Chinoz tumanidagi Eshonobod qishlog‘i mo‘’jaz shaharcha ko‘rinishiga ega bo‘ldi

Chinoz tumanidagi Eshonobod qishlog‘i mo‘’jaz shaharcha ko‘rinishiga ega bo‘ldi

Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Obod qishloq” dasturi natijasida yangi qiyofaga kirgan yuzlab mahalla va qishloqlar qatoridan endi Toshkent viloyati Chinoz tumanidagi Eshonobod qishlog‘i ham joy oldi.

Amalga oshirilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari tufayli bu yerda yashayotgan qariyb 3 ming nafardan ziyod aholi hayotida mo‘’jizaga teng o‘zgarishlar yuz berdi. Joriy yilda olib borilgan katta hajmdagi qurilish-ta’mirlash, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari tufayli “Eshonobod” bamisoli mo‘’jaz shaharcha ko‘rinishini oldi. Bu yerda barpo etilgan ko‘plab ijtimoiy soha ob’yektlari, zamonaviy uy-joylar yurtimizda yashayotgan barcha millat va elat vakillariga ko‘rsatilayotgan birdek e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi.

O‘zaro mehr-oqibat, hamjihatlik, totuvlik, bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlashga hissa qo‘shadigan yangi ob’yektlarni foydalanishga topshirishga bag‘ishlangan tadbirlar tom ma’nodagi do‘stlik bayramiga aylandi.

Davlat va jamoat tashkilotlari, milliy madaniy markazlar vakillari jam bo‘lgan ushbu tadbirlarda Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston Respublikalarining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchilari ham ishtirok etdi.

Qishloqning ismi jismiga mos Fayzobod ko‘chasida qad rostlagan zamonaviy mahalla markazi bilan tanishuv mehmonlarda katta qiziqish va taassurot uyg‘otdi. Markazda “Obod va xavfsiz mahalla”, “Mahalla raisi – islohotchi” tamoyillari asosida fuqarolar bilan ishlash, ijtimoiy muammolarni hal qilish bo‘yicha yangi tizimni samarali joriy etish uchun barcha imkoniyat yaratilgan. Binoda mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, uning o‘rinbosari va turli yo‘nalishlar bo‘yicha maslahatchilari, profilaktika inspektori o‘zaro uyg‘un va samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun barcha sharoit yaratilgan.

Shular qatorida mo‘’jaz kutubxona va mutolaa zali, tumandagi Xalq qabulxonasi, Davlat xizmatlari markazining shoxobchalari, 3-sektor shtabi, tibbiyot punkti, bank filiali kabi odamlarga xizmat qiladigan ob’yektlar tashkil etilgan. Mehmonlar sharoitlar bilan tanishar ekan, mamlakatimizda mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash, ikki institutni uyg‘un rivojlantirish borasidagi islohotlarning chekka bir qishloqdagi natijasiga yuqori baho berdi.

Qishloqda yangi barpo etilgan madaniyat saroyida mashg‘ulotlarni boshlab yuborgan eshonobodlik san’atsevar yoshlar mehmonlarni o‘zlarining ijod namunalari bilan kutib oldi. 200 o‘rinli mazkur madaniyat va san’at o‘chog‘i ko‘p millatli qishloq yoshlarining musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va san’at, kompyuter texnologiyalari bilan mashg‘ul bo‘lishi uchun nihoyatda katta imkoniyatdir.

Tadbir ishtirokchilari bu yerda beshta muhim tashabbus, “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida yaratilgan sharoitlar, turli to‘garaklar, qishloq ahli va yoshlar uchun yaratilgan boshqa imkoniyatlar bilan tanishdi. Aholi, ayniqsa, yoshlarning kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, dam olish sharoitlarini yaxshilash uchun “Kitobxonlar bog‘i”ning barpo qilinishi – qishloq hayotida katta voqelikdir.

Bu xiyobon – mamlakatimiz va jahondagi eng nodir me’moriy obidalarning ixcham maketlarini o‘zida mujassam etgan. Shu kuni xiyobondagi amfiteatrda baxshi-jirovlarning aytishuvlari ham bo‘lib o‘tdi. “Ahillik” ko‘chasidagi qurilgan o‘tov ichi va atrofida ham qishloqdagi ko‘p millatli aholining ahil-inoq, totuv-hamjihat hayotidan hikoya qiluvchi o‘ziga xos do‘stlik muhiti hukm surdi. Mehmonlar o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, tojik, rus va tatar millatlarining urf-odatlari, milliy taomlari, hunarmandlik va amaliy san’at namunalari bilan tanishdi.

Aholini, ayniqsa, xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash orqali ularning turmush farovonligini oshirish “Obod qishloq” dasturining bosh maqsadlaridan biri. Endilikda qishloqda yashovchi chevarlar zamonaviy tikuv korxonalarida mehnat qilib, ro‘zg‘origa baraka kiritmoqda. Olis bir hududda markazdagidan aslo qolishmaydigan korxona qurilgani, ikki smenada 500 nafar xotin-qiz tomonidan zamonaviy andozalar asosidagi kiyimlarni tikilayotgani, mahsulotlarni eksportga chiqarish ham boshlangani mehmonlar tomonidan e’tirof etildi. Ahamiyatlisi, shu yerda xotin-qizlarga tikish-bichish sir-asrorini o‘rgatuvchi 200 o‘rinli zamonaviy o‘quv markazi ham ish boshladi. Korxona oyiga 6 ming dona kiyim-kechak tayyorlash quvvatiga ega.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar