Asia Alliance Bank yapon shirkatiga sotiladi

Asia Alliance Bank yapon shirkatiga sotiladi

Asia Alliance Bank'ning nazorat paketini Yaponiyaning Sawada Holdings shirkatiga sotish rejalashtirilmoqda. Bu haqda prezident qaroriga tayanib, Spot nashri xabar bermoqda.

Bu O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 17-20 dekabr kunlari Yaponiyaga qilgan tashrifidan so‘ng amalga oshirildi. Safar so‘ngida qator shartnomalar imzolandi va investitsion loyiha rejasi ishlab chiqildi.

Bu borada 48 ta loyiha prezident qarori bilan tasdiqlandi. Ular orasida AAB'ni Yaponiyaning Sawada Holdings shirkatiga sotish ham bor.

Bitim qiymati $32 million (Markaziy Bankning joriy kursi bo‘yicha 304.3 mlrd so‘m)ga baholanmoqda. Kerakli hujjatlarni tayyorlash aprelga, savdoning o‘zi esa mayga mo‘ljallangan. Bunga javobgar shaxs qilib Davlat aktivlarini boshqarish agentligi rahbari Sunnatulla Bekenov tayinlangan.

Asia Alliance Bank 2009 yilda tashkil etilgan. 2018 yilda aktivlari davlat hisobiga o‘tkazilgan. 2019 yil aprel oyida bankning 25 foizini xorijiy investorlarga sotish tasdiqlandi. Yana 10 foizini IPO orqali sotish rejalashtirilgan.

Sawada Holdings Co. Ltd. - 1958 yilda tashkil etilgan moliyaviy korporatsiya. U qimmatli qog‘ozlar bozorida ishlaydi, bank va boshqa moliyaviy faoliyatlar bilan shug‘ullanadi.

Shirkat Markaziy Osiyo bozori uchun begona emas. 2017 yilda u Qirg‘izistonning “Qirg‘izkommersbank”dagi ulushini 52,9%ga oshirgan. Bundan tashqari u Mo‘g‘ulistonning eng yirik "Xon banki" nazorat paketiga va Rossiyadagi "Solid banki"ning katta ulushiga egalik qiladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar