Mamlakatimizda ilk bor “mahallabay” tizimi, uning ortidan barcha mahallalarda “hokim yordamchisi” lavozimi joriy etildi. Siz uchun bu lavozimning mazmun-mohiyati nimada, uni qanday tushunasiz?
– Ushbu lavozim muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan 2021 yilning oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida aholining tadbirkor tashabbuslarini amalga oshirishga moliyaviy ko‘maklashish, ularning daromadli mehnat bilan bandligini ta’minlash, mahallabay ishlash orqali kambag‘allikni qisqartirish, mahalladagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvolni xonadonbay o‘rganish maqsadlarida ta’sis etilgan edi. Aholi muammolarini “xonadonbay” o‘rganib, ularni quyi bo‘g‘inda bevosita hal etish mahallalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish – hokim yordamchilarining asosiy vazifasi sanaladi.
– O‘zingiz va ushbu lavozimga qanday kelganingiz haqida batafsilroq so‘zlab bering. Hokim yordamchisi bo‘lgan mahallangizdagi ishlar bilan avval qanchalar tanish edingiz? Ilgarigi qanday ish tajribangiz hokim yordamchilariga yuklatilgan vazifalarni hal qilishga imkon bermoqda?
– 2019 yili Andijon shahar hokimi o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimida ishlay boshladim , 2020 yildan hokimning Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i, ya’ni mahalla bo‘yicha o‘rinbosari sifatida faoliyat olib bordim. Faoliyatimning asosiy negizi mahalla tizimini yaxshilash, aholi muammolarini o‘rganish va hal etish, xotin-qizlarimizni hayotdan rozi qilish, oilaviy ahvolini yaxshilashda bevosita ishtirokchi sifatida xizmat qilish bo‘ldi. 2021 yili hokim o‘rinbosari sifatida videoselektor yig‘ilishida qatnashib, birinchilardan bo‘lib mahallada hokim yordamchisi sifatida ishlashga tayyor ekanligimni bildirdim. 2022 yil yanvar oyidan boshlab Andijon shahri Bog‘ishamol MFYda hokim yordamchisi bo‘lib ishlab kelmoqdaman. Ushbu lavozimga qadar hokimiyat strukturasida – ayni mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida ishlaganim, shuningdek, pandemiyaning eng qiyin davrlarida aholini ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida ta’sis etilgan “Temir daftar”, keyinchalik “Ayollar daftari” yuritish va ularni moliyaviy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashda, ularning muammolarini individual tarzda aniqlash, yordam ko‘rsatish, keyinchalik daromadli qilish va daftarlardan qanday tarzda chiqarish yo‘nalishi bo‘yicha ishlaganim keyingi faoliyatimda judayam qo‘l keldi. Bundan tashqari, hokim o‘rinbosari sifatida 4 yil davomida faoliyat olib borganim mahallamdagi muammolarning 70-80 foizini yechishimga amaliy yordam berdi desam, adashmagan bo‘laman.
– Mahallangiz haqida batafsil ma’lumot bering. U qayerda joylashgan, qishloqda yoki shahardami, kattaligi qanday, mahalla ahlining ishlashi uchun qanday yirik korxonalar mavjud, mahalla aholisi, asosan, qaysi faoliyat turlari bilan shug‘ullanadi? Mahallada qanday ijtimoiy infrastruktura ob’yektlari bor (maktab, bog‘cha, tibbiy punkt va h.k.)?
– Men faoliyat olib borayotgan mahalla Andijon shahri tumanlari bilan chegaradosh mahalla bo‘lib, uning asosiy qismi adirliklardan iborat, u 996 gektar yer maydoniga ega bo‘lib, aholi yashash maydoni 45 gektarni tashkil qiladi. Ijtimoiy jihatdan og‘ir mahalla sifatida ro‘yxatda turgan. Mahalladagi xotin-qizlarimiz ishlashi uchun 3 ta sanoat ishlab-chiqarish korxonalari, 1 ta oyna ishlab chiqarish korxonasi, 10 ta kichik biznes sub’yektlari va 13 ta xizmat ko‘rsatish ob’yektlari, 14 ta oziq-ovqat savdo do‘konlari mavdud. Bundan tashqari, “Bog‘i Bobur” dam olish maskani ham mening hududimda joylashganligi sababli 15 ta umumiy ovqatlanish shoxobchalari va 20 ta dam olish maskanlari mavjud. Hududimda ijtimoiy infratuzilma ob’yektlaridan 9-umumta’lim maktabi va 3 ta oilaviy maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyat olib boradi.
– Hududda aholining qaysi ijtimoiy guruhlari ko‘pchilikni tashkil qiladi, qancha kambag‘al va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qo‘llab-quvvatlashga muhtoj?
– Mahallada jami xonadonlar soni hozirgi kunda 946 ta bo‘lib, aholi soni 5 096 nafarni tashkil etadi, oilalar soni esa 1 126 ta. Bulardan 1-toifa – 65 ta; 2-toifa – 358 ta; 3-toifa – 523 ta. Ijtimoiy guruhlarga kirilgan fuqarolar soni 66 nafarga yetib, hozirgi kunda 23 nafar ishsizlar aniqlangan. Ko‘makka muhtojlar toifasiga kiritilgan fuqarolarga manzilli yordam ko‘rsatish maqsadida aniq chora-tadbirlar rejasi tuzildi. Hozirda uni amalga oshirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
“Xonadonbay” xatlov orqali hududdagi oilalarning ijtimoiy ahvoli, tomorqasidan foydalanish darajasi, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga ishtiyoqini aniqlash bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazildi. Natijada birinchi toifa 2022 yil fevral oyida aniqlanganligi bo‘yicha 102 ta, ikkinchi toifaga kiruvchilar 221 ta va uchinchi toifaga kiruvchi 423 ta xonadonlar tashkil qilingan, ularning daromadini oshirish bo‘yicha manzilli “yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi va birinchi toifaga kiruvchi oilalar uchun har biriga alohida papkalar yuritib, ularning oylik daromadini oshirish uchun o‘z oldimga vazifalar qo‘ydim. Mahallamda, asosan, tikuvchilik, xizmat ko‘rsatish, ko‘rpa-to‘shak tikish, kosibchilik va kasanachilik faoliyati bilan shug‘ullaniladi. Xonadondagi mehnatga layoqatli fuqarolarni kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish, shundan so‘ng ularga daromad topishlari uchun asbob-uskuna ajratish maqsad qilib qo‘yildi. Mahallada dastlab 70 nafar fuqaroning ishsiz ekani aniqlandi. Shuningdek, hududdagi infratuzilma holati ham o‘rganildi va bu yo‘nalishlarda qilinishi zarur bo‘lgan ishlar belgilab olindi. 68 nafar “Ayollar daftari” va” Yoshlar daftari”ga kirgan fuqarolarga subsidiya asosida tikuv mashinalar olib berilib, o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi.
– O‘tkazilgan tadqiq va o‘rganishlar natijasida mahalla aholisi orasida kambag‘allikning qanday asosiy sabablari aniqlandi? Ularni bartaraf etish va mavjud muammolarni hal qilish uchun qaysi yondashuvlarni ishlab chiqdingiz?
– Hududda o‘tkazilgan xatlov va tadqiq natijalaridan kelib chiqqan holda, mahalladagi ijtimoiy yordamga muhtoj oilalarni xonadonning o‘zida bandligini ta’minlash zarurligi va ularni tadbirkorlik ko‘nikmalarini ustoz-shogird tamoyili asosida yo‘lga qo‘yishim kerakligini angladim. Bunda mahallamdagi 68 nafar xotin-qizlar va yoshlar “Ayollar va Yoshlar daftari”ga kiritilib, xonadoniga jami 502 mln so‘mlik subsidiya asosida asbob-uskunalar, ya’ni tikuv mashinalari, kompyuter jamlanmasi, pechlar, motokultivator jihozlari olib berildi. Hududimda yaratilgan ish o‘rni ko‘p bo‘lgani bilan, beriladigan ish haqlari fuqarolarni unchalik qoniqtirmaydi. Fuqarolarning deyarli barchasi o‘ziga to‘q xonadonlarda istiqomat qiladi va ko‘pchiligi, asosan, tadbirkorlik va hunarmandchilik hamda davlat tashkilotida ishlaydi. Bugungi kunda ushbu fuqarolarimiz o‘zini o‘zi band qilish asosida faoliyat yuritmoqda.
– Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirildi? 2023 yilda bu borada qanday natijalarga erishildi?
– Mahalladagi ishsiz fuqarolarni ish bilan band qilishda bir qator ishlar olib borildi. Jumladan, o‘zini o‘zi band qilish orqali xotin-qizlarning 13 nafariga subsidiya asosida, homiylik asosida 43 nafariga to‘g‘ri chok va overlok (56 ta to‘g‘ri chok, 56 ta “overlok”) mashinalari, jami 112 ta tikuv mashinalari olib berildi, homiylik asosida 5 nafariga kompyuter, 3 nafariga motokultivator, subsidiya asosida 2 nafariga duxovka, umumiy 68 nafariga hunarmandchilik jihozlari olib berildi. Yana 4 nafar fuqaroga homiylik asosida issiqxonalar qurib berildi. “Har bir oila – tadbirkor” dasturi orqali 41 nafar fuqaroga 1 mlrd 58 mln so‘m kredit berilib, yangi ish o‘rni yaratildi va 200 ga yaqin fuqarolar ish bilan ta’minlandi. 10 ga yaqin yangi loyihalar ishlab chiqildi. 168 nafar fuqaroga kasb-hunarga o‘qitish uchun yo‘llanma berildi va Monomarkazda o‘qitilib, barchalari ish bilan ta’minlandi. Mahallada norasmiy sektorda band bo‘lganlarning 400 ga yaqini ro‘yxatdan o‘tkazilib, o‘zini o‘zi band kildi. Tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha 4 ta yangi loyiha tashkil qilindi va 200 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Hududdagi qizil toifaga kirgan yoshlarning 11 nafari Bandlik dasturi orqali, 2 nafari doimiy ishga joylashtirilib, yana 2 nafariga kredit berildi, 7 nafariga esa subsidiya asosida asbob-uskunalar olib berildi.
– Mahallaning barqaror rivojlanishida transport, energetika, kommunal, ijtimoiy va boshqa infratuzilmalarning mavjudligi va holati muhim ahamiyatga ega. Bu borada qanday ishlar olib boryapsiz?
– Bog‘ishamol mahallasi infratuzilmasini yaxshilash borasida ham bir qator ishlar qilindi. 40 yildan buyon toza ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan aholining hayotini yaxshilash maqsadida 2 mlrd 600 mln so‘m pul ajratilib, yangi 6,5 km suv tarmog‘i tortildi. Natijada 400 ga yaqin xonadonlar ichimlik suvi bilan ta’minlandi. 150 ta yoritish chiroqlari, 5 ta transformator, 110 ta beton sim yog‘ochlari o‘rnatildi. Bundan tashqari, “OPEN BYUDJET” asosida maktab hududida mini-stadion qurildi, turizmni rivojlantirish bo‘yicha 8 ta yangi dam olish maskanlari yaratildi.
– Bugungi kunda mamlakatimizda korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga qarshi ayovsiz kurash olib borilmoqda. Siz o‘z faoliyatingizda korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun nima ishlar qilmoqdasiz?
– Korrupsiyaga qarshi kurashish O‘zbekiston davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishiga aylanib ulgurdi. Buni so‘nggi yillarda soxaga oid qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar, korrupsiyani oldini olishga qaratilgan ma’muriy islohotlar misolida ham ko‘rish mumkin. Davlat rahbarining jamiyatni “halollik vaksinasi bilan emlash” zaruriyati hakidagi fikrlari bu boradagi ishlarga qo‘yilgan tamal toshi desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Korrupsiya holatlarini oldini olish va ularni bartaraf etishning eng muhim jihatlaridan biri – davlat boshqaruvi tizimida “inson omili”ni kamaytirish uchun davlat va jamiyat boshqaruviga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish yo‘lga qo‘yildi. Buning tasdig‘i sifatida ma’muriy to‘siqlar bartaraf etilib, fuqarolar har bir yo‘nalishdagi muammolari bilan elektron tarzda murojaat qilishlari va ularga ochiqlik va oshkoralik bilan javob olishlari uchun xizmat qilmoqda. Masalan, meni yo‘nalishimda korrupsion holatlarni oldini olish maqsadida “Har bir oila – tadbirkor” doirasida kredit olish uchun “Oila kredit uz” portaliga ariza bilan murojaat qilinadi va ushbu ariza mening platformam orqari tasdiqlanadi, bankning platformasiga borgandan so‘ng ushbu murojaat tasdiqlanib, fuqaroga kredit ajratilishi lozim bo‘ladi. Bu yerda ko‘rinib turibdiki, inson omili qatnashmasligi tufayli korrupsion holatlarga ham anchagina barham berilmoqda. Bir davlat xizmatchisi sifatida menga davlatimiz tomonidan berilayotgan ish haqi, oilamdagi to‘kinchilik ortiqcha korrupsiyaga hojat qoldirmaydi va men bunday ishlardan nafratlanaman. Bundan tashqari, mahallada bajarilgan ishlar, sarflangan mablag‘lar yuzasidan deputatlar, mahalla aholisi oldida doimiy ravishda hisobot berib boriladi. Bu ham korrupsiya holatlarining yuzaga kelmasligiga katta yordam beradi.
– 2024 yilda mahallani yanada rivojlantirish bo‘yicha qanday rejalaringiz bor?
– Rejalarimiz ko‘p! Birinchidan, mahalla bo‘yicha 1-toifaga (daromadi kambag‘allik chegarasidan kam bo‘lgan oilalar) kiritilgan 15 ta oilalarni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha tuzilgan “Individual dastur”lar ijrosini ta’minlashni ko‘zlaganman. Shuningdek, xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarish sohasidagi tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagidagi 10 ta tashabbuskorlar loyihalarini amalga oshirishda zaruriy moliyaviy mablag‘lar jalb etish ham maqsad qilingan. Infratuzilma bilan bog‘liq mavjud masalalarni hal etish orqali 200 ta yangi ish o‘rinlari yaratish, ishsizlarni ish bilan ta’minlash ham rejalashtirilgan. Hokim yordamchisi Davlat rahbarining joylardagi ishonchli vakili bo‘lib, uning vazifasi mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishda eng quyi iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda bevosita ishtirokchi bo‘lib xizmat qilishdir.
— “Mahallabay” ish tizimi samaradorligini oshirish bo‘yicha qanday takliflaringiz bor?
– Mahallarni qo‘llab-quvvatlashni yanada takomillashtirish, mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘ini sifatida ishlashini ta’minlash to‘g‘risida Prezidentimiz tomonidan ishlab chiqilgan farmoni ayni muddao bo‘ldi, desam adashmagan bo‘laman. Ushbu farmonda “Mahalla yettiligi” faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, mahallaning xalq bilan davlat o‘rtasidagi “ko‘prik” vazifasini amalga oshiruvchi mustaqil va xalqchil tuzilmaga aylanishiga ko‘maklashish, eng avvalo, har bir oila o‘zi va oilasining kelajagi, moliyaviy ahvoli va farovonligini ta’minlashda mas’uliyat sezishi, boqimandalikka o‘rganmaslik hissini yanada kuchaytirish, targ‘ibot ishlarini kuchaytirish lozimligi uqtirilgan.
– Faoliyatingiz davomida mahallada nimalar o‘zgardi, aholining bunga munosabati qanday? Ularning hokim yordamchilari institutiga va umuman “mahallabay” tizimiga ishonchi ortdimi?
– Faoliyatim davomida 13 ta yangi tadbirkorlik sub’yektini tashkil etdim. Insonlarda o‘zini o‘zi band qilish orqali tadbirkorlikni rivojlantirish, oilaviy daromadlarini ko‘paytirish orqali kambag‘allikdan chiqish mumkinligiga ishonch paydo bo‘ldi. Mahalladagi ishsiz fuqarolar ham ishga joylashmoqda. Albatta, aholi ham buni ko‘rib-bilib turibdi. Chunki oldinlari ishga joylashish, subsidiyalar olish, kasb-xunarga o‘qish, o‘z biznesini ochish uchun kreditlar olish, uni rivojlantirish uchun turli idoralarda sarson bo‘lish holatlari bo‘lgan. Hozirda hokim yordamchilarining say’-harakatlari, hududni “xonadonbay” o‘rganishi orqali fuqarolar ish bilan ta’minlanib, tadbirkorlik qilishi eng katta ko‘makchi bo‘layotgani sir emas. Odamlardan hokim yordamchilari davlat idoralari va xalq o‘rtasida asosiy ko‘prik vazifasini o‘tayapti, degan so‘zlarini eshitish kishiga quvonch bag‘ishlaydi. Asosiysi, fidoyilik bilan aholini rozi qilishda sidqidildan mehnat qilish, insonlarning jamiyatdagi o‘z o‘rnini topishlarida bevosita ishtirokchi bo‘lish va kishilar turmush sharoitlari yaxshilanishiga hissa qo‘shishda bizning ham hissamiz bor. Buning uchun barcha bilim va tajribamni ishga solishga tayyorman. Albatta, o‘z hayotida ijobiy natijalarni ko‘rgan fuqarolarda kelajakka ishonch paydo bo‘ladi, bu esa Prezidentimizning menga bergan ishonchini oqlashimda kuch bag‘ishlaydi!
Izoh qoldirish