O‘tgan hafta davomida, ya’ni 7 – 13 iyun kunlari "O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi" AJning barcha savdo platformalarida 1 822,9 mlrd so‘mlik tovarlar sotilgan bo‘lib, bu avvalgi haftaga nisbatan 1,6% ga ko‘pdir. Bunda:
- sotuvlarning 83,5% - birja savdolari;
- 4,4% - ko‘rgazma-yarmarka savdolari;
- 11,7% - elektron davlat xaridlari;
- 0,4% - avtoraqamlarning onlayn-auksioniga to‘g‘ri keldi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlari ishtirokida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 716,0 mlrd so‘mni tashkil qildi. Davlat xaridlari tizimlarida o‘tkazilgan elektron savdolar natijasida byudjet va korporativ buyurtmachilarining qariyb 33,9 mlrd so‘mlik mablag‘lari tejaldi.
Ko‘rib chiqilayotgan davr mobaynida onlayn auksion orqali 3 407 ta avtoraqamlar sotildi, sotilgan davlat raqam belgilarining umumiy summasi 7,8 mlrd so‘mni tashkil qildi. Raqobatli savdolar natijasida bitimlarning 8,0% birinchi toifadagi avtoraqamlarga; 14,5% ikkinchi; 11,2% uchinchi; 12,3% to‘rtinchi; 18,2% beshinchi va 35,7% oltinchi toifa avtoraqamlarga tegishlidir.
Birja savdolari
Ko‘rib chiqilayotgan davrda ochiq birja savdolari orqali jami 1 522,3 mlrd so‘mlik tovar resurslari sotildi. Sotuvchi korxonalar mahsulotlarni tasdiqlangan jadvallarga rioya qilgan holda birja savdolariga qo‘yishdi, shu jumladan:
Paxta yog‘i
O‘tgan haftada birja savdolariga 3 739,0 tonna paxta yog‘i qo‘yildi va undan 1 741,0 tonna paxta yog‘i yoki 46,6% hajmi sotildi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 146 ta xaridor ishtirok etdi.
Ko‘rib chiqilayotgan davrda barcha navli paxta yog‘ining kunlik o‘rtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 16 419,2 ming so‘mdan 16 075,4 ming so‘mgacha, ya’ni 2,1% ga pasaydi. Hafta yakunlariga ko‘ra 1-navli paxta yog‘ining haftalik kotirovkasi mahsulotni bir tonnasi uchun 18 213,0 ming so‘mni tashkil etdi.
Shakar
Birjaning shakar bozorida narxlar sezilmas darajada o‘sdi. Hafta davomida birja savdolariga 10 410,0 tonna shakar qo‘yildi va mahsulot 100% hajmda sotildi.
Ko‘rib chiqilayotgan davrda shakarning barcha kategoriyasi bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 7 399,6 ming so‘mdan 7 455,4 ming so‘mgacha, ya’ni 0,7% ga o‘sgan. O‘tkazilgan birja savdolari natijasida mahalliy shakarning 3-kategoriyasi bo‘yicha shakllangan o‘rtacha haftalik narxi mahsulotni bir tonnasi uchun 7 440,2 ming so‘mni tashkil etdi.
Sement
Birjaning sement bozorida ichki talabning o‘sishiga qaramasdan narxlar pasayishni davom etmoqda. O‘tgan hafta mobaynida birja savdolariga 255 267,0 tonna sement qo‘yildi va ulardan 180 139,0 tonnasi, ya’ni 70,6% sotildi. O‘rtacha kunlik sotuv hajmlari 36,0 ming tonnani tashkil qildi.
Ko‘rib chiqilayotgan davrda sementning barcha markalari bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 556,0 ming so‘mdan 540,9 ming so‘mgacha, ya’ni 2,7% ga pasaydi.
Benzin
O‘tgan haftada birja savdolariga 28 579,0 tonna AI-80 markali avtomobil benzini qo‘yildi va ulardan 21 097,9 tonnasi, ya’ni 73,8% sotildi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 57 xaridor ishtirok etdi.
Ko‘rib chiqilayotgan davrda AI-80 markali avtomobil benzinining boshlang‘ich narxi ko‘tarilganligi sababli uning o‘rtacha kunlik narxi ham mahsulotning bir tonnasi uchun 6 715,0 ming so‘mdan 6 860,3 ming so‘mgacha, ya’ni 2,2% ga ko‘tarilganini ta’kidlash lozim.
Ko‘rib chiqilayotgan davrda AI-80 rusumli avtomobil benzinning o‘rtacha haftalik kotirovkasi 6 830,9 ming so‘mni, AI-91 – 7 873,3 ming so‘mni tashkil etdi.
Eslatib o‘tamiz, turli manbalarda keltirishicha avtomobil benzinining bir tonnasi o‘rtacha 1293-1370 litrni tashkil qiladi.
Izoh qoldirish