O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 19 may kuni tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
O‘zini o‘zi band qilayotgan, qo‘lida kasb-hunari bor odamlarga munosib sharoit yaratish maqsadida yangi tizim joriy etilishi belgilandi. Ya’ni, sartarosh, etikdo‘z, novvoy, temirchi, duradgor, tikuvchi, taksist, tarjimon, dizayner, kompyuter dasturchisi kabi o‘zini o‘zi band qilgan 60 dan ziyod kasb egalari daromad solig‘idan ozod qilinadi. Mazkur imtiyozdan foydalanish uchun telefon orqali soliq idoralarini xabardor qilish kifoya. Ilg‘or xorijiy tajriba asosida bunday fuqarolarni ro‘yxatga olish va hisobini yuritish bo‘yicha mobil ilova ishlab chiqiladi.
Ma’lumki, yil boshida xususiy notariuslikka ruxsat berilgani natijasida 617 ta davlat notariusi xususiy bo‘ldi va byudjetdan berilayotgan 200 milliard so‘m iqtisod qilindi.
Xuddi shuningdek, hozirgi kunda davlat idoralari ko‘rsatayotgan kadastr hujjatlarini tayyorlash, yer ajratishda toposuratga olish kabi xizmatlarni xususiy sektorga o‘tkazilsa, minglab yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Adliya vazirligiga aniq hisob-kitob asosida, xususiy sektorga o‘tkazish mumkin bo‘lgan davlat xizmatlari ro‘yxatini shakllantirish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Izoh qoldirish