Mamlakat iqtisodiyotining barqarorligi ko‘plab omillarga, iqtisodiy siyosat choralariga, shuningdek, mintaqadagi va umuman mamlakatdagi ishbilarmonlik faoliyati va u bilan bog‘liq iste’molchilar kayfiyatiga bog‘liq.
Bu borada, ayniqsa, koronavirus pandemiyasining O‘zbekistonda hamda butun dunyoda tarqalishi natijasida yuzaga kelgan inqiroz sharoitida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) ekspertlari har oy viloyat va tuman darajalarida tadbirkorlik faoliyati holati bo‘yicha oylik monitoringini amalga oshirmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi hududlarida ishbilarmonlik faoliyati tahlili har oyda Markazning tezkor ma’lumotlar asosida (respublikaning barcha sohalari bo‘yicha o‘tkazilgan monitoring, Davlat bojxona qo‘mitasi, DSQ, MB va O‘zRXTB) amalga oshiriladi.
Monitoring natijalari shuni ko‘rsatdiki, joriy yilning 1 fevralidan 28 fevraligacha bo‘lgan davrda soliq tushumlari hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8,2 foizga o‘sdi.
Shu bilan birga, soliq tushumlarining sezilarli darajada o‘sishi Qashqadaryo (38,3 foizga), Andijon (32,4 foizga), Buxoro (17,6 foizga) viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (9,0 foizga) kuzatildi.
Soliq tushumlarining o‘sishi pandemiyadan keyin ishbilarmonlik faoliyati tiklanganidan hamda aholi va biznesga soliq yukini oshirmasdan soliq yig‘ish ko‘payganligidan dalolat beradi.
Pandemiya tadbirkorlik sub’yektlarining moliyaviy-xo‘jalik faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat tomonidan ko‘rilgan chora-tadbirlar davlat byudjeti daromadlarini ta’minlash bilan bog‘liq noqulay vaziyatni oldini olishga yordam berdi.
Tahlil qilinayotgan davrda bojxona to‘lovlaridan tushumlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3,7 foizga oshdi.
Bojxona tushumlarining O‘zbekiston hududlari orasida eng katta o‘sishi Surxondaryo (83,2 foizga), Xorazm (47,1 foizga) va Farg‘ona (19,2 foizga) viloyatlarida qayd etildi.
Bugungi kunda O‘zbekiston dunyoning deyarli barcha davlatlari bilan savdo aloqalarini tikladi. Tashqi savdo aylanmasining eng katta hajmi Xitoy, Rossiya va Qozog‘iston bilan qayd etildi. O‘z navbatida, tashqi savdo faoliyatining o‘sishi va aholidan ichki talabning oshishi bojxona tushumlarini ko‘paytirishga imkon berdi.
Davlat bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yil boshidan buyon tovarlarni eksport qilish hajmi 11,3 foizga o‘sdi. Tovarlar eksporti hajmining o‘sishi Buxoro (71,2%), Surxondaryo (39,0%), Navoiy (34,9%), Xorazm (28,1%) viloyatlariga to‘g‘ri keldi.
O‘zbekiston eksportining an’anaviy mahsulotlariga tashqi talabning oshishi tovarlar eksportining bosqichma-bosqich o‘sishiga olib keldi, bu esa pandemiyaning o‘tkir bosqichidan keyin jahon iqtisodiyoti bosqichma-bosqich barqarorlashayotganidan dalolat beradi.
O‘tgan oy davomida tijorat banklari tomonidan berilgan kreditlar hajmi 46,5 foizga o‘sdi. Berilgan kreditlar hajmining eng katta o‘sishi Farg‘ona (2,3 barobar) Navoiy (97,9%) va Xorazm (95,8%) viloyatlarida va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (2,6 baravar) kuzatilmoqda.
O‘zbekistonda kredit berish hajmining o‘sishi respublika va hududlarda biznes tuzilmalari faolligining oshganligini izohlaydi.
Ushbu davrda respublikada 9508 ta yangi tadbirkorlik sub’yektlari tashkil etildi, ularning eng ko‘p soni Qashqadaryo (1030), Samarqand (888), Toshkent (768) viloyatlarida va Toshkent (1558) shahrida ro‘yxatdan o‘tgan.
Tahlil qilinayotgan davrda O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasidagi bitimlar hajmi 15,2 foizga o‘sdi.
Ushbu davrda respublikaning barcha hududlarida birja faolligining o‘sishi qayd etildi. Jumladan, Qashqadaryo (49,9 foizga), Namangan (48,2 foizga), Surxondaryo (44,6 foizga) va Toshkent (36,5 foizga) viloyatlarida sezilarli o‘sish kuzatilmoqda.
Ushbu hududlarda bitimlar hajmining o‘sishi paxta tolasi, benzin, paxta urug‘lari, dizel yoqilg‘isi, qurilish materiallari, sement mahsulotlari, shakar, o‘simlik moyi va poliyetilen kabi tovarlarni sotish hajmining oshishi bilan ta’minlandi. Bu yuridik shaxslar faoliyatining o‘sishi va natijada aholi daromadlarining bosqichma-bosqich o‘sib borishini ko‘rsatadi, bu esa o‘z navbatida iqtisodiy jarayonlar va biznes tuzilmalari faolligini rag‘batlantiradi.
Karantin cheklovlari bekor qilingandan so‘ng, O‘zbekistonda iqtisodiy faoliyatning bosqichma-bosqich tiklanishi kuzatildi. Bu, birinchi navbatda, hukumat tomonidan inqirozning keskin davrida iqtisodiyotning barcha sohalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar bilan bog‘liq bo‘lib, bu iqtisodiy o‘sishning ijobiy sur’atlarini saqlab qolish va mamlakatda ishbilarmon doiralarning ijobiy dinamikasini ta’minlash imkonini berdi.
Biznesning joriy xarajatlarini maksimal darajada kamaytirishga qaratilgan biznes va aholini qo‘llab-quvvatlash dasturlariga soliqlar, mol-mulk ijarasi, kreditlarni to‘lash bo‘yicha kechikishlar berildi, tekshiruvlarga moratoriy joriy etildi, imtiyozli kreditlar taqdim etildi, dasturlarni amalga oshirish eng ko‘p zarar ko‘rgan tarmoqlarni, shu jumladan, turizmni qo‘llab-quvvatlashni boshladi.
2021 yilda bosqichma-bosqich iqtisodiy tiklanishni har oy Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan o‘tkaziladigan O‘zbekistondagi ishbilarmonlik muhitining holatini baholash bo‘yicha korxonalar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalari ham tasdiqlaydi. Tadqiqot respublika bo‘ylab tadbirkorlar kayfiyatini aks ettiradi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Izoh qoldirish