Namangan viloyatida 2022 yilda ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 14 722,6 mlrd. so‘mni tashkil etib, 2021 yilga nisbatan 16,6%ga o‘sgan. Qishloq joylarida ko‘rsatilgan bozor xizmatlarining jami xizmatlar hajmidagi ulushi 21%ni tashkil etgan.
2022 yilda viloyatda jami xizmatlar tarkibida savdo (33%), moliya (17%) va transport (17%) xizmatlarining ulushi yuqori bo‘lgan bo‘lsa, sog‘liqni saqlash (2%), ijara (2%) va me’morchilik, muhandislik izlanishlari, texnik sinovlar va tahlil sohasidagi xizmatlarining(1%) ulushi past bo‘lgan. Qishloq joylarida ko‘rsatilgan bozor xizmatlari iqtisodiy faoliyat turiga ko‘ra tahlil qilinganda, shaxsiy xizmat (30%) hamda kompyuter va maishiy tovarlarni ta’mirlash xizmati (29%) talabning yuqoriligi qayd etilgan. Aloqa va axborotlashtirish xizmati (1%) qishloq joylarida past ulushga ega ekanligi kuzatilgan.
2021 yilga nisbatan viloyatda barcha xizmat turlari bo‘yicha o‘sish ko‘rsatkichi qayd etilgan. Eng yuqori o‘sish sur’atlari axborot va aloqa (27,5%), ta’lim (26,7%) hamda bank va moliya (26,6%) xizmatlari sohalarida kuzatilgan.
Hududlar kesimida tahlil qilinganda, Namangan shahrining o‘tgan yilda viloyatda ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmidagi ulushi yuqori bo‘lib, 40%ni tashkil etdi. Shu jumladan, Davlatobod va Yangi Namangan tumanlarida ko‘rsatilgan xizmatlarning viloyat xizmatlar hajmidagi ulushi mos ravishda 8% va 7%ni tashkil etdi. Viloyatda ko‘rsatilgan xizmatlarning eng past ulushi Mingbuloq (4%) va Norin (4%) tumanlariga to‘g‘ri keladi.
Namangan viloyatida jon boshiga to‘g‘ri keladigan xizmatlar hajmi 4966,6 ming so‘mni tashkil etgan. Namangan shahrida jon boshiga to‘g‘ri keladigan xizmatlar hajmi viloyatning o‘rtacha ko‘rsatkichidan mos ravishda 1,8 baravar yuqori ko‘rsatkichga erishgan. Davlatobod va Yangi Namangan tumanlarida jon boshiga to‘g‘ri keladigan xizmatlar hajmi o‘rtacha ko‘rsatkichdan mos ravishda 1,5 va 1,4 baravar yuqori ekanligi qayd etilgan. Namanganliklarning bir yildagi o‘rtacha xarajatlarining asosiy qismi savdo (1650,6 ming so‘m), transport (844,9 ming so‘m), bank va moliya xizmatlari (834,1 ming so‘m) ga sarflanadi. Viloyatda bir kishi uchun yillik o‘rtacha sartarosh xizmatlari 205,8 ming so‘mni tashkil qiladi.
Viloyatda ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmining 34% yirik korxonalar va 18,2% kichik korxona va mikrofirmalar tomonidan amalga oshirilgan.
Viloyat miqyosida jami tashilgan yuklar hajmi 31 38,5 ming tonnani tashkil qilib, 2021 yilga nisbatan 5,0%ga ortgan. O‘tgan yilda viloyat bo‘yicha tashilgan yo‘lovchilar soni esa 449 741,5 ming nafarni tashkil qilgan.
Izoh qoldirish