Bayram munosabati bilan 14 ta mahkuma ayol ozodlikka chiqarildi, 2 nafar mahkumaning jazosi yengillashtirildi

Bayram munosabati bilan 14 ta mahkuma ayol ozodlikka chiqarildi, 2 nafar mahkumaning jazosi yengillashtirildi

Oliy sudda jazoni ijro etish muassasalarida og‘ir, o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etib, turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etilgan 16 nafar mahkuma ayolning kassatsiya tartibida bergan shikoyatlari ko‘rib chiqildi. Bu haqda O‘zA xabar qilmoqda.

Ta’kidlanishicha, Oliy sud raisining o‘rinbosari Ikrom Muslimov raisligida bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlislarida har bir ayolning kassatsiya tartibida bergan arizasi qonun doirasida batafsil o‘rganildi.

Mahkuma ayollar jazoning asosiy qismini o‘tagani, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi, jazoni o‘tash jarayonida o‘zining ijobiy jihatlarini namoyon etib, muassasa rahbariyatining tashakkurnomasini olgani e’tiborga olindi.

Xususan, sudda ishi ko‘rilgan Sh.Suvonova aslida 2025 yil 9 sentyabrda ozodlikka chiqishi kerak edi. U Tojikistondan giyohvandlik moddasini kontrabanda yo‘li orqali olib kelishga buyurtma berib, keltirilgan 9,6 kilogrammdan ziyod «opiy»ni xonadoni yerto‘lasiga yashirib qo‘ygan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirda esa ushbu holat fosh etilgan.

Jazoni ijro etish muassasasida bunday jinoyat sodir qilgan shaxslarga qilmishlarining oqibati tushuntirilib, zarur tarbiyaviy ishlar olib boriladi. Xatosidan to‘g‘ri xulosa chiqargan shaxslargina muddatidan oldin ozodlikka chiqarilishi uchun tavsiyalar berilgan.

Sud ajrimi bilan sodir etgan jinoyati uchun tayinlangan jazoning asosiy qismini o‘tagani, qilmishiga iqror va pushaymon bo‘lgani, yoshi hamda kafolat xatlari inobatga olinib, 14 nafar ayolning tayinlangan jazolari yengillashtirilib, jazodan ozod qilindi. Shuningdek, 2 nafar mahkuma ayolga tayinlangan jazolar yengillashtirildi.

«Shu ishlarni qilib, bu jinoyatga aralashib ketganimdan keyin oila a’zolarim mendan yuz o‘girishdi.

Ularning hech biri jinoyatchi emas, barchasi o‘qimishli edi. Shu ishni qilma, deyishganda qilmayapman, deb davom etaverdim. Natijada 8 ta akam mendan yuz o‘girdi», – deydi mahkuma ayollardan biri.

Tadbirda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova ishtirok etib, sudda ko‘rilgan ishlar bo‘yicha o‘z fikrini bildirdi. Bunday tadbirlar insonparvarlik namunasi ekanini e’tirof etdi.

«Bularning orasida qayta jinoyat sodir etganlar ham bor. Ular o‘z qilmishiga pushaymon bo‘lgani uchun ham jazodan ozod etilyapti. Jinoyat yo‘liga qayta kirmaslik uchun muassasada o‘rgangan hunarlari bo‘yicha ishlab, halol pul topishni o‘ziga asosiy maqsad qilib olishgan», – deydi Feruza Eshmatova.

Ozodlikka chiqarilgan ayollarning kelgusi hayoti, ularning ishga joylashishi, jamiyatda o‘z o‘rnini egallashi borasida ko‘maklashish uchun Ombudsman bu jarayonlarni monitoring qilib boradi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar