Qonunchilik palatasi tomonidan “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun yangi tahrirda qabul qilindi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, "Yuksalish" umummilliy harakati raisi Akmal Burxonov o‘zining Telegram’dagi kanalida ushbu qonundagi eng muhim o‘zgarishlarni keltirdi.
- Qonunga ta’lim va tarbiyaga milliy hamda umuminsoniy qadriyatlarning singdirilganligi prinsipi kiritilmoqda;
- 11 yillik ta’limning hamda 6 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalarni bir yil davomida umumiy o‘rta ta’limga tayyorlashning majburiyligi o‘rnatilmoqda;
- Nodavlat ta’lim tashkilotlari tomonidan umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’limning amalga oshirilishi mumkinligi mustahkamlanmoqda;
Ta’lim olishning quyidagi shakllari belgilanmoqda:
- ishlab chiqarishdan ajralgan holda ta’lim olish (kunduzgi);
- ishlab chiqarishdan ajralmagan holda ta’lim olish (sirtqi, kechki, masofaviy, dual);
- oilada ta’lim olish va mustaqil ta’lim olish;
- katta yoshdagilarni o‘qitish va ularga ta’lim berish;
- mudofaa, xavfsizlik va huquqni muhofaza qilish faoliyati sohasida kadrlar tayyorlash;
- inklyuziv ta’lim;
- eksternat tartibida ta’lim olish.
- Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim tashkilotlarining sinflarida ta’lim oluvchilar soni 35 nafardan oshmasligi belgilanmoqda;
- Bakalavriat yo‘nalishida ta’lim olish davomiyligi kamida 3 yil, magistraturada esa kamida 1 yil etib belgilanmoqda;
- Oilada ta’lim olgan va mustaqil ta’lim olgan shaxslarga davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi ta’lim to‘g‘risidagi hujjat berilishi mumkinligi belgilanmoqda;
- Mahalliy davlat hokimiyati organlarining ta’lim sifati va darajasiga, shuningdek pedagog xodimlarning kasb faoliyatiga bo‘lgan davlat talablariga rioya etilishiga doir vakolatlari bekor qilinmoqda;
- Ta’lim tashkilotlarida siyosiy partiyalarning tashkiliy tuzilmalarini tashkil etish taqiqlanmoqda;
- Chet davlatlari va O‘zbekiston oliy ta’lim tashkilotlari o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida ularning bitiruvchilariga ikki tomonlama diplom (Double Diploma) berilishi mumkinligi belgilanmoqda.
Shuningdek, qonun bilan ta’lim tashkilotlarida ta’lim oluvchilarning kiyim-boshiga doir talablar qo‘yilishi mumkinligi belgilanmoqda.
Izoh qoldirish