Bozorlar shakllanishi va iqtisodiy masalalari jihatidan juda uzoq tarixga ega. Bozorlarning kelib chiqishi milodiydan oldingi VII asrda metall pullar kelib chiqqunga qadar, iste’mol mollarining o‘zaro almashinuvi, aniqrog‘i — dehqonchilikdan hunarmandchilik ajralib chiqqan davrdan boshlangan. Navoiy yashagan XV asrga kelib, har bir mamlakat, shahar, tumanda ichki bozor bo‘lgan. Bu esa Buyuk ipak yo‘li jahongashta savdogarlar uchun yangidan-yangi imkoniyatlar yaratganligidan darak beradi. Shu boisdan bo‘lsa kerak, Alisher Navoiy “Hayratul-Abror”, “Mahbubul-qulub” va boshqa asarlariga o‘zini hayratga solgan ajoyibotlar bilan bir qatorda bozorlar haqidagi ma’lumotlarni ham kiritadi.
Haqiqatan ham, yoshlik davrida Navoiy e’tiborini jalb etgan dargohlardan biri – shoh arki (saroyi) bo‘lsa, ikkinchisi – Hirotdagi mashhur bozor bo‘lgan.
Zero, ulug‘ shoirimiz “Hayratul-Abror” da shunday ham yozgan: “To‘rt tomon ketgan yo‘l, uning bozorlari... U yerda kim bo‘lsa, hamma biron narsaga xaridor. Xaridor qanday narsani olishni o‘ylamasin, sotuvchilar undan yuz hissa ortig‘ini muhayyo qiladilar. Turli xildagi mollarning qiymati bilan har bir do‘kon har qanday dengiz va kon qiymatiga tenglasha oladi. Bazzozlarda ran-barang kiyim-kechaklarni taxlab qo‘yishgan; ular osmon atlaslari kabi qatma-qat turibdi. Qutichalardagi gavharu javharlar osmon va undagi yulduzlarni eslatadi. Bu bozorga kirib qolgan kishi chiqishga yo‘l topa olmay qoladi, aylana berib, butunlay aqldan adashadi”. Bu tasavvur Navoiyning boshqa asarlarida ham davom ettiriladi. Hirot bog‘larida yetishtirilgan ajoyib mevalar: uzum, anor, nashvati, anjir, olma, qovun, handalak, tarvuz, qolaversa, sabzavotlar ham bozorning ko‘rki ekanligi tilga olinadi.
Yozuvchi Izzat Sulton ko‘rsatganidek, “Alisher tug‘ilgan yillarda Hirot temuriylar davlatidagi eng katta va go‘zal shaharlardan biriga aylangan hamda o‘z mavqei va shuhrati jihatidan temuriylar poytaxti Samarqand bilan raqobat qilar edi”.
Bu ma’lumotlar Samarqand butun Osiyo savdosida mol ombori o‘rnini olganligidan guvohlik beradi.
Ko‘p yillar Hirot va Samarqandda istiqomat qilgan Alisher Navoiy mamlakat miqiyosidagina emas, balki jahonda e’tibor qozongan hisobsiz karvonlarni, ularni boshqarib borayotgan savdogarlarni, mahalliy bozorlardagi do‘kondorlar va ularga xizmat qiluvchi gumashtalar mehnatini o‘rganib, ichki savdo bilan tashqi savdoning bir-biri bilan bog‘langanligi, shu bilan birga, savdogarlar bilan hunarmandlarni, bozorda ham savdo, ham hunarmandlik bilan shug‘ullanuvchilarni, savdogarlar bilan xaridorlar munosabatlarini tahlil qilgan.
Navoiy bu o‘rinda sarroflar Samarqandda zarb qilingan tangalar bilan chet el valyutalarini birining ikkinchisiga almashtirishini kuzatadi. Bundan tashqari, savdogarning asosiy maqsadini ochiq-oydin ravishda quyidagicha ta’riflab beradi:
“Savdogarlar boshida, — deb yozadi Navoiy, — birini yuz qilaman degan savdo, ko‘nglida bo‘zni shoyiga almashtiraman degan istak bor”. Lekin savdogarlar bu maqsadni amalga oshirish uchun syurgal (podshoh tomonidan in’om etilgan yerlar – muharrir izohi) va tarxon (soliqdan ozod qilingan aholi yerlari), ushr (islom davlatlarida soliq turlaridan biri) va vaqf (masjid va madrasalarga qarashli yerlari) yerlarida ertadan kechgacha tinmay ishlagan dehqonlar mehnati bilan hosil bo‘lgan qo‘shimcha mahsulotni o‘zlashtirishda va buning uchun keng sharoit yaratishda katta yer egalari bo‘lmish feodallarga yaqindan yordam berayotganlarini qalbdan sezadi va ularning faoliyatini tartibga solish maqsadida quyidagi nasihatlar bilan murojaat qiladi: “Savdogar yolg‘iz foydani niyat qilmasligi, foyda qilaman deb o‘zini katta mashaqqatga qo‘ymasligi, savdo qilib foyda topaman deb, dengizga kema surmasligi, dur olaman deb nahang og‘ziga qo‘l solmasligi, mol va pul ko‘paytiraman deb jonsarak bo‘lmasligi kerak. Shuningdek, nafis matolarni ayab, eski chopon kiymasligi, lazzatli taomlarni ko‘zi qiymay, qattiq non yemasligi lozim”. Bu o‘rinda Navoiy ayrim savdogarlarning haddan ziyod xasisligini tanqid qilib, ularning ko‘rgan qiyinchiliklari tirikchiligini yaxshi o‘tishi uchun xizmat qilsa va topgan foydasi ko‘ngil farog‘ati uchun sarflansa, yaxshi bo‘ladi, deb ko‘rsatadi. Aks holda bunday savdogar xo‘ja emas, mardikor bo‘ladi, o‘z xasisligi bilan hamisha azob-uqubatda bo‘ladi.
Xasislikning ko‘rinishlaridan biri – soliq to‘lashdagi aldamchilikdir. Ayrim savdogarlar zakot va boshqa soliqlarni kamroq to‘lash maqsadida davlatni aldab, mollarini yashiradilar, ularni ko‘rsatmaslikka harakat qiladilar, mollarni aziz tutib, lekin o‘zlarini xor etib, obro‘larini to‘kadilar.
Navoiy savdo jarayonini kuzatib, shahar olibsotarlarini qoralaydi. “Shahar olibsotari, — deb yozgan edi Navoiy, — xiyonatchidir. O‘z foydasini ko‘zlagani holda, elga qahatchilik tilaydi, uning maqsadi – elga ziyon yetkazish orzusi, arzon olib, qimmat sotishdir. U olarda shoyini bo‘z deb kamsitadi, sotarda esa bo‘zni shoyi deb vaysaydi. Do‘konida insofdan bo‘lak hamma mato mavjud, o‘z aybiga iqrorlikdan bo‘lak noinsoflikning barcha turi topiladi. Musofir bilan savdogarni bamisoli er-xotin, balkim, birini askar, ikkinchisini esa uning xotini deyish mumkin. Olibsotarga foyda-yu, xaridorga – nuqsonli mol, har ikki tomonidan yolg‘on ont ichgan dalloldir”.
Navoiyning fikricha, bozor olibsotari bozor kosiblaridan qisman farq qiladilar. “Ular bir pullik matoni yuzga sotish bilan ming bor maqtanadilar, ming so‘m turadigan narsani yuz so‘mga olishdan uyalmaydilar. To‘g‘rilik bilan savdo yuritish – ular uchun go‘yo zarar keltiradi. Va’daga vafodorlik – ular uchun go‘yo badkirdorlik hisoblanadi. Ular savdoga berilib, oxiratni unutadilar: insof va adolat tarozisi borligini tan olmaydilar. O‘g‘il otani aldashi — bularning hunarlari. Shunday qilib, bozor kosiblari arzon mollarni qayta ishlab, hunar ko‘rsatadilar, o‘z risolalaridagi talablardan chetlashi, firibgarlik yo‘liga o‘tganlar...” (“Mahbubul-qulub”dan).
“Mahbubul-qulub”dan keltirilgan parchalar Navoiy zamonidagi pul birliklari: dinor, dirxam va boshqalar bilan tanishish imkoniyatini beribgina qolmay, Navoiy pulning almashish quroli, qiymat o‘lchovi, jamg‘arish va xazina to‘plash, to‘lov vositasi, jahon pullari funksiyalaridan xabardor ekanligini ko‘rsatadi. Bu o‘rinda Navoiyning pulning qiymat o‘lchovi funksiyasiga bo‘lgan ta’rifi qiziqarlidir. Shuningdek, “Mahbubul-qulub”da mahsulot yaratishda va mahsulot sifatini ta’minlashda mehnatning roliga alohida e’tibor berilganligi diqqatga sazovordir.
“Tez qo‘lga kirgan boylik, — deb ko‘rsatadi Navoiy shu asarida, — uzoqqa bormas, maqtagan bilan hech narsaning bahosi ortmas. Bir xumdondan mingga sopol idish chiqar, qiymati bir tangadan ortiq bo‘lmas, kunda yuztasi sinsa ham, birov achinmas. Chinni idishning qiymati uni tayyorlashdagi qiyinchilikka yarasha balanddir, uni asrashda ham qiymatiga yarasha ahamiyat beriladi”.
Alisher Navoiy inson hayotida mehnatning rolini faqat hunarmandchilik emas, balki, ayniqsa, dehqonchilik misolida ham chuqur tahlil qilishga harakat qilgan. “Don sochuvchi dehqon, — deb yozadi Navoiy, — yerni haydash bilan rizq yo‘lini ochadi... Halol mehnat bilan don sochadi, har bir donini yetti yuzga yetkazadi”.
Dehqon to‘plagan hosilning ahamiyati haqida gapirib, Navoiy shunday xulosaga keladi: “Chumolilar uyi undan obod. Kabutarlar mastligiyu to‘rg‘aylarning sho‘x navosi shu donlardan, o‘roqchining tirikchiligi shuning orqasidan. Qushchining undan murodi hosil, somonchi undan maqsadga vasil. Gadoylar u bilan to‘q, xonadon esa ma’mur. Musofirga taom shundan, mujovirga kom undan. Novvoyning tandiri u bilan issiq, allof-unfurushning bozori u bilan qiziq, fuqaroning rizq-ro‘zi, g‘ariblarning kuch-quvvati don bilandir. Shoh xazinasi esa don orqasidan inju va oltinga boy. Dehqonning bir don sepganida shuncha hikmat bor, o‘zga ishlarini ta’riflash maholdir”.
Ha, bu parchani dehqon mehnatining chuqur tahlili, desak bo‘ladi.
Navoiy Hirotdan Astrobodga borganidan keyin Husayn Boyqaroga bir maktub yo‘llaydi. Unda boshqa masalalar bilan birga tashqi savdo masalalariga ham alohida ahamiyat berilgan.
“Yana ulkim..., — deb yozadi Navoiy, — dahonalarda (chegara darvozalarida) andoq mazbut (quvvatli) kishilar qo‘yib, andoq mustahkam qililsakim... Atrofdan kelgan bozurgonlar (savdogarlar)ning jonibin rivoyat qilsalar (ularning manfaatlariga zarar yetkazilmasa)...
Ul viloyatda “tamg‘o” lafzi mashhur bo‘lmasa, savdogarlarga boj solinmasa, zakotni (mulkdan olinaturgan soliqni) shar’ va hukm (shariat va qonun) yo‘suni bilan zakotchilar alardin mustaxlas qilsalar (olsalar). Zakotchilar ishidan tavchi, (taftishchi) balki, haft-bahafta vuquf topib (xabardor bo‘lib, tekshirib ko‘rib), arzga yetkursalar. Juz’iy jarima (ozgina gunoh) qilganni qulliy siyosat qililsa, bok yo‘qdur (qattiq jazoga tortilsa zararsizdir), to bu ovoza olam mamolikiga (mamlakatlariga) yoyilsa, tujjorning rujui ko‘proq bo‘lsa (savdogarlarning kelishi kuchayadi)”.
Biz yuqorida Alisher Navoiyning bozor iqtisodiyoti bilan bog‘langan ayrim mulohazalarini bayon qilishga harakat qildik. Navoiyning savdogarlar haqidagi ko‘p fikrlari o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Uning “Saddi Iskandariy” va boshqa asarlarida ham bozor iqtisodiyoti masalalari, masalan, savdo-sotiqdagi tosh-tarozu, xaridorlarni aldash va boshqa masalalar ko‘rsatib o‘tilgan. Tadqiqotchilarimizning navbatdagi vazifalaridan biri – Navoiyning faqat savdo-sotiq sohasidagi emas, balki davlat moliyasi, mahkamalardagi lavozimlarda xizmat qiluvchilar, hunarmandlar va dehqonlar mehnatini, sipohiylarga to‘lanadigan urufalar va boshqa iqtisodiy vositalarni batafsilroq tahlil qilish va shu orqali iqtisodiy tariximizning yoritilmagan sahifalari bilan tanishishga yordam berishdir.
Izoh qoldirish