Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan 2023 yil I chorak uchun “Banklar faollik indeksi” hisoblandi va ushbu indeksga asosan banklarning reytingi yangilandi. Mazkur indeks mamlakatimizdagi 29 ta tijorat banklari uchun, banklarning hajmiga qarab katta (17 ta) va kichik (12 ta) banklarga guruhlangan holda hisoblandi.
Indeksni hisoblashda 21 ta ko‘rsatkich bo‘yicha 7 ta yo‘nalish baholandi: moliyaviy vositachilik, moliyaviy ommaboplik, kapitalning yetarliligi, aktivlar sifati, boshqaruv samaradorligi, rentabellik va likvidlilik.
Tadqiqot har chorakda xususiy sektorning bank aktivlaridagi ulushi o‘zgarishini monitoring qilish, shuningdek, mamlakat bank sektoridagi islohotlar va transformatsiya jarayonlarining samaradorligini baholash maqsadida olib borilmoqda.
Banklarning asosiy ko‘rsatkichlari
2023 yil 1 mart holatiga ko‘ra respublika bank tizimi aktivlari 561,8 trln. so‘m, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 28,6 foizga o‘sgan, majburiyatlari 480 trln. so‘m (o‘sish 31,6%), kreditlar qoldig‘i — 398 trln. so‘m (21,5%) hamda depozitlar — 211 trln. so‘m (42%).
Bank tizimi aktivlarining 78%, kredit portfelining 82,5%, hamda depozitlarning 62,1% 11 ta davlat ulushi mavjud banklar hissasiga, qolgan qismi xususiy banklar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Shuningdek, kredit qo‘yilmalarining depozitlarga nisbati davlat banklarida 251 foizni, boshqa banklarda ushbu ko‘rsatkich 87 foizni tashkil qilgan.
Banklar rentabellik darajasida ham o‘sish kuzatildi. Foizli daromadlar 26,3 foizga, foizsiz daromadlar 59,6 foizga, sof foyda 53,4 foizga oshgan.
Jismoniy shaxslarning bank tizimidan foydalanishda faolligi oshgan. Kredit portfelining 26,5 foiz jismoniy (2022 yilning mos davrida – 21,7 foiz), 73,5 foiz yuridik shaxslar (78,3 foiz) hissasiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, depozitlar qoldig‘i salmog‘i, mos ravishda, 30 foiz (25,3 foiz) va 70 foiz (74,7 foiz)ni tashkil qilgan.
Muammoli kreditlarning salmog‘i kamaygan. Hisobot davrida muammoli kreditlarning (90 kundan ortiq muddatga kechiktirilgan kreditlar, Non-performing loan – NPL) jami kreditlardagi ulushi o‘rtacha 3,8 foizni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 foiz bandga pasaygan.
Banklar faoliyatiga oid murojaatlarni tahlil qilish
Tadqiqot davomida 2023 yil I choragi davomida Xalq qabulxonasiga kelib tushgan fuqarolarning murojaatlari o‘rganildi. Xususan, banklar faoliyati bo‘yicha qariyb 8 mingta murojaat kelib tushgan.
Murojaatlarning eng katta qismi, ya’ni 29%dan ortig‘i «Xalq banki», 15,1% «Agrobank», 6,3% «Mikrokreditbank» va 2,9% «Ipoteka bank» faoliyati bilan bog‘liq.
2023 yilning 1-choragidagi yirik banklar faoliyati reytingi
Yirik banklar reytingida «Kapital bank» yetakchilikni saqlab qolgan bo‘lsa, «Aziya Alyans» bank 1 pog‘onaga ko‘tarilib, reytingning 3 pog‘onasiga tushgan «Hamkor bank» bilan o‘rin almashdi.
«Trast bank» ketma-ket uchinchi chorak uchun reytingda o‘z mavqeini yo‘qotmoqda. Ushbu bank yana 1 pog‘onaga pastladi va 5-o‘rinni egallab, «Ipak yo‘li bank»ka o‘z o‘rnini bo‘shatib berdi. Shu bilan birga, «Ipoteka bank» va «Milliy bank» 2 pog‘onaga, «Xalq bank», «Oriyent Finans bank» va «Asaka Bank» 1 pog‘onaga ko‘tarilgan bo‘lsa, «Invest Finans bank» va «Agrobank» bir yo‘la 3 pog‘onaga, «Turon Bank» 1 pog‘onaga pastlagan, qolgan banklar o‘z o‘rinlarini saqlab qolishgan.
Davlat ulushi mavjud yirik banklardan faqat «Agrobank» va «Turon bank» pastladi va mutanosib ravishda 14-o‘rinni hamda 17-o‘rinni egalladi.
Shu bilan birga «Agrobank» mazkur chorakda faqat kapital yetarlilik va likvidlilik ko‘rsatkichi bo‘yicha pastlagan bo‘lsa, «Turon bank» daromad olish salohiyati ko‘rsatkichi sezilarli pasaygan.
Davlat ulushi mavjud yirik banklardan «Ipoteka bank» 2 pog‘onaga ko‘tarilib, 7-o‘rinni egalladi. Bank mazkur chorakda aktivlari sifati ko‘rsatkichi bo‘yicha pastlagan bo‘lsa, kapital yetarliligi, likvidlilik hamda boshqaruv samaradorligi ko‘rsatkichlari o‘sgan. Biroq, Moliya vazirligidan olingan depozitlar va kreditlar miqdorini o‘z majburiyatlariga nisbati yuqoriligicha qolmoqda.
2023 yilning 1-choragi uchun kichik banklar faoliyati reytingi
Kichik banklar reytingida «Davr bank», «Universal bank» va «Ziraat bank» yetakchi o‘rinlarni saqlab qolgan bo‘lsa, «Tibisi bank» 2 pog‘onaga ko‘tarilib 4-o‘rinni egallagan
«Tibisi bank» kapital yetarliligi bo‘yicha ko‘rsatkichi sezilarli pasaygan bo‘lsada, daromad olish salohiyati hamda boshqaruv samaradorligi ko‘rsatkichlarining yaxshilanishi reytingdagi o‘rni ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi.
«Tenge bank», «Anor bank», «Poytaxt bank» va «O‘zagroeksport bank» 1 pog‘onaga pasaydi. Shu bilan bir vaqtda, «Madad invest bank» va «Garant bank» 1 pog‘onadan ko‘tarildi.
«Ravnaq bank» va «O‘zKDB» bank o‘tgan davrga nisbatan o‘z mavqelarini saqlab qoldilar.
To‘liq hisobot, metodologiya va tadqiqot haqidagi batafsil ma’lumotni Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markaziga murojaat qilish orqali olishingiz mumkin.
Bank-moliya sohasi va kapital bozori faoliyatini o‘rganish sektori | tel: (78) 150 02 02 (441)
OAV va jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi |tel: (78) 150 02 02 (417)
Izoh qoldirish