Institutning xorijiy tillarni yaxshi o‘zlashtirgan professor-o‘qituvchilari oylik maoshlariga 10 foiz ustama belgilanadi.
“Agrar ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab:
▪️ Toshkent davlat agrar universitetining Andijon filiali negizida Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti;
▪️Qishloq xo‘jaligi vazirligi tasarrufiga o‘tkazilgan qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kollejlari negizida oliy maktablar o‘rniga agrotexnologiyalar texnikumlari tashkil etiladi.
Qarorga ko‘ra, texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar yakka tartibdagi suhbat asosida kirish imtihonlarisiz qishloq xo‘jaligi OTMlarining mos bakalavriat yo‘nalishlarida 2-bosqichdan o‘qishini davom ettirish huquqiga ega bo‘ladi.
Shuningdek:
- 2020/2021 yil o‘quv yilidan boshlab Toshkent davlat agrar universiteti qoshida respublika OTMlarining iqtidorli talabalari tarkibidan tanlab olingan yoshlar uchun “O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini innovatsion rivojlantirish va uni raqamli transformatsiyalash” loyihasini amalga oshirish doirasida maxsus fakultet tashkil etiladi;
- Toshkent davlat agrar universiteti va Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari masalalari hamda professional ta’lim muassasalari bilan ishlash bo‘yicha prorektor lavozimi joriy etiladi;
- Xorijiy tillarni yaxshi o‘zlashtirgan professor-o‘qituvchilarning oylik maoshlariga 10 foiz ustama belgilanadi (xorijiy tillar bo‘yicha professor-o‘qituvchilar bundan mustasno).
Izoh qoldirish