O‘zbekiston Respublikasi hududlarida ishbilarmonlik faolligi tahlili har oyda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan tezkor ma’lumotlar asosida (respublikaning barcha sohalari bo‘yicha o‘tkazilgan monitoring, Davlat bojxona qo‘mitasi, DSQ, MB va O‘zRXTB) hisoblab chiqiladi.
Monitoring natijalari shuni ko‘rsatdiki, joriy yilning fevral oyida respublikaning soliq tushumlari hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 10,8%ga oshgan.
Shu bilan birga, soliq tushumlarining sezilarli o‘sishi Surxondaryo (20,8%), Sirdaryo (13,8%), Farg‘ona (10,0%), Xorazm (9,1%), Navoiy (2,8%), Namangan (1,8%) viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (16,8% ga) kuzatildi.
Soliq tushumlari manbalari bo‘yicha daromad solig‘i 23%ga, mol-mulk solig‘i 35%ga va yer solig‘i 44%ga oshdi.
Tahlil qilinayotgan davr uchun bojxona to‘lovlari bo‘yicha tushumlar 2023 yilning shu davriga nisbatan 17,5%ga oshdi. Bojxona tushumlarining eng yuqori o‘sishi Jizzax (206,5%), Qashqadaryo (127,0%), Sirdaryo (59,7%), Navoiy (53,0%), Xorazm (38,8%), Surxondaryo (27,3%), Buxoro (20,3%), Andijon (19,9%), Namangan (17,2%), Toshkent (15,3%), Farg‘ona (11,6%) viloyatlari va Toshkent shahrida (10,7%) qayd etildi.
Bojxona tushumlarining o‘sishi asosan mahsulot turlari bo‘yicha import hajmining o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 18,3ga oshgani, jumladan, transport uskunalari va uning butlovchi qismlari, metall va metall buyumlar, texnik jihozlar va elektrotexnika va uning tarkibiy qismlari bo‘yicha ta’minlandi.
Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil boshidan 29 fevralgacha tovarlarni eksport qilish hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 11,0%ga o‘sdi. Eksportning o‘sishi Navoiy (75,0%), Xorazm (36,3%), Qashqadaryo (29,5%), Samarqand (23,9%), Surxondaryo (17,0%), Namangan (11,5%), Buxoro (10,5%) viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi (26,6% ga) va Toshkent shahrida (12,7% ga) kuzatildi.
Joriy yilning 1 yanvaridan 29 fevraligacha bo‘lgan davrda tijorat banklari tomonidan berilgan kreditlar hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3,9%ga o‘sdi.
Kredit berish hajmining o‘sishi Navoiy (38,2%), Samarqand (17,2%), Qashqadaryo (5,6%) viloyatlarida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi (6,0%) va Toshkent shahrida (6,8%) qayd etildi.
Tahlil qilinayotgan davrda O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasida tuzilgan bitimlar hajmi 77,0%ga o‘sdi. Birja faoliyatida Jizzax (265,9%), Sirdaryo (238,4%) Xorazm (167,7%) viloyatlarida va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (219,7%) sezilarli o‘sish kuzatilmoqda.
Ushbu hududlarda tranzaksiyalar hajmining o‘sishi paxta tolasi, suyultirilgan gaz, avtomobil benzini, mineral o‘g‘itlar, qurilish va maishiy materiallar, bug‘doy uni, texnik urug‘lar, bug‘doy, rangli metallar, dizel yoqilg‘isi, shakar, qora metallar va polietilen kabi tovarlarni sotishni ko‘paytirish hisobiga ta’minlanmoqda.
Tahlil qilingan davrda 12 837 ta yangi tadbirkorlik sub’yekti tashkil etilib, ularning eng ko‘p soni Samarqand (1 235), Farg‘ona (1 118), Toshkent (1 046), Xorazm (886), Qashqadaryo (814) viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi (598) va Toshkent shahrida (2 890) ro‘yxatga olingan.
Sharofiddin Shamsiddinov
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Izoh qoldirish