoqdamiz. Masalan, hozirgi kunda Rossiyada tajriba orttirib qaytgan usta yigitga shu yerda biznes ochishni taklif qilib, santexnik xizmatini tashkil etib berishga astoydil kirishdik. Bu harakatning natijasi yaxshi bo‘lishiga ishonchim komil.

Hokim yordamchisi sifatida amaliy tajribangizdan kelib chiqib, O‘zbekistonda hokim yordamchilari faoliyatini yanada takomillashtirish va ish samaradorligini oshirish bo‘yicha qanday takliflar bera olasiz? – Hokim yordamchilari doimo izlanishda bo‘lishi lozim. Qolaversa, tajriba orttirish maqsadida chet elda qisqa muddatli tajriba amaliyotini o‘tashi hamda o‘zi ishlab turgan tuman va shaharlarda rotatsiya qilib turilishi lozim deb o‘ylayman.

– Hokim yordamchisining ishi mas’ul davlat organlaridan maksimal darajada fidoyilik va o‘zaro ko‘makni talab qiladi. Sizda mahallani rivojlantirish uchun zarur resurslar yetarlimi? Hokim yordamchisi sifatida sizga qanday yordam kerak?

Hozirda hokim yordamchilarida zarur mablag‘ ham, imkoniyatlar ham, sharoitlar ham bor. Qo‘shimcha moliyaviy instrumentlar berilsa, o‘ylaymanki, hokim yordamchisi instituti yanada samarali ishlaydi.

– Mahallangiz aholisining amalga oshirilayotgan islohotlarga munosabati qanchalik o‘zgardi? Yaqin kelajakda o‘z oldingizga qanday yangi maqsad va rejalar qo‘ygansiz?

Tan olib aytish kerak, men mahallaga kelib ish o‘rgandim, tajriba orttirdim, o‘z o‘rnimga ega bo‘ldim. Jamiyatda mahallaga nisbatan fikr o‘zgardi, odamlarda ishonch paydo bo‘ldi. Yaqin kelajakda shu mahallada olgan bilim-ko‘nikmalarimdan tuman va shahar darajasida ham foydalanish niyatidaman!

Jamoliddin Turdimov suhbatlashdi

"Iqtisodiy sharh" jurnali №5/2024

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar