Gender tengligi kompaniyalarning 70 foizida biznes ko‘rsatkichlarining yaxshilanishiga xizmat qilmoqda, biroq uni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar qisqarmoqda (International Labour Organization)
Xalqaro mehnat tashkilotining (XMT) «Biznes va boshqaruvda ayollar» nomli tadqiqotiga ko‘ra, kompaniyalarning 70 foizi gender tengligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar natijasida biznes ko‘rsatkichlari yaxshilanganini qayd etgan. Shu bilan birga, bunday dasturlarni joriy etayotgan korxonalar ulushi 2018 yildagi 37,4 foizdan 2025 yilda 26,5 foizga kamaygan.
99 ta mamlakatdagi 12 mingta kompaniyani qamrab olgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, dunyo bo‘yicha rahbarlik lavozimlarida ishlayotgan ayollar ulushi 2000–2025 yillarda 24,5 foizdan 30,5 foizga oshgan. Shuningdek, direktorlar kengashiga ayollar raislik qiladigan kompaniyalar ulushi 2013–2025 yillarda 13 foizdan 31 foizga yetib, ikki baravardan ziyod ko‘paygan.
Braziliya COP30 yakunlarini sarhisob qilib, COP31 arafasida o‘z harakatlar rejasini taqdim etdi (Reuters)
Braziliya BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha COP30 konferensiyasiga raisligini yakunlab, yo‘l xaritalarini taqdim etdi (navbatdagi COP31 konferensiyasi 9 noyabr kuni Turkiyada bo‘lib o‘tadi). Rejada 2028 yilga qadar energetik o‘tish bo‘yicha milliy strategiyalarni ishlab chiqish hamda 2031–2033 yillarda qazilma yoqilg‘i turlarini muqobil energiya manbalari bilan almashtirish nazarda tutilgan.
2025 yilda jahon bo‘yicha qayta tiklanuvchi energiya manbalarining umumiy o‘rnatilgan quvvati 692 GVtga oshib, 5 149 GVtga yetgan. Biroq ushbu o‘sish asosan energiyaga bo‘lgan qo‘shimcha talabni qoplamoqda, qazilma yoqilg‘ilar o‘rnini esa bosmayapti.
O‘rmonlarni muhofaza qilish uchun ajratiladigan yillik moliyalashtirish hajmini 2030 yilga qadar 84,5 mlrd dollardan 300 mlrd dollarga oshirish taklif etilmoqda.
Jahon oltin kengashi investitsion talab bo‘yicha prognozini pasaytirib, markaziy banklarning oltin xaridlari bo‘yicha bahosini oshirdi (World Gold Council)
Jahon oltin kengashining (WGC) «2026 yil III choragida oltinga bo‘lgan jahon talabi tendensiyalari» nomli hisobotiga ko‘ra, 2026 yilda oltinga investitsion talabning o‘sishi bo‘yicha prognoz ikki baravarga, 400 tonnadan 200 tonnaga pasaytirilgan.
III chorakda investitsion talab o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 14 foizga kamayib, 479 tonnani tashkil etgan. Oltin quymalari va tangalari xaridi 19 foizga qisqarib, 268 tonnaga tushgan. Oltinga ixtisoslashgan birja investitsiya fondlariga (ETF) sof oltin kirimi 211 tonnani tashkil etgan.
Shu bilan birga, markaziy banklarning oltin xaridlari 42 foizga oshib, 321 tonnaga yetgan. Joriy yilning to‘qqiz oyida xaridlar hajmi 675 tonnani tashkil etgan. WGC prognoziga ko‘ra, yillik xaridlar 848 tonnaga yetishi va 2025 yil darajasida bo‘lishi kutilmoqda.
Zargarlik buyumlari ishlab chiqarish uchun oltin iste’moli 17 foizga kamayib, 313 tonnani tashkil etgan. Bu 2000 yildan buyon III chorak uchun qayd etilgan eng past ko‘rsatkich hisoblanadi.
Izoh qoldirish