“Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada jadal tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish tizimlarini hamda yerni lazerli uskuna yordamida tekislangan holda diskretli sug‘orish usulini joriy qilish sur’ati besh barobarga oshiriladi.
Shunga ko‘ra, 2021 yilda respublika bo‘yicha jami 430 ming gektar maydonda suvni tejaydigan texnologiyalar joriy qilinadi.
Shundan sug‘oriladigan 200 ming gektar maydonni lazerli uskuna yordamida tekislash orqali suvdan foydalanish samaradorligi oshiriladi.
2021 yildan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda davlat tomonidan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilariga suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha xarajatlarning bir qismini qoplash uchun subsidiyalar beriladi.
Mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqarilgan lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregatlarini sotib olgan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilariga sotib olingan yer tekislagich agregatlari qiymatining 30 foizi davlat byudjetidan qoplab beriladi.
Subsidiya mablag‘lari joriy qilingan suvni tejaydigan texnologiyalar kamida 5 yil ishlatilishi sharti bilan ajratiladi hamda bunday texnologiyalar joriy qilingan yer maydonlari kamida 5 yil mobaynida maqbullashtirilmaydi.
2021 yil 1 dekabrga qadar Suv xo‘jaligi vazirligining mavjud 1 688 ta nasos stansiyasida elektr energiyasining sarfi hamda chiqarilgan suv hajmi hisobini yurituvchi respublika bo‘yicha yagona elektron axborot tizimi ishga tushiriladi.
Shuningdek, professional ta’lim muassasalarida 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish va foydalanish bo‘yicha mutaxassislar (konsultant) tayyorlash, qayta tayyorlash hamda malakasini oshirish tizimi joriy etiladi.
Izoh qoldirish