Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilning 1-yanvar holatiga, Andijon viloyatida doimiy yashovchi aholi soni, 2023 yil boshiga nisbatan 71,7 ming kishiga (2,2%) ko‘payib, jami 3 394 ming kishini tashkil etmoqda. Jumladan, shahar aholisi 1 772 ming kishiga (jami aholining 52,2%), qishloq aholisi esa 1 622 ming (jami alohiling 47,8%) kishiga yetgan. Andijon viloyati aholi soni ulushi bo‘yicha respublikada Samarqand (4 209 ming), Farg‘ona (4 062 ming) va Qashqadaryo (3 561 ming) viloyatlaridan keyin 4-o‘rinni egallagan.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilning 1-yanvar holatiga mehnatga layoqatli aholi, viloyat doimiy aholising 55,6%ni, mexnatga layoqatli yoshdan kichiklar 32,8% ni va mehnatga layoqatli yoshdan kattalar 11,6% ni tashkil qilgan.
Viloyatda aholi sonining taqsimlanishi 1 720 ming erkaklar (50,7%), 1 675 ming (49,3%) nafar ayollar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Hududlar kesimi bo‘yicha qaralganda, Andijon shahri (481 ming), Asaka (324 ming) va Shahrixon tumanlari (317 ming) viloyatdagi eng ko‘p aholi istiqomat qiluvchi, Bo‘ston (78 ming), Ulug‘nor (64 ming) va Xonobod (46 ming) tumanlari viloyatdagi kam aholi istiqomat qiluvchi hududlar hisoblanadi.
Viloyat bo‘yicha 1 kvadrat kilometrga o‘rtacha 789 kishi to‘g‘ri kelib, Andijon shahri (6 869 kishi), Xonobod shahri (1 145 kishi) va Asaka tumani (1 315 kishi) aholi eng zich joylashgan hududlar sirasiga kiradi.
2023 yil davomida tug‘ilishlar soni 89,4 mingtani, o‘limlar soni 15,9 mingtani, qayd etilgan nikohlar soni 25,1 mingtani va nikohdan ajralishlar 5,5 mingtani tashkil etgan.
Aholi migratsiyasi bo‘yicha, viloyatga 6,7 ming kishi doimiy yashash maqsadida ko‘chib kelgan bo‘lsa, 8,5 ming kishi viloyatdan ko‘chib ketgan.
Bahodir Xolmirzayev
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Izoh qoldirish