Aholini ijtimoiy muhofaza qilish sohasida yangi tizim joriy etiladi

Aholini ijtimoiy muhofaza qilish sohasida yangi tizim joriy etiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21 noyabr kuni aholini ijtimoiy muhofaza qilish sohasidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

So‘nggi ikki yilda ijtimoiy nafaqa oladiganlar soni 1,3 baravarga, nafaqa miqdori 2 baravarga oshirilgani, ishlayotgan pensionerlarga pensiyani to‘liq to‘lash tartibi joriy qilingani qayd etildi.

Lekin tizim bilan bog‘liq muammolar saqlanib qolmoqda. Joriy yilning 9 oyida Xalq qabulxonalariga ijtimoiy nafaqalar tayinlash bilan bog‘liq 36 mingta shikoyat bo‘lgani ham shundan dalolat beradi.

Masalan, ijtimoiy muhofazaga muhtoj aholi qatlamini aniqlash, hisobga olishning yagona mezoni yo‘q. Pensiya va nafaqalar miqdorini belgilashda muhim omil bo‘lgan iste’mol savati va yashash minimumi joriy qilinmagan. Ijtimoiy ahamiyatga ega kasalliklar bo‘yicha bepul davolanish uchun beriladigan orderlar har doim ham ehtiyojmand fuqarolarga yetib bormayapti.

Bunday holatlar aholining yordamga muhtoj qismiga uy-joy ajratish, maktabgacha ta’lim muassasalarida ota-onalar badalidan ozod qilish kabi masalalarda ham uchraydi. Mehribonlik uyida tarbiyalangan yoshlarni uy va ish bilan ta’minlash, yolg‘iz keksalarni parvarishlash, doimiy yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish borasida ham kamchiliklar bor.

Aholini ijtimoiy muhofaza qilish sohasidagi ishlarni koordinatsiya qiladigan yaxlit tizim yo‘q, bu masalalar bilan o‘ttizga yaqin davlat idoralari, tashkilotlar va komissiyalar shug‘ullanmoqda.

Yig‘ilishda xalqaro tajriba asosida bu sohada butunlay yangi tizimni joriy etish masalalari muhokama qilindi.

Buning uchun, avvalo, ijtimoiy ko‘makka muhtojlarni aniqlash va ularni hisobga olish, to‘lovlarning manzilliligini ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.

Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Davlat statistika qo‘mitasiga xalqaro tashkilotlar ekspertlarini jalb etib, iste’mol savati va yashash minimumini hisoblash tartibi hamda iste’mol me’yorlarini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Uni avval muayyan shahar va viloyatlarda tajribadan o‘tkazib, keyin amalga kiritish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shuningdek, aholining ehtiyojmand qatlamini aniqlash va nafaqa to‘lashning aniq mezonlarini (indikatorlarini) joriy etish, ijtimoiy yordam oluvchilarning yagona reyestrini shakllantirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Bu reyestrning afzalligi shundaki, soliq, ichki ishlar, kadastr, bank, sog‘liqni saqlash, pensiya, mehnat, kommunal va mahalla idoralari ma’lumotlari yagona bazaga birlashtiriladi. Natijada hujjatlarni yig‘ishga ketadigan vaqt hozirgi bir necha kundan bir necha soatga qisqaradi, fuqarolar bitta idoraga murojaat qilish bilan barcha masalalarni hal eta oladi.

Ijtimoiy himoya faqat nafaqa to‘lash bilan kifoyalanmasdan, balki muhtojlarning “oyoqqa turishi”ga ko‘maklashishi lozimligi ta’kidlandi. Misol uchun, nogironligi bo‘lgan shaxslarga tegishli mehnat sharoiti yaratib berish orqali ularning 80 foizini foydali mehnatga jalb qilish mumkin.

Sog‘liqni saqlash vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga nogironlik guruhlari bo‘yicha kasblar klassifikatorini qayta ko‘rib chiqish, ularning ishlashiga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Mehribonlik uylarida tarbiyalangan yoshlarning ijtimoiy moslashuvi, shu jumladan, ularni ish bilan ta’minlash bo‘yicha dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Ijtimoiy sug‘urta tizimini isloh qilish, shuningdek, uch darajali pensiya ta’minoti tizimiga o‘tish orqali pensiya badalini to‘lashdan manfaatdorlikni oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Bunda, birinchi darajada davlat minimal pensiya miqdorini belgilaydi. Ikkinchi darajada xodimning ish haqidan muayyan summa ushlanib, uning shaxsiy hisob-varag‘ida to‘planadi va Markaziy bank qayta moliyalashtirish stavkasidan kam bo‘lmagan foiz hisoblab boriladi. Uchinchi darajada xodim pensiya jamg‘armasiga ajratiladigan mablag‘ miqdorini o‘zi belgilaydi.

Bu tizim qo‘llanilsa, fuqaro kafolatli davlat pensiyasini olish bilan birga o‘z xohishiga qarab, pensiya yoshida qancha pensiya olishini o‘zi belgilash imkoniga ega bo‘ladi.

Shu bois Moliya vazirligiga Jahon banki va nufuzli moliya tashkilotlari ekspertlari bilan hamkorlikda pensiya tizimini isloh qilish konsepsiyasini ishlab chiqish, shuningdek, ijtimoiy sug‘urta turlarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Davlatimiz rahbari hozirgi tizimni “shok terapiyasi” usulida isloh qilish aholining har xil qatlamiga turlicha ta’sir etishini alohida ta’kidlab, mutasaddilarga 2030 yilgacha aholini ijtimoiy muhofaza qilish strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Buning uchun 2020 yil birinchi yarmi yakunigacha aholini ijtimoiy muhofaza qilish bo‘yicha yangi tizimni har bir hududda eksperimentdan o‘tkazish vazifasi qo‘yildi.

Yolg‘iz keksalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, yashash joyi bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazlari faoliyatini takomillashtirish masalalariga ham e’tibor qaratildi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar