Toshkentga ITB guruhining 46 yillik yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi

Toshkentga ITB guruhining 46 yillik yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi

Joriy yilning 31 avgustidan 4 sentyabrgacha O‘zbekiston Respublikasining go‘zal poytaxti Toshkent shahrida, Toshkent Xalqaro kongress-markazida Islom taraqqiyot banki (ITB) Guruhi Boshqaruvchilar Kengashining 2021 yilgi Yillik anjumanini o‘tkazadi. Unda a’zo mamlakatlarga oid rivojlanish masalalari va institutsional muammolar muhokama qilinadi.

Yillik anjumanda ITBga a’zo mamlakatlarning 57 nafar hukumat vakillari, moliya, iqtisodiyot, rejalashtirish va xalqaro hamkorlik vazirlari, markaziy banklar rahbarlari va boshqa rasmiylar, shuningdek, turli ko‘p tomonlama rivojlanish banklari (MDB) va xalqaro rivojlanish tashkilotlari, biznes sektori, fuqarolik jamiyati, ilmiy doiralar, OAV va boshqa manfaatdor tomonlar vakillari qatnashadi. Jami 2000 dan ortiq ishtirokchi qatnashishi kutilmoqda.

Bu yilgi Yillik anjuman jahon iqtisodiyotning pasayishiga sabab bo‘lgan COVID-19 pandemiyasi fonida bo‘lib o‘tmoqda. Shuni hisobga olgan holda, tadbir doirasida a’zo mamlakatlarda va jahon miqyosida vaksinalarning ommabopligini ta’minlash, pandemiya tufayli yuzaga kelgan iqtisodiy muammolarni hal etish hamda iqtisodiyotlarning kompleks tiklanishini rag‘batlantirish mexanizmlari muhokama qilinadi.

Barcha sanitariya-epidemiologiya chora-tadbirlariga rioya qilingan holda o‘tkaziladigan uchrashuvlar muammolarni muhokama qilish va ITBga a’zo mamlakatlarning rivojlanish imkoniyatlarini o‘rganish uchun nihoyatda qo‘lay platforma hisoblanadi. Bir qator masalalar Yillik anjuman doirasida o‘tkaziladigan alohida mavzudagi seminar va tadbirlarda ko‘rib chiqiladi. COVID-19 sharoitlarida barqarorlikni oshirish, global iqtisodiy tiklanishning yo‘li sifatida barqaror qo‘shilgan qiymat zanjirlarini tiklash, yoshlarni har tomonlama rivojlantirish, ish o‘rinlarini yaratish va boshqa bir qator qiziqarli mavzular ko‘tariladi. Shuningdek, IBR huzuridagi Transformatsiya jamg‘armasi tomonidan turli sohalarda “ertangi kun innovatsiyalari” taqdimoti tashkil etiladi.

Yillik anjuman, shuningdek, ITB Guruhiga a’zo bo‘lgan mamlakatlarni birlashtiruvchi boshqa tegishli tashkilotlarning umumiy majlislarini o‘tkazish uchun platforma hisoblanadi.

Qo‘shimcha ma’lumot olish va tadbirlar dasturi bilan tanishish uchun yillik anjumanga bag‘ishlangan maxsus saytimizga kirishingiz mumkin.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar