Belgilanmagan joylarga qattiq maishiy chiqindilarni tashlaganlik uchun jarimalar oshirildi

Belgilanmagan joylarga qattiq maishiy chiqindilarni tashlaganlik uchun jarimalar oshirildi

“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun Prezident tomonidan imzolandi.

Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining bir nechta kodeksi, qonun hamda Hukumat qarorlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Jumladan:

  • Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartishga ko‘ra, olovga ehtiyotsizlik bilan munosabatda bo‘lish natijasida ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish ko‘p miqdorda zarar yetkazilishiga yoki boshqacha og‘ir oqibatlarga olib kelish jinoyati uchun javobgarlikning jarima miqdori oshirildi;
  • Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan yoki o‘zlariga biriktirilgan hududlarda daraxtlarni muhofaza qilish va saqlashga doir qonunchilikda belgilangan choralarni ko‘rmagan mansabdor shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortiladi.

Bundan tashqari, belgilanmagan joylarga qattiq maishiy chiqindilarni va qurilish chiqindilarini tashlash, shuningdek suyuq maishiy chiqindilarni to‘kkanlik uchun endilikda ma’muriy javobgarlik:

  • fuqarolarga – bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha (223 ming so‘mdan 669 ming so‘mgacha);
  • mansabdor shaxslarga esa 10 baravaridan 20 baravarigacha (2 mln 230 ming so‘mdan 4 mln 460 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi (ilgari bu miqdor fuqarolarga 111 500 so‘mdan 669 ming so‘mgacha, mansabdor shaxslarga esa 669 ming so‘mdan 1 mln 115 ming so‘mgacha edi).

“Arxiv ishi to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan o‘zgartishga ko‘ra, davlat arxivlari quyidagi toifalarga bo‘linadi:

  • milliy arxivlar;
  • markaziy davlat arxivlari;
  • viloyat va tuman (shahar) davlat arxivlari;
  • tarmoq davlat arxivlari.

(Ilgari toifalarga bo‘lib ko‘rsatilmagan.)

Shuningdek, “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonun ilovasi 49-band bilan to‘ldirilib, faoliyatning ayrim turlarini Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan litsenziyalaganlik uchun to‘lanadigan davlat boji miqdorlari belgilandi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar