O‘zbekiston hududlarida tadbirkorlik faolligi fevral oyida barqaror o‘smoqda – Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

O‘zbekiston hududlarida tadbirkorlik faolligi fevral oyida barqaror o‘smoqda – Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Soliq va Bojxona qo‘mitalari, Markaziy bank hamda Respublika tovar-xomashyo birjasining tezkor ma’lumotlariga ko‘ra, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekiston Respublikasi hududlarida tadbirkorlik faolligi bo‘yicha monitoring olib bormoqda.

Joriy yilning fevral oyi yakunlariga ko‘ra, soliq tushumlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 31,8 foizga o‘sib, barqaror ijobiy dinamikani namoyon etdi.

Soliq tushumlarining eng yuqori o‘sishi Navoiy, Sirdaryo, Xorazm, Qashqadaryo viloyatlari, shuningdek Toshkent shahrida qayd etildi. Ushbu hududlarda o‘sish sur’ati o‘rtacha 33 foizni tashkil qildi.

Bojxona to‘lovlari 22,7 foizga oshdi. Eng yuqori o‘sish sur’atlari Navoiy viloyatida 78 foiz va Namangan viloyatida esa 55,4 foizni tashkil etdi.

Farg‘ona va Samarqand viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Toshkent shahrida barqaror ijobiy o‘sish qayd etildi. Ushbu hududlarda tushumlar o‘rtacha 35 foizga oshdi.

Tashqi iqtisodiy ko‘rsatkichlar tahliliga ko‘ra, tovarlar eksporti 26,1 foizga o‘sdi. Eng yuqori o‘sish Samarqand viloyatida 95,5 foiz va Toshkent viloyatida 61,6 foizni tashkil etdi.

Shu bilan birga, kreditlash sohasida ham sezilarli o‘sish qayd etildi. Ko‘rib chiqilayotgan davrda tijorat banklari tomonidan ajratilgan kreditlar hajmi 4,8 foizga ko‘paydi. Eng yuqori o‘sish Samarqand viloyatida (+70,3%) kuzatildi. Buxoro, Namangan, Xorazm va Farg‘ona viloyatlarida esa kreditlash hajmi o‘rtacha 51 foizga o‘sdi.

O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasida amalga oshirilgan bitimlar hajmi 40,6 foizga oshdi. Mamlakatning aksariyat hududlarida birja faolligi o‘sgani qayd etildi. Ayniqsa, Xorazm viloyatida faollik 99,6 foizga oshdi. Shuningdek, Sirdaryo, Buxoro, Jizzax va Navoiy viloyatlarida ham sezilarli o‘sish kuzatilib, o‘rtacha 60 foizdan ziyodni tashkil etdi.

Sultonmurod Ozodov,

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar