Aholi tomonidan sezilgan inflyasiya dinamikasi 2022 yilning yanvar oyida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlar tomonidan sezilgan inflyasiya o‘tgan yil dekabr oyidagi ko‘rsatkichga nisbatan 0,8 foiz bandga pasayib, 15,4 foizni tashkil etgan bo‘lsa, javoblarning mediana (o‘tgan 12 oyda inflyasiya bo‘yicha javoblar variatsion qatorini teng ikkiga bo‘luvchi qiymati) qiymati 13,4 foizgacha kamaydi.
Shu bilan birga, umumiy javob beruvchilar tarkibida sezilgan inflyasiyani 9-12 foiz atrofida his qilgan respondentlar soni o‘tgan yilning dekabr oyiga nisbatan oshdi va mediana ko‘rsatkichini pasayishiga sabab bo‘ldi. Javoblarning moda ko‘rsatkichi (o‘tgan 12 oyda inflyasiya darajasi bo‘yicha respondentlar tomonidan eng ko‘p belgilangan javoblar qiymati) o‘tgan oyga nisbatan o‘zgarishsiz qoldi (2-rasm.).
Ayni paytda, yanvar oyida narxlarni yuqori oshdi (21-30 foizgacha) deb ko‘rsatgan respondentlar ulushi ham pasaya boshladi. Respondentlarning ko‘pchilik qismi yanvar oyida benzin va yoqilg‘i mahsulotlari, go‘sht va sut mahsulotlari hamda dori vositalari qimmatlaganini sezishgan bo‘lsa, dukkakli mahsulotlar, ta’mirlash xizmati hamda gigiyena-tozalash vositalarining narxi biroz oshganini ta’kidlashgan (3-rasm.)
Faoliyat sohalari bo‘yicha umumiy ovqatlanish, savdo, bank-moliya sohalari, talaba hamda nafaqadagi respondentlar tomonidan sezilgan inflyasiya darajasi boshqa soha vakillariga nisbatan yuqoriroq shakllandi.
Ayni paytda, ishlab chiqarish, tibbiyot, qurilish hamda qishloq xo‘jaligi sohasida sezilgan inflyasiya umumiy ko‘rsatkichdan pastroq bo‘ldi (4-rasm.)
Sezilgan inflyasiyaning nisbatan yuqori ko‘rsatkichlari Xorazm, Farg‘ona viloyatlarida hamda Toshkent shahrida kuzatilgan bo‘lsa, nisbatan past ko‘rsatkichlar Qashqadaryo va Andijon viloyatlarida qayd etildi.
Daromadlari kesimida inflyasiya dinamikasi
Markaziy bank tomonidan uy xo‘jaliklarining daromadlari darajasi bo‘yicha inflyasiyaning ta’siri o‘rganildi. Bunda, Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlari asosida aholining daromadlari kesimida eng ko‘p iste’mol qilingan tovarlar narxlari o‘zgarishi yig‘indisi asosida guruhlar inflyasiya darajasi hisoblab chiqildi.
2022 yilning yanvar oyi yakunlari bo‘yicha yillik inflyasiya darajasi 9,8 foizni, oziq-ovqat mahsulotlari inflyasiyasi 13,1 foizni tashkil etgan bo‘lsa, iste’mol tovarlari narxlarining
o‘zgarishi aholining turli daromadli guruhlariga turlicha qiymatga ega bo‘ldi.
Xususan, yanvar oyida jon boshiga 2 mln. so‘mgacha va 2-4 mln. so‘m daromadga ega uy xo‘jaliklari guruhlarining oziq-ovqat inflyasiyasi mos ravishda 14,2 va 10,9 foizga to‘g‘ri kelmoqda.
Yuqori daromadli (5 mln. so‘mdan ortiq) guruhning oziq-ovqat inflyasiyasi esa 7,8 foizga teng bo‘ldi (1-rasm.).
Kam daromadli guruhlar xarajatlari tarkibida oziq-ovqatga yo‘naltirilgan qismi nooziq-ovqatdan 1,7 barobar ko‘p bo‘lsa, yuqori daromadli guruhda, aksincha, 40 foizga kam shakllangan.
Bu, o‘z navbatida, nisbatan kam daromadli aholi xarajatlari tarkibida narxlari yuqori o‘sgan mahsulotlar ulushining kattaligi, ular tomonidan narxlar o‘sishini ko‘proq sezilishiga sabab bo‘lmoqda.
Guruhlar bo‘yicha inflyasiya darajasi oylar kesimida tahlil qilinganda, inflyasiya ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgan davrda ya’ni fevral-aprel va oktyabr-dekabr oylarida daromadlari nisbatan kamroq aholi guruhlari iste’mol tovarlari oylik inflyasiyasi yuqori darajada shakllangan bo‘lsa, narxlarning mavsumiy arzonlashish davrida, ya’ni may-avgust oylarida ushbu guruh vakillari uchun oylik inflyasiya darajasi ko‘proq pasaygan (3-rasm.).
Shu bilan birgalikda, Markaziy bank tomonidan 2022 yildan boshlab aholi tomonidan eng ko‘p iste’mol qilinadigan va yashash uchun zaruriy hisoblanagan oziq-ovqat mahsulotlarning – ijtimoiy tovarlarning (mol go‘shti, qo‘y go‘shti, parranda go‘shti, tuxum, kartoshka, piyoz, sabzi, olma,
guruch, birinchi navli bug‘doy uni, obinon, o‘simlik yog‘lari va shakar) narxlari o‘zgarishini tahlil qilib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
2022 yilning yanvar oyida ham ijtimoiy tovarlar narxlari o‘sishi umumiy inflyasiyadan yuqori shakllanib, 13,4 foizni tashkil etdi.
Ayni paytda, ijtimoiy tovarlar narxlari o‘sishi bilan umumiy inflyasiya o‘rtasidagi tafovut 2021 yilning avgust oyida 10 foiz bandgacha kengaygan bo‘lsa, 2022 yilning yanvar oyida – 3,6 foiz bandgacha qisqardi.
Izoh qoldirish