Birja savdolarida sement, suyultirilgan gaz va shakar narxi pasaydi

Birja savdolarida sement, suyultirilgan gaz va shakar narxi pasaydi

O‘tgan hafta davomida, ya’ni 18 – 24 iyul kunlari "O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi" AJning barcha savdo platformalarida 2 408,7 mlrd so‘mlik tovarlar sotilgan bo‘lib, bu avvalgi haftaga nisbatan 18,5% ga ko‘p, deb xabar bermoqda “O‘zRTXB” AJ matbuot xizmati.

Bunda sotuvlarning 81,0% - birja savdolari, 18,5% - elektron davlat xaridlari, 0,2% - ko‘rgazma-yarmarka savdolari va 0,3% - avtoraqamlarning onlayn-auksioniga to‘g‘ri keldi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlari ishtirokida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 648,5 mlrd so‘mni tashkil qildi. Davlat xaridlari tizimlarida o‘tkazilgan elektron savdolar natijasida byudjet va korporativ buyurtmachilarining qariyb 72,8 mlrd so‘mlik mablag‘lari tejaldi.
Ko‘rib chiqilayotgan davr mobaynida onlayn auksion orqali 3 100 ta avtoraqamlar sotildi, sotilgan davlat raqam belgilarining umumiy summasi 8,0 mlrd so‘mni tashkil qildi. Raqobatli savdolar natijasida bitimlarning 3,7% birinchi toifadagi avtoraqamlarga, 7,4% ikkinchi, 8,1% uchinchi, 11,5% to‘rtinchi, 18,8% beshinchi va 50,5% oltinchi toifa avtoraqamlarga to‘g‘ri keldi.

Birja savdolari

Ko‘rib chiqilayotgan davrda ochiq birja savdolari orqali jami 1 950,1 mlrd so‘mlik tovar resurslari sotildi. Sotuvchi korxonalar mahsulotlarni tasdiqlangan jadvallarga rioya qilgan holda birja savdolariga qo‘yishdi, shu jumladan:

Sement

O‘tgan hafta mobaynida birja savdolariga 261,3 ming tonna sement qo‘yildi va ulardan 122,5 ming tonnasi, ya’ni 46,9% sotildi. O‘rtacha kunlik sotuv hajmlari 24,5 ming tonnani tashkil qildi.
Ko‘rib chiqilayotgan davrda sementning barcha markalari bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 593,3 ming so‘mdan 588,3 ming so‘mgacha pasaydi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 224 xaridor ishtirok etdi.

Suyultirilgan gaz

Birjaning suyultirilgan gaz bozorida narxlar pasayishi qayd etildi. Hafta davomida birja savdolariga 2 415,0 tonna suyultirilgan gaz qo‘yildi va ulardan 2 162,0 ming tonnasi, ya’ni 89,5% sotildi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 140 xaridor ishtirok etdi.
Ko‘rib chiqilayotgan davrda suyultirilgan gaz bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 7 519,5 ming so‘mdan 5 591,0 ming so‘mgacha, ya’ni 25,6%ga pasaygan.

Shakar

Birjaning shakar bozorida narxlar pasayishi qayd etildi. Hafta davomida birja savdolariga 10 000,0 tonna shakar qo‘yildi va ulardan 9 600,0 ming tonnasi, ya’ni 96% sotildi.
Ko‘rib chiqilayotgan davrda shakarning barcha kategoriyasi bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 13 399,2 ming so‘mdan 12 760,2 ming so‘mgacha, ya’ni 4,8%ga pasaygan.
Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar