Baxt va hayotdan qoniqish orasidagi farq – “Baxtga intilish dunyodagi barcha odamlarning umumiy tuyg‘usi”

Baxt va hayotdan qoniqish orasidagi farq – “Baxtga intilish dunyodagi barcha odamlarning umumiy tuyg‘usi”

Insoniyatning asosiy maqsadi baxtdir. BMT Bosh Assambleyasining 2012 yil 28 iyun kuni qabul qilgan rezolyusiyasiga binoan sayyoramizdagi har bir insonning baxtga intilishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida har yili 20 mart kuni Xalqaro baxt kuni (International Day of Happiness) nishonlanadi.

Butan, Birlashgan Arab Amirliklari, Venesuela, Ekvador va Shotlandiyada Baxt vazirligi bor. “Baxtga intilish dunyodagi barcha odamlarning umumiy tuyg‘usi” degan fikrni Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’qulladi. Butan qirolligi taklif qilgan mazkur g‘oya BMT Bosh Assambleyasida xalqaro hamjamiyatga a’zo barcha 193 ta mamlakat tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Shu tariqa A/RES/66/281 raqamli rezolyusiya qabul qilindi. Hujjatda barcha mamlakatlarni har bir odamning farovonligini yaxshilashga chaqiriladi.

Bayramdan ko‘zlangan asosiy maqsad har bir inson baxtli bo‘lishga haqli ekanini ko‘rsatishdan iborat. Buning uchun faqat harakat, harakat va yana harakat zarur. Baxtli bo‘lish esa juda ham osondir.

Professor Shoiraxon Nurdinovaning tadqiqotlariga ko‘ra, baxt(iyorlik) keng qamrovli tushuncha bo‘lib, pozitiv psixologiya, sotsiologiya va iqtisodiyotda turlicha talqin qilinadi.

Veenhoven (1984) baxtni kishilarning o‘zining butun hayotidan mamnuniyati, deb tariflaydi. Ed Diener va boshqalar baxtni sub’yektiv farovonlikning tarkibiy qismi sifatida ta’riflaydi. Hayotdan qoniqish kengroq tushuncha sifatida tasniflanib, o‘z ichiga moddiy farovonlikni ham qamrab oladi.

Baxt esa ko‘proq kishilarning emotsional holati bilan baholanib, ijobiy hislarning ko‘pligi bilan izohlanadi. Ilmiy adabiyotda baxt, sub’yektiv farovonlik, hayot sifati kabi atamalarning bir-biriga sinonim sifatida ishlatilishi kuzatiladi. Lekin statistik ma’lumot va so‘rovnomalarda baxt va hayotdan qoniqish orasidagi farq kuzatiladi.

Baxtiyorlik o‘lchovlari

Baxtni o‘lchash bo‘yicha ilk qarashlar Bentamga tegishli bo‘lib, shaxsning iztirob va quvonchlari yig‘indisiga asoslangan qiymat sifatida ifoda etilgan.

Zamonaviy ilmiy adabiyotda baxtni o‘lchashda Baxtli Sayyora Indeksi, Yalpi Milliy Baxt Indeksi, Jahon Baxtiyorlik Hisoboti Indeksi kabi bir necha o‘lchovlar ishlatiladi.

Butan qiroli Jigme Singye Vanchuk tomonidan kiritilgan Yalpi Milliy Baxtiyorlik konsepsiyasi mamlakatlarni taqqoslashda yalpi milliy mahsulot emas, balki yalpi milliy baxtiyorlikning qiymatiga asoslanadi. Aholi jon boshiga YaIM qiymati 750 AQSh dollari bo‘lgan Butan baxtiyorlik tadqiqotlarida baxtli mamlakat sifatida e’tirof etiladi. Butanning Yalpi Milliy Baxtiyorlik indeksi (YaMBI) quyidagi to‘qqiz ko‘rsatkich asosida hisoblanadi: psixologik farovonlik, sog‘liqni saqlash, ta’lim, vaqtdan to‘g‘ri foydalanish, madaniy xilma-xillik va barqarorlik, oqilona boshqaruv, jamoat hayoti, ekologik xilma-xillik hamda turmush darajasi. Butan uchun 2015 yilgi YaMBI qiymati 0,756ga teng. 2010-2015 yillar davomida bu qiymat sezilarli darajada o‘zgardi: 1,7 foizga o‘sdi.

The Happy Planet Index (Baxtli sayyora indeksi) barcha uchun barqaror farovonlikning ahamiyatini o‘lchovchi indeks hisoblanadi. Jamiyatning uzoq, baxtli va barqaror hayot kechirishi uchun amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot beradi. Indeks quyidagi to‘rtta elementni birlashtirib, mamlakat aholisining uzoq va baxtli hayot kechirish uchun mavjud resurslardan qanchalik samarali foydalanayotganligini namoyish etadi:

Farovonlik: noldan o‘ngacha bo‘lgan darajada aholining hayotdan qoniqish darajasini aniqlash uchun Gellap so‘rovnomasi doirasida to‘plangan ma’lumotlarga asoslanadi.

O‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi: mamlakatda kutilayotgan o‘rtacha umr davomiyligi Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotlari asosida shakllangan.

Tengsizlik: mamlakatdagi o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi va farovonlik to‘g‘risidagi ma’lumotlarga asoslanib, aholi o‘rtasidagi tengsizlikni ifoda etadi. Natijalar tengsizligi foizda ifodalanadi.

Ekologik iz: Global ekologik iz tarmog‘i tomonidan tayyorlangan ma’lumotlarga asoslanib, mamlakat aholisining atrof-muhitga o‘rtacha ta’sirini ko‘rsatadi.

Indeksni hisoblashda quyidagi formuladan foydalaniladi:

1-jadval. Baxtli Sayyora Indeksi, 2016

Ushbu reytingda birinchi o‘rinni egallagan Kosta-Rikada uchun o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 79.1 yil, farovonlik 7.3, tengsizlik 15%, atrof-muhit omillari 2.8 ekanligi kuzatilgan va shunga muvofiq indeks 44.7 hisoblangan. O‘zbekiston uchun indeks 29.1 hisoblangan bo‘lib, mazkur reytingda 140 mamlakat orasida 51-o‘rinni egallagan.

Baxtiyorlik indeksi bo‘yicha 2012 yildan beri BMT ko‘magida e’lon qilib kelinayotgan yana bir hisobot Jahon Baxtiyorlik Hisobotidir (World Happiness Report 2020). Mazkur hisobotda mamlakatlarning baxtiyorlik darajasi bo‘yicha indekslar asosida reyting beriladi. Reyting tuzishda Gellap so‘rovnomasidan foydalaniladi. Ma’lumotlar YaIMning aholi jon boshiga ulushi, korrupsiya darajasi, ijtimoiy yordam, o‘rtacha hayot davomiyligi, tanlov erkinligi, saxiylik kabi kategoriyalar asosida to‘planadi.

Ushbu reytingda ilk o‘rinlarni Skandinaviya mamlakatlari, so‘nggi o‘rinlarda Afrika mamlakatlari va siyosiy nobarqaror Afg‘oniston egallagan. O‘zbekiston mazkur reytingda 153 mamlakat orasida 38-o‘rinni egallab, O‘rta Osiyo mamlakatlari orasida nisbatan yuqoriroq baxtiyorlik indeksiga ega ekanligi kuzatilmoqda (2-jadval).

Yevrobarometr tadqiqotlari 1972 yilda o‘z tadqiqotlarini boshlagan. Mazkur tadqiqot Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarni qamrab oladi. Tadqiqot so‘rovnomasi 4 o‘lchovli bo‘lib, “umuman olganda, hayotingizdan qoniqasizmi?” savoliga “juda mamnunman”, “o‘rtacha mamnunman”, “mamnun emasman” va “umuman mamnun emasman” kabi javoblar shaklida o‘lchanadi.

Baxt sub’yektiv xarakterga ega ekanligi bois uni o‘lchash bilan bog‘liq qarashlar o‘zgarib turadi, muhokamalar davom etadi.

O‘zbekistonda Baxtiyorlik Tadqiqotlari

O‘zbekistonda baxtiyorlik iqtisodiyoti yangi soha hisoblangani bois empirik tadqiqotlar soni nisbatan kam ekanligi kuzatiladi. Nurdinova & Adachay (2020) baxtiyorlik iqtisodiyoti haqida qisqa ma’lumot bergan bo‘lsa, Hiwatari (2019) O‘zbekistondagi ishonch va hayotdan qoniqish orasidagi bog‘liqlikni tahlil qilgan. Jahon Baxtiyorlik Hisobotining 2006-2019 yillari ma’lumotlari asosida O‘zbekiston uchun hisoblagan indeksda umumiy o‘sish sur’ati kuzatiladi. 2010 yilda mazkur indeks qiymati 5.09 bo‘lib, 2006-2019 yillar orasidagi eng past darajani ko‘rsatadi. 2017 yilda indeks 6.42 qiymat bilan eng yuqori darajani ko‘rsatadi.

1-shakl. O‘zbekistonda baxtiyorlik indeksi (2006-2019)

Manba: Jahon Baxtiyorlik Hisoboti, 2020

Dunyo baxtiyorlik ma’lumotlari bazasi Niderlandiyadagi Erazmus Universiteti qoshida tashkil etilgan ilmiy tadqiqot instituti tomonidan yuritiladi. Mazkur ma’lumotlar bazasi asoschisi Veenhoven va jamoasi tomonidan baxtiyorlik indeksi e’lon qilib boriladi. Bunda “Butun hayotingizni umumlashtirgan holda, siz bugungi kunda o‘z hayotingizdan qanchalik qoniqasiz yoki qoniqmaysiz?” savoliga olingan javoblar asosida indeks hisoblanadi. Javob hayotdan qoniqishni 10 va 11 o‘lchovda ifoda etadi.

Shuningdek, “Narvonning yuqori qismi siz uchun eng yaxshi hayotni, pastki qismi eng yomon hayotni ifoda etadi. Siz hozirgi paytda ushbu narvonning qayerida turibsiz?” shaklidagi savol-o‘lchovlardan foydalaniladi.

2018 yilda O‘zbekiston uchun hisoblangan o‘rtacha baxtiyorlik indeksi 6.2 ga teng, baxtli hayot davomiyligi 45,1 yilga teng.

2-shakl. O‘zbekistonda baxtiyorlik indeksi (2002-2018)

Manba: Dunyo baxt ma’lumotlar bazasi, 2020

Yuqoridagi ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, O‘zbekistonda o‘rtacha baxtiyorlik indeksi 2017 yilda nisbatan yuqori.

Tadqiqot Metodologiyasi

O‘zbekistonda hayotdan qoniqish va unga ta’sir etuvchi omillar orasidagi bog‘liqlikni tahlil qilishda “Dunyo Qadriyatlar So‘rovnomasi” ma’lumotlaridan foydalanildi. Bu so‘rovnoma 1981 yildan beri dunyoning 120dan ortiq mamlakatlaridan har besh yilda bir marta o‘tkaziladi. Tadqiqotda 2011 yilda to‘plangan ma’lumotlardan foydalanildi. 1,329 respondentdan to‘plangan ma’lumotlar asosida o‘rtacha baxtiyorlik/hayotdan qoniqish darajasi hisoblandi.

Tadqiqotda yosh, daromad, farzand soni, sog‘liq, oilaviy ahvoli, jinsi, ma’lumoti, ish bilan bandlik holatiga ko‘ra hayotdan qoniqish/baxt darajasi tahlil qilindi. Hayotdan qoniqish/tartiblangan qiymatga ega bo‘lib, 0-umuman hayotdan qoniqmagan va 10-hayotdan juda qoniqqanligini ifodalaydi. Baxt darajasi esa, umuman olganda hayotdan qoniqish va baxtiyorlik darajasi haqidagi so‘rovnomalarda respondentlarning o‘z-o‘zini holatini bildirish (self-report) orqali o‘lchanadi.

3-shakl. Jinsiyatga ko‘ra hayotdan qoniqish va baxtiyorlikning o‘rtacha qiymati

Respondentlarning yoshi to‘rt kategoriyaga ajratildi: 15-24 yosh oralig‘idagilar, 25-39 yosh oralig‘idagilar, 40-54 yosh oralig‘idagilar va 55 yoshdan kattalar. Yosh kategoriyasiga ko‘ra, hayotdan qoniqish va baxt darajasi tahlil qilindi. 15-24 yoshlilar eng baxtli va o‘rtacha hayotdan qoniqish darajasi yuqori deb topildi. 55 yoshdan kattalarning o‘rtacha baxtiyorlik darajasi eng past qiymatni ko‘rsatdi. Shuningdek, 40-54 yoshlilarning o‘rtacha hayotdan qoniqish darajasi 7,67 qiymat bilan eng past ko‘rsatkichni qo‘rsatdi. Ilmiy adabiyotlar yosh va baxtiyorlik/hayotdan qoniqish orasidagi bog‘liqlikni U shaklida ekanligini isbotlab, o‘rta yoshlarda insonlarning baxt darajasida pasayish kuzatilganligi ko‘rsatilgan.

Mehnat bozoridagi ishtirokiga ko‘ra hayotdan qoniqish va baxtning o‘rtacha qiymati solishtirilganda, mavsumiy ishda ishlayotgan va vaqtinchalik ish bilan band bo‘lganlar eng baxtsiz kategoriya ekanligi kuzatildi. Bu kategoriyaning doimiy daromadga ega emasligi, ertangi kun haqidagi qayg‘ulari baxtiyorlik darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatgani orqali izohlanadi. Hayotdan qoniqish darajasi 6.0 qiymat bilan eng past kshrsatkichi ham mavsumiy ish bilan band va boshqalarga to‘g‘ri keladi. Tadbirkor va o‘z biznesiga ega bo‘lgan respondentlarning baxtiyorlik darajasi 3.69 qiymat bilan eng yuqori ekanligi ko‘rildi. Tadbirkor va o‘z-o‘zini band qilgan respondentlarning baxtiyorligi qat’iy grafik asosida ishlamaslik, o‘zini-o‘zi boshqarish vakolati mavjudligi va boshqalarga nisbatan erkin mehnat sharoitiga ega ekanligi bilan izohlash mumkin.

Hayotdan qoniqish darajasi eng yuqori kategoriya talabalar ekanligi kuzatildi.

4-shakl. Mehnat bozoridagi ishtirokiga ko‘ra hayotdan qoniqish va baxtiyorlikning o‘rtacha qiymati

Xulosa va takliflar

O‘zbekiston bo‘yicha ilmiy adabiyot va xalqaro hisobotlardagi indekslar tahlil qilindi. Indekslar bo‘yicha mamlakatlar reytingi bir-biridan farq qilishi kuzatildi. Xususan, Jahon baxtiyorlik hisobotiga ko‘ra 38-o‘rinda bo‘lgan O‘zbekiston Baxtli Sayyora indeksiga ko‘ra 51–o‘rindadir. Bu farq baxtni o‘lchashdagi qiyinchiliklar hamda baxt omillarining bir shaxsdan/mamlakatdan boshqa shaxs/mamlakatga nisbatan o‘zgarishi natijasida kelib chiqadi. Shu nuqtai nazardan, o‘zbek jamiyatining milliy qadriyatlarini e’tiborga olgan holda, baxt va unga ta’sir qiluvchi omillarni chuqurroq o‘rganish tavsiya etiladi. Shu maqsadda O‘zbekistonda baxt/hayotdan qoniqishga ta’sir qiluvchi omillar baholandi. Natijalarga ko‘ra, erkaklar ayollarga nisbatan baxtliroq ekanligi kuzatildi. 24 yoshgacha bo‘lganlar yoki yoshlar O‘zbekistonda eng baxtli(hayotdan qoniqqan) kategoriya deb topildi. 55 dan kattalar baxtiyorlik darajasi eng past, 40-54 yoshdagilar eng past hayotdan qoniqishga ega ekanligi kuzatildi. Ma’lumot darajasiga ko‘ra, rasmiy ma’lumot ega bo‘lmaganlar eng yuqori baxtli kategoriya bo‘lsa, boshlang‘ich ma’lumotlilar eng baxtsiz kategoriya deb topildi. Hayotdan qoniqish darajasi bo‘yicha aks natijalar kuzatildi: o‘rtacha hayotdan qoniqish darajasi eng yuqori bo‘lgan kategoriya boshlang‘ich ma’lumotga ega, hayotdan qoniqish darajasi eng past bo‘lgan kategoriya rasmiy ma’lumot olmagan kategoriyadir. O‘zbekistonda oilalilar eng baxtli, rasman ajrashmagan, lekin alohida yashovchi kishilar eng baxtsiz kategoriya deb topildi. Hayotdan qoniqish darajasi eng yuqori bo‘lgan kategoriya turmush qurmaganlar bo‘lsa, eng past qiymatli kategoriya ajrashganlardir. Farzand soniga ko‘ra 7 nafar farzandli va farzandi bo‘lmagan respondentlarning hayotdan qoniqish darajasi yuqoriroq ekanligi kuzatildi. Farzandi bo‘lmagan respondentlarning aksariyati turmush qurmagan kishilarga to‘g‘ri keladi. Baxtiyorlik darajasi eng yuqori bo‘lgan kishilar sakkiz nafar farzandga ega. Besh nafar farzandlilarning hayotdan qoniqish darajasi nisbatan past ekanligi kuzatildi.Daromad va baxt/hayotdan qoniqish orasida ijobiy bog‘liqlik mavjud bo‘lib, daromadning ortishi hayotdan qoniqish darajasini ham orttirgan. Shuningdek, sog‘liq holatining yaxshilanishi baxt/hayotdan qoniqishga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kuzatildi. Mavsumiy va vaqtinchalik ish bilan band bo‘lganlar eng baxtsiz va hayotdan qoniqish darajasi eng past bo‘lgan kategoriya ekanligi kuzatildi. Tadbirkor va o‘z biznesiga ega bo‘lganlar eng baxtli, talabalar esa hayotdan qoniqish darajasi eng yuqori bo‘lgan kategoriyadirlar.

Shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilash hamda davlat organlari va tashkilotlarida ular bilan tizimli ishlashning yangi mexanizmini joriy qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonida nazarda tutilgan ustuvor vazifalarni amalga oshirish orqali baxtiyorlik indeksi bo‘yicha xalqaro reytinglarda O‘zbekistonning o‘rnini yaxshilash mumkin.

Kelgusidagi tadqiqotlar uchun mamlakat miqyosida hayotdan qoniqish bilan bog‘liq yillik so‘rovnomalarni yo‘lga qo‘yish orqali amalga oshirilayotgan islohotlarning fuqarolar hayotiga ta’sirini o‘lchash tavsiya etiladi. Hududlar bo‘yicha baxtiyorlik indeksini hisoblash orqali mamlakat baxtiyorlik xaritasini yaratish mumkin.

Ma’lumot o‘rnida shuni aytib ketish lozimki, World Happiness Report – dunyoning baxtli mamlakatlari reytingi e’lon qildi. O‘zbekiston 149 mamlakatni o‘z ichiga olgan mazkur reytingda 42-o‘ringa joylashdi. Finlyandiya reytingda to‘rtinchi bor yetakchilik qilmoqda.

Baxtli mamlakatlar yuqori o‘ntaligidan shuningdek, Daniya, Shveysariya, Islandiya, Niderlandiya, Norvegiya, Shvetsiya, Lyuksemburg, Yangi Zelandiya va Avstriya joy oldi. Qozog‘iston 45, Qirg‘iziston 67, Tojikiston 78, Turkmaniston 97-o‘ringa joylashdi.

Doktor Shoiraxon Nurdinova

Batafsil tahlil «Ekonomicheskoye obozreniye» jurnalining 2021yil №3 (255) – sonida chop etiladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar