Farg‘ona viloyatida 2022 yilda ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 21 960,3 mlrd. so‘mni tashkil etib, 2021 yilga nisbatan 14,5 %ga o‘sgan.
Hududlar kesimida tahlil qilinganda, Farg‘ona shahrining o‘tgan yilda viloyatda ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmidagi ulushi yuqori bo‘lib, 24,8%ni tashkil etdi. Qo‘qon va Marg‘ilon shahrida ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi mos ravishda 3 085,6 va 1 532,5 mlrd. so‘mni tashkil etdi. Viloyatda ko‘rsatilgan xizmatlarning eng past ulushi Yozyovon va So‘x tumanlariga to‘g‘ri kelib, mos ravishda 425,3 va 356,4 mlrd. so‘mni tashkil etdi.
2021 yilga nisbatan viloyatning barcha hududlarida xizmat ko‘rsatish sohasi bo‘yicha o‘sish ko‘rsatkichlariga erishilgan. Eng yuqori o‘sish sur’atlari Quvasoy shahri (15,3%), Oltiariq (15,3%) va Qo‘shtepa (15,0%) tumanlarida qayd etildi. Uchko‘prik tumanida 2021 yilga nisbatan xizmatlar hajmi 9,7%ga o‘sgan. Viloyatning shahar va qolgan tumanlarda xizmatlar hajmining 2021 yilga nisbatan o‘sish sur’atlari 13-15%ni tashkil etdi.
Farg‘ona viloyatida jon boshiga to‘g‘ri keladigan xizmatlar hajmi 5578,8 ming so‘mni tashkil etgan. Farg‘ona va Qo‘qon shahrida jon boshiga to‘g‘ri keladigan xizmatlar hajmi viloyatning o‘rtacha ko‘rsatkichidan mos ravishda 3,1 va 2,1 baravar yuqori ko‘rsatkichga erishgan. Beshariq va O‘zbekiston tumanlarida jon boshiga to‘g‘ri keladigan xizmatlar hajmi mos ravishda 3 163,4 va 2 710,9 ming so‘mni tashkil etgan.
2022 yilda viloyatda jami xizmatlar tarkibida savdo (30%), moliya (22%) va transport (18%) xizmatlarining ulushi yuqori bo‘lgan bo‘lsa, sog‘liqni saqlash (2%), ijara (2%) va boshqa xizmatlar (2%), me’morchilik, muhandislik izlanishlari, texnik sinovlar va tahlil sohasidagi xizmatlarining(1%) ulushi past bo‘lgan.
2021 yilga nisbatan viloyatda barcha xizmat turlari bo‘yicha o‘sish ko‘rsatkichi qayd etilgan. Eng yuqori o‘sish sur’atlari moliya (52,7%), ta’lim (24,5%) hamda axborot va aloqa (23,7%) xizmatlari sohalarida kuzatilgan. Ijara va lizing (0,6%) xizmatlarida esa 2021 yilga nisbatan sezilarli o‘sish kuzatilmagan.
Viloyat miqyosida jami tashilgan yuklar hajmi 55 968,5 ming tonnani tashkil qilib, 2021 yilga nisbatan 887,8 ming tonna kamaygan. O‘tgan yilda viloyat bo‘yicha tashilgan yo‘lovchilar soni esa 680 466,1 ming nafarni tashkil qilgan.
Izoh qoldirish